Tohir Malik. Shaytanat (ikkinchi kitob)  ( 265297 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 54 B


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:34:22

    Zelixon joyiga borib o‘tirdi. U Valyaga so‘zsiz bo‘ysunishi lozimligini bilardi. Valyaning atrofida albatta Xongireyning yigitlaridan borligi ham unga ma’lum. Hozir Valyaning «tanishingni birga ko‘ramiz», deyishi uning o‘jarligi emas, balki Xongirey ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishi edi. Xongirey «bir nafas ham yolg‘iz qoldirma», deganmi, demak, yolg‘iz qo‘ymaydi. Suyukli xotinday bo‘yniga osilib yuraveradi.
— Valya, cholg‘uvchilar tomonga qara, jingalak sochli odam o‘tiribdi.
Valya Zelixon ko‘rsatgan tomonga diqqat bilan tikildi.
— Osiyolikmi? Kavkazlikka o‘xshamaydi.
— Ha, osiyolik. O‘sha odam menga kerak. Nima uchun kerakligini senga uyga borgach aytaman. Ungacha sen uni... aylantirib ber. U bilan bu yerda gaplasha olmayman. Sen u bilan tanishib Suxumiga taklif qilsang yaxshi bo‘lardi.
— Nima uchun Suxumiga?
— Afon g‘origa olib kirish kerak uni.
— Keyin-chi?
— Keyin... har ehtimolga qarshi ikkita yigit ham kerak. Agar bu reja ma’qul kelmasa uyingga taklif qil.
— Mumkin emas.
— Unda Suxumi... Qo‘lingdan kelarmikin? — dedi Zelixon qitmirlik bilan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:35:27

    Bu gap Valyaga malol keldi. Stol ustidagi qutidan bitta sigaret olib, nozik barmoqlariga qistirdi-da, nozli yurish bilan Jamshid tomon yurdi.
    Zelixon undan ko‘z olmay har bir harakatini kuzatdi. Valya Jamshidga yaqinlashib nimadir dedi. So‘ng sigaretni labiga qistirib engashdi. Jamshid gugurt yoqdi. Valya jilmaydi. Nimadir dedi. Bo‘sh stulga o‘tirdi. Jamshid unga ichimlik quyib uzatdi. Valya oyoqlarini chalishtirib o‘tirdi. Keyin Jamshidning sochini silab qo‘ydi. Jamshid u bilan gaplasha turib atrofga alanglab oldi.
Cholg‘uvchilarning tanaffusi tugab, kuy yangradi. Bir yigit kelib, Valyani raqsga taklif qildi. Raqs tusha turib yigit Valyaning qulog‘iga nimadir dedi. Valya sergak tortib, Zelixon tomonga qaradi. Ko‘zlar bir soniyagina uchrashdi. Valya shu soniyadan foydalanib ko‘cha tomonni ishora qildi. Zelixon bu ishoraning ma’nisini tushunib, ofitsiant bilan hisob-kitobni pishitdi-da, tashqariga chiqib, chiroqdan panaroq yerda hamrohini kuta boshladi.
    Valya uzoq kuttirmadi. Restorandan chiqib, xuddi yolg‘iz ayolday, xuddi birov kutmayotganday hech qayoqqa alanglamasdan katta ko‘cha tomon yurib ketdi. Zelixon orqasidan birov chiqib qolarmikin, deb poyladi. Valya uzoqlashgach, uning izidan ketdi.
— Senga nima uchun kerak bo‘lib qoldi u odam? — deb so‘radi Valya, orqasidan yetib kelgan Zelixonni qo‘ltig‘iga kirib.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:39:06

— Oti nima ekan? — dedi Zelixon uning savolidan bo‘yin tovlab.
— Jora.
— Balki Jamshiddir?
— Balki Jamshiddir. Xo‘sh, nima uchun kerak?
— Seni raqsga taklif qilgan yigit kim? Xongireyning odamimi? U nima deb pichirladi?
— Xongireyning odami emas. Shu yerlik itbaliqlardan. Seni qiziqtirayotgan Jora ularning mehmoni ekan. «Unga tegmalaring», dedi. Xo‘sh, u nimaga kerak?
    Valya o‘jarlik bilan surishtirmasa ham Zelixon aytardi. Chunki aytganlari Xongireyning bu yerdagi noibiga yetib borishi kerak. Jamshid bilan uchrashuv ularning yordamisiz bo‘lmaydi. Shu sabablarga ko‘ra ham Zelixon Jamshidning tarixini qisqa qilib aytdi.
— Ularning ishlariga aralashib nima qilasan? O‘zingni o‘ylasang-chi! Sening ishing unikidan battarroq-ku?
— Men undan faqat bir-ikki gapni so‘rab olaman. U yoqda do‘stimning ahvoli chatoq bo‘lib qolishi mumkin. Chechen hech qachon do‘stini yarim yo‘lda qoldirib ketmagan. Ishonmasang, Xongireydan so‘ra.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:40:50

