Avtor tarixiy romanni shunday tasavvur qilgan. Rostdan ham u tarixiy voqealarni chuqur mutolaa qilgan, romandagi yirik shaxslar va ular haqidagi tavsiflar, shahar ko‘rinishlari, qal’a, daryo, ibodatxonalar, diniy e’tiqodlar, kiyim-kechak, tashqi ko‘rinishlar, ma’lum xalqning kasb-hunarlari — hamma-hammasi tarixiy kitoblardan olingan. Hatto bularni sharhlashda o‘quvchi oldida mas’uliyat sezgan va uning shubhasidan hayiqqan Zaydon roman betlarida o‘zi tayangan manbalarni ham keltirgan. Shu tariqa roman sahifalarida mashhur sharq tarixchilaridan Mas’udiy, Yaqubiy, ibn Butata, ibn al-Asir, ibn Xallikon, al-Maqdisiy, Yoqut Hamaviy kabi nomlar va ularning asarlari uchraydi.
Zaydon bu romanni yozishdan oldin O‘rta Osiyo tarixini, geografiyasini birmuncha o‘rgangan ko‘rinadi. Lekin shunga qaramay, uning ba’zi ma’lumotlari roman voqeasidan keyingi davrlarga oid ma’lumotlardir. Hatto O‘rta Osiyo territoriyasini «Turkiston» deb atalishi ham keyingi asrlarga to‘g‘ri keladi. Zaydon Sirdaryoni «Farg‘ona tashqarisidagi Toshkent daryosi» deb oladi, bu yerdagi qadimiy turkiy xalqlar tilining qanday atalishini bilmay, uni chig‘atoy tili deb oladi. Vaholanki, Chig‘atoy nomi mo‘g‘ullar davrida (XIII) yuzaga kelgan, romandagi voqea esa to‘qqizinchi asrning birinchi yarmida yuz beradi. Bunga muallifning manbalardan kerakli ma’lumotlarni topa olmaganligi va bu o‘lkalarga sayohat qilmaganligi natijasi deb qarash mumkin. Shunga qaramay, Samarqand, Buxoro, Ushrusana, Toshkent, Farg‘ona, Ozarbayjon, Armaniston, Tabariston, Shom, Yunon, Antokiya, Latakiya, Konstantinopol kabi bir qancha shaharlar haqida ma’lumotlar beradiki, bu hol o‘quvchilarning ma’lumotini kengaytirishga xizmat qiladi.