Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu gapni agar Ali roziyallohu anhu haqida aytgan bo‘lsalar, Abu Bakr roziyallohu anhu bu martabaga Alidan ko‘ra loyiqroq va haqdorroqdir. Chunki Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu payg‘ambarlardan keyingi eng afzal insondirlar. Umar va Ali roziyallohu anhumolar biron kishini Abu Bakrdan afzal deb bilgan kimsaga tuhmatchiga beriladigan jazo qo‘llanadi, ya’ni, darra uriladi, deganlar.
Sahobalarning hayot yo‘llari, turmush tarzlari bilan yaqinroq tanishgan inson ularning nima sababdan bu darajalarga yetganini anglaydi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘larida ham, vafot etganlaridan keyin ham iymonga shoshilishdi — intilishdi, kofirlarga qarshi jihod qilishdi, dinni yoyib, Islom marosimlarini zohir etishdi, Alloh va Rasulining kalimasini oliy qilib, farz va sunnatlarini ta’lim berishdi. Agar ular bo‘lmaganida dinning asli-yu, tarmoqlari bizga yetib kelmagan, farzlaru sunnatlar, hadislaru xabarlardan birontasini bilmagan bo‘lardik.
Kimki sahobalarni yomon otliq qilsa yoki haqorat etsa, u dindan chiqib, islom millatidan yuz o‘girgan bo‘ladi. Chunki ularni yomon otliq qilgan kimsa o‘zini ularga teng deb bilgan, ularga nisbatan dilida kek saqlagan va Alloh taolo Kitobida ularni maqtab, suyib zikr qilgan martabalari, fazilatlarini inkor qilgan bo‘ladi. Zero, ular dinni yetkazishga, vositachilik qilishga eng munosib, eng haqli zotlar edilar (Alloh ulardan rozi bo‘lsin). Ularga ta’na qilish dinga ta’na qilish, ularni mensimaslik dinni mensimaslik bilan barobardir. Bu munofiqlik, kofirlik va dahriylikdan salomat bo‘lgan va ozgina fikr yuritgan har bir kishiga yaxshi ma’lumdir.