XV  b o b

1

    Tunning dardlari arimasdan tong ota boshladi.
    Oy botdi.
    O‘tli hasratlarning fig‘onlari mangulikning sukutiga g‘arq bo‘lib botsa edi.
Tong yorishib borardi. Ammo dil qorong‘uligicha qolaverardi. Har kun ahvol shu: dil qorong‘i, dil og‘riydi, ba’zan ko‘zyoshlari yomg‘ir kabi quyiladi. Ko‘zlarni yosh kuydiradi.
Yuragi qiyma-qiyma, chilparchin, alamdiyda Zaynab tongni shu zaylda kutib olib, kunni shu holatda uzatadi. Kech kirganda uning yolg‘izligi boshlanadi. Orom ko‘zlariga kela qolmaydi, tunning tushlari kipriklarini yuma qolmaydi.
    Kasalxonaning alohida xonasida, alohida e’tibor og‘ushida yotgan Zaynab yolg‘iz qolgan kezlari boshini qaysi toshga urib yorishni bilmay qiynaladi. Yolg‘iz qolgan damlarida uning uchun na quyosh, na nur, na hayot qo‘shig‘i bor. U daryodagi egasiz, yolg‘iz qayiqday mayoqsiz suzadi. O‘zicha vaqtni orqaga surib, hammasini boshqatdan boshlagisi keladi. Agar yuzidagi uyat pardasini sidirib tashlab, Jamshidda ko‘ngli borligini onasi orqali otasiga bildirsa, suygani bilan qovusharmidi? Axir ming-minglab odam aro ikkisi g‘oyibona ip bilan qattiq ulangani yolg‘onmi edi? Nahot otasi Jamshidni kuyov qilishni istamas edi? Bir necha og‘iz so‘z bilan taqdiri butunlay o‘zgarishi mumkin edi. Ana shunda otarchining qiyshiq panjalari badanini silamas edi. Har tun motam choyshabi yopilgan o‘rinda to‘lg‘onmas ham edi. Endi hech narsa yo‘q. Sevinchi kabi yongan u chiroq o‘chgan. Endi uning hayoti puch xayollar zindoniga berkilgan... Endi jonga halovatli xabar eshitmaydi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:41:56

    Zaynab o‘qigan, biladi: qadimda ovrupolik qiz-juvonlar bu dunyo hayotidan to‘yganlarida rohibalik ridosini egnilariga ilganlar. Bu dunyo huzur-halovatlaridan voz kechganlar. Zaynabga endi bu dunyoda qanday huzur-halovat qoldi? Kundoshi zaharidan ko‘z yumgan Kumushbibi undan ming chandon baxtli emasmi ekan? Dunyodan ketsa ham bir necha muddat suygani bilan qovushdi-ku? Murodiga yetdi-ku? Uning Otabegini o‘ldirmadilar, yoqmadilar-ku! Uning pokiza badaniga Homidning nopok barmoqlari tegmadi-ku?..
    Zaynab shu xildagi xayollarga cho‘ri bo‘lib o‘tirganida ba’zan onasi kelardi. Onasi bilan nimani gaplashsin? Onasining qo‘lidan nima keladi — yig‘lashmi? Onasi har kelganida «odamning taftini odam oladi, xonangda yotavermay, chiqib, tengqurlaringga qo‘shilib tur», deb tayinlaydi. Onasining aytganini qilib, ularga hamsuhbat bo‘lgan taqdirda qanday naf oladi? Kimning eri qanaqaligini biladimi, yo bozorda chillaki uzumning narxi qancha ekanidan xabar topadimi, yo mashhur qo‘shiqchi ayolning qancha o‘ynashi borligi haqida bahslashadimi?
    O‘tgan kuni shunday bo‘ldi. Onasini kuzatib qaytayotganida suhbatlashib o‘tirgan juvonlarni bosib o‘tib keta olmadi. Qorinlarini qappaytirib, yumshoq o‘rindiqlarda yalpayib, xunuk bir alpozda o‘tirgan juvonlardan biri «keling, ovsin», deb uni davraga chorladi. Suhbat mavzui o‘sha qo‘shiqchiyu uning o‘ynashlari edi. Zaynab bu gaplarga toqat qilolmay o‘rnidan turdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:43:09

— Ha, ovsin, gapimiz yoqmadimi? — dedi davraga taklif qilgan juvon.
— Ha, yoqmadi, — dedi Zaynab.
— Voy savil, biz eshitganlarimizni aytamiz-da.
— O‘sha qo‘shiqchi xonimning qo‘shmachisi sizlar bilgan narsalarning yarmini ham bilmasa kerak.
Juvon Zaynabning erini eslatib, chimchilab, uzib oladigan bir gap aytmoqchi bo‘ldi-yu, kim bilan aytishayotganini unutmay «voy savil», deb labini cho‘chchaytirish bilan kifoyalandi...
    Onasi «odam taftini odam olar» deb shularni nazarda tutgan. Agar Zaynabning yuragi kengroq bo‘lganida bunday bachkanaliklarga e’tibor bermagan bo‘lardi. Kengga keng dunyo, torga tor dunyo deganlariday, hozir uning ko‘ngliga hatto qil ham sig‘maydi.
    Zaynab bu yerga kelmasidan avval, shodon kezlari ham to‘planib olib, g‘iybat balchig‘ini titib o‘tiruvchi xotinlarni yoqtirmas edi. Ba’zan o‘qishdagi dugonalari ham shunday suhbatni boshlab qolishsa «o‘llaring, qari kampirlarga o‘xshamay», deb nari ketardi. Xotinlar davrasining bu darajada bema’ni bo‘lishini shu yerda aniqroq bildi.
    Bu kasalxonada unga dalda bera oluvchi, ko‘ngilga orom hadya etishga qodir birgina juvon — Mardona. Hamshira bo‘lib ishlovchi bu juvonning suyaklari yo‘g‘on, yurishlari qo‘polroq bo‘lsa ham, chiroyli ko‘zlari hamisha kulib turardi. Bir kuni shu Mardona emlashga kirib, hasrat dasturxonini yoydi. Sevgan yigiti aldab tashlab ketgani, undan bo‘lgan bolaning o‘lik tug‘ilgani, so‘ng erga tekkani, sakkiz yildan beri farzand ko‘rmayotganini aytib, yig‘ladi. Dardiga hamohang gaplarni eshitib, Zaynabning unga rahmi keldi. Shu-shu Mardona tez-tez kirib turadigan odat chiqardi. Kechki emlashni Mardona bajarganida Zaynab tiniqib, hatto rohatlanib uxlaydigan bo‘ldi. Buni u Mardonaning suhbatlari asablarimni tinchlantiryapti», deb o‘yladi. Onasiga ham shuni aytdi. Otasining kasalxonadan chiqarish haqidagi amrini eshitganida «unda uyga Mardona borib tursin, xo‘jayinlariga ayting», dedi.
    Mardona kim o‘zi, aytgan gaplari chinmi yo aldovmi, na Zaynab, na Manzura o‘ylab ko‘rdi.
    Qizlik paytida Shomilning qo‘liga tushganicha uning xizmatlarini beminnat bajarib kelishini ular qaydan bilsinlar?
    Asadbek ham shu masalada go‘llik qildi. Xotinining gapiga osonlik bilan ko‘na qoldi. Oradan oylar o‘tib bu go‘lligi uchun o‘zidan o‘zi nafratlandi.


Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:47:44

2

— Hofiz! Uydamisiz?
Elchin tanish ovozni eshitib, o‘rnidan irg‘ib turdi. Darvoza ostonasida ovoz bergan Chuvrindi javobni kutmay, o‘z uyiga kirayotganday bemalol qadam bosib kelardi.
Elchin shoshilganicha yengi kalta ko‘ylagini kiyib, unga peshvoz chiqdi.
— Uyquni pulga sotib olgansiz shekilli, a? — dedi Chuvrindi u bilan ko‘risha turib.
Elchin bu hazilga kulimsirab qo‘yib, uni ichkariga taklif qildi. Chuvrindi ichkariga kirishga unamadi.
— Oshiq Majnuningizning ishlari nima bo‘ldi, Laylisi bilan qovushdimi? — deb so‘radi u.
— Halimjonmi? — Elchin gap kim haqida ketayotganini fahmlasa ham, so‘rab olib, so‘ng javob berdi: — Laylisiga yetishibdi. Qizning otasi kelib fotiha beribdi. Shunga o‘zi ham hayron. Kelib rahmat aytuvdi, sizga bu omonatni yetkazishni unutibman. Ayb menda.
— Majnuningiz hayron bo‘lmasin. Laylisiga yetishgan bo‘lsa yaxshi-da. Endi uni menga ro‘para qiling. Gaplaringizga qaraganda durust yigitga o‘xshaydi. Balki xizmatga olarmiz. Yaxshi odamlar qanotimizda bo‘lishi kerak.
— Qachon uchrashtiray?
— Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi. Itning oldidagi suyakni olsangiz irillaydi, a? Siz Hosilning og‘zidagi laqqa go‘shtni tortib oldingiz. Majnun bola shuni unutmasin. Tinch yashayman, desa biz bilan birga bo‘lgani ma’qul. Nima deysiz?
Elchin yelka qisdi:
— Kim biladi, balki ma’quldir.
— Ma’qul! — dedi Chuvrindi keskin tarzda. So‘ng cho‘ntagidan mashina kaliti bilan hujjatini chiqarib, Elchinga uzatdi: — Bizdan sovg‘a.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:49:38

     Elchin darrov tushundi. «Bu nima, nima keragi bor edi...» deb o‘tirmadi. Kalitga bir oz tikilib qoldi. «Bizdan sovg‘a? Nima uchun «bizdan», nima uchun «Asadbekdan» emas? Bu nima, «qizim bilan avvalgiday yashaysan», deganimi? Busiz ham ajralish haqida biron ishora qilmovdim-ku? Bu darajada mehribonlik?..»
Uning kalitga tikilib qolganini rad etishga chog‘lanish, deb tushungan Chuvrindi izoh berdi:
— Aslida sovg‘a emas, qarzimiz bor edi.
— Qanaqa qarz?
— O‘shanda mashinangiz qarovsiz qolib, qarindoshlaringiz sotib yuborishgan edi. Chiqqaningizda o‘rnini to‘ldiramiz, deb niyat qilgandik. Sizga maslahatim— ortiqcha gap-so‘zni ko‘paytirmang.
— Gap-so‘zga o‘rin yo‘q, — Elchin qo‘lini uzatdi.
— Qoyilman, o‘g‘il bola! — Chuvrindi kalitni uning kaftiga tashlab, kiftiga ohista urib qo‘ydi-da, iziga qaytdi. Ostonaga yetganida to‘xtab, o‘girildi: — Bir soatdan keyin kasalxonaga boring. Kennoyim kutib turadilar. Zaynabga bugun ruxsat berishdi.
     Elchin bir kaftidagi kalitga, bir Chuvrindining orqasidan qarab joyida qotib turdi. «Savdo osonlik bilan pishdi. Bahoim yomon emas». Elchin ko‘cha tomon yurdi. Ko‘chaning narigi betida, daraxt soyasida kulrang «Volga»ni ko‘rdi-da: «Bahoim zo‘r-ku!» Durust, arzon-garov ketmabman», deb qo‘ydi.
    Elchinning mashinani osonlik bilan qabul qilganini ko‘rib Chuvrindi: «Kutgan ekan-da, mol-dunyoga ro‘para bo‘lganida har qanday mard ham mo‘m tishlab qoladi. Bek akam yetti qavat yer ostida ilon qimirlasa ham biladilar», deb o‘yladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:52:17

    Uning xulosasi xato edi. Elchin bunday sovg‘a kutmagan, hatto orzu ham qilmagan edi. Agar istasa, nari borsa yarim yilda o‘zi shunday mashina sotib olishi mumkin. Agar Zaynabda ko‘ngli yo‘qligini birovga aytganida ham bu «sovg‘a»ni (yoki «qarz»ni) o‘t qo‘yib yoqib yuborsa yoqib yuborardiki, zinhor-bazinhor qabul qilmasdi.
    Dastlab Zaynabga majburiyat orqasidan uylandim, deb o‘ylagan edi. Keyinroq bilsaki, Zaynab u o‘ylagan sal narsaga suyuladigan yoki kibrlanadigan qizlardan emas. Unga nisbatan asta-sekin mehr, boshqacharoq aytilsa, Noilaga bo‘lgan muhabbati martabasida bo‘lmasa-da, shunga yaqin darajada iliqlik uyg‘ona bordi. Shu iliqlik, garchi gumon uyg‘otgan bo‘lsa-da, Zaynabning xiyonat haqidagi gapiga ishontirmadi, undan yuz o‘girishga undamadi.
    Gumon ba’zan Zaynabning xiyonatiga ishontirmoqchi bo‘lardi, yurakni zabt etgan mehr esa bunga yo‘l qo‘ymasdi. Elchin Zaynabdan yuz o‘girgan taqdirda Asadbek tomonidan qanday «mukofot» tayin etilajagini ham fahm etardi. Lekin uning shu «mukofot» qo‘rquvida yashayapti, deyish haqiqatga mutlaq zid bo‘lur edi.
    Elchin faqat bir narsadan — Zaynab bilan yuzma-yuz qolishdan, xotinining o‘sha mash’um gapni yana qaytarishidan, ishontirishga harakat qilishidan cho‘chirdi. Elchin yaxshi biladi — Zaynabning unda ko‘ngli yo‘q. Lekin ko‘ngilsizlik hamisha xiyonatga boshlayvermaydi. Ko‘p hollarda ko‘ngilsizlik o‘ti sabr suvi bilan o‘chirilib turiladi. Elchin      Zaynabni shunday deb biladi. Agar Zaynab bir necha kechadan so‘ng suya boshlaganida, mehri jo‘sha boshlaganida uning tuyg‘ulariga ishonmagan bo‘lardi...
Mana hozir mashinaga o‘tiradi. Kasalxonaga boradi. Qaynonasiga duch keladi, so‘ng xotini chiqadi. Zaynab mashinani ko‘rgani hamon «sizni sotib olishibdi-da», degan ma’noda nafrat bilan qarab qo‘yar... So‘ng uyga kelishar... So‘ng qaynonasi ketar...

   

Qayd etilgan


AbdurRohman  31 Oktyabr 2007, 14:56:20

3

    Shunday bo‘ldi: mashinaga o‘tirdi. Bordi. Qaynonasi Zaynabni boshlab chiqdi. Zaynab ozib, yuzidan rang qochgan. Elchinning nazarida u xasta emas, balki yanada suluvlashganday tuyuldi.
Uyga qaytishgach, qaynonasi oshxonaga kirib ovqatga unnadi. Zaynab avval xobgohga kirib, kiyimini almashtirib chiqdi, so‘ng hammomga kirdi.
    Xuddi Elchin kabi Zaynab ham yolg‘iz qolishdan, eri bilan yuzma-yuz bo‘lishdan cho‘chiyotgan edi. Oshxonada esa Manzura noqulay ahvolda: bir ko‘ngli tezroq ketgisi keladi, harholda kuyovining ko‘zi oldida ivirsib yurishi ma’qul emas. Bir ko‘ngli qizini tashlab ketgisi kelmaydi. Zaynabi eri bilan yolg‘iz qolganda nima deydi? O‘sha gapini takrorlamaydimi? Elchin-chi? Nima deydi? O‘sha gapni yuziga solmaydimi?
    Manzuraning qo‘li ishda, xayoli esa ming turli tashvish ko‘chalariga kirib chiqadi. Savollar sel oqimiday bostirib keladi. Qani edi, loaqal bittasiga javob topa olsa...
Sabzi-piyozni qovurib, suv solgunicha Zaynab yuvinib chiqib, oshxonaga, onasining yoniga kirdi.
— Guruchni o‘zing solarsan, men boray, adang kutib o‘tirgandirlar, — dedi Manzura qiziga o‘tinch bilan boqib.
— Ovqatlanib borsangiz-chi? Adamga telefon qilib qo‘yaylik.
— Adangning fe’llarini bilasan-ku?

Qayd etilgan