Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167494 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:18:13

YO MUHAMMAD

Siz bashar farzandi, Abdulloh o‘g‘li,
Arab sahrosidek otashin, cho‘g‘li,
Payg‘ambar bo‘ldingiz, muzaffar tug‘li,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Alloh Rasuli, tengi yo‘q Inson,
Sizning yo‘lingizni yoritgay Qur’on,
Siz - Olam sarvari, Siz - nuri jahon,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Qiyomat ayyomi, Mahshar ayyomi,
Sizga nasib etsin Mahmud maqomi.
Mudom tilingizda ummatlar nomi,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Siz bilan olishdi mushriklar avval,
Bir nafas tinmadi jang ila jadal,
Rabbano qo‘lladi Sizni har mahal,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Sizning murodingiz hidoyat erur,
Sho‘rlik bandalarga inoyat erur,
Sizga ummat bo‘lmoq saodat erur,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Sizning ziyoratga kelmishdir jahon,
Siz bois Madina tun-kun charog‘on,
Quyosh ketmas bundan, oy boqar shodon,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Qabringiz qoshida turfa ummatlar,
Suvratlar boshqayu o‘zga Siyratlar,
Bari ham Allohdan kushoyish so‘rar,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Rahmdil Insonsiz, bag‘ri keng Rasul,
Barchaga yaxshilik tilaysiz nuqul,
Lekin kufr bilan kimlardir mashg‘ul
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Kimdir pok bo‘lgali ichadi qasam,
Lekin ichi qora, Shaytonga hamdam,
Ular Sizga faqat orttiradi g‘am,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Hazrat, so‘rang bizning gunohimizni,
Boshlang to‘g‘ri yo‘lga gumrohimizni.
Egamga yetkazing oh-vohimizni,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Dunyoda yaxshilar ko‘p hali, shukr,
Ular bor, yog‘ilar zamin uzra nur.
Ummatsiz yo‘q sizga halovat, huzur,
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Keldim ziyoratga, ozurda jonman,
Ranju balolardan to‘ygan Insonman.
Sizning poyingizda gardman, to‘zonman.
Assalomu alayka, yo Muhammad,
Assalomu alayka, yo Ahmad.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:18:22

TILANCHI BOLA

Ka’baning muqaddas namozgohida
Ming-minglab mo‘’minlar yukinmoqqa shay.
Saflar orasida gohi-gohida
Ko‘rinib qoladi bitta bolakay.

Kimdir uzatardi sadaqa - riyol,
Biroq ehsonga u qilmasdi ruju.
Qop-qora ko‘zida cheksiz mung, xayol,
Lablarida esa hazin, nim kulgu.

Jim boqar, ishlari go‘yo sarishta,
Faqat nigohida o‘tinch porlardi.
Mening nazarimda u bir farishta,
Mehru saxovatga unsiz chorlardi.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:18:31

ALLOH DARGOHI

Necha ming musulmon tunu kun bedor,
Ka’ba atrofini tinmay aylanar,
Barchasin murodi ilohiy diydor,
Sajdaga har biri har zum shaylanar.

Olam ummon bo‘lsa - girdobi shu joy
Olam osmon bo‘lsa - mehvari bunda.
Milyard martabali jahon, hoynahoy,
Kemadek qalqadi bitta to‘lqinda.

Yer uzra tariqday sochilgan inson,
Bir qushning oldiga kelib tizilmish
Abasdir bu joyda millat, irq, lison.
Zamin yo‘riqlari bunda buzilmish.

Bu joyning bor erur na Qorabog‘i,
Na O’zgan, na O’shu Farg‘onasi bor.
Allohning o‘zidir yolg‘iz charog‘i,
Charog‘ning hisobsiz parvonasi bor.

Hatto nafrat mushti bunda tugilgay,
Axir yagonadir bu yerda maqsad.
Sig‘insang - gunohing duv-duv to‘kilga
Iymonsiz bandaga yo‘q lekin shafqat.

Shunchalar mukammal Alloh dargohi,
Mag‘firat qil, deya dilni tig‘ladim.
Har yondan taralar mo‘minlar ohi,
To tongga qadarli yum-yum yig‘ladim.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:18:39

HASRAT

Qochgan ham, quvgan ham Allohim deydi
Qochgan ham, quvgan ham emasman, do‘stim.
Mening iztirobim shul Inson edi,
Insondan o‘zgani demasman, do‘stim.

Inson-chi, to hanuz yovuz va g‘addor,
Bir-birin tinimsiz tortadi chohga.
Bundayin qismatga ko‘nikmoq dushvor
Netay, hasratimni deyman Allohga.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:18:49

ONA

Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo‘llarin.
Onalar poyiga tiz cho‘k o‘shal on,
Tavof qil, ko‘zga surt, o‘pgin qo‘llarin.

Hojar onamizning nidosi sabab
Ka’bada ko‘z ochgan Obi Zam-zam ham.
Bir umr talpinmish onaga qarab,
Ne-ne payg‘ambarlar ko‘zlarida nam.

Qavmimni ranjitib qo‘ymayin, ammo
Tobut yasab kelgan er zoti doim.
Onalar bag‘riga faqat beshik jo,
Hayotbaxsh allalar aytgan, muloyim.

Sho‘rlik odamzodning tolei uchun
Eng avval onalar qilsin ibodat.
Zora, gunohlardan pok bo‘lgay ochun,
Onalar o‘tinchi topib ijobat.

Ka’ba qopqasida turgan, ey posbon,
Avval onalarning ochgin yo‘llarin.
Onalar poyiga tiz cho‘k o‘shal on,
Tavof qil, ko‘zga surt, o‘pgin qo‘llarin

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:18:59

AROFAT

Arofat tog‘ining etaklarida
Ko‘rdim qiyomatning alomatlarin.
Hamma bir xil libos - ehrom sarida,
Qaytadan varaqlar umr daftarin.

Yo‘qdir birov bilan birovning ishi,
Ayqash-uyqash bo‘lmish yer bilan osmon.
Har kimning ichida dardi, tashvishi,
Shukrona aytmasang osiysan shu on.

Majruh boladan to munkillagan chol,
Labbayka, Alloh, deb qilar iltijo.
Kimdir tashnalikdan ingraydi behol,
Kimningdir hayoti shul yerda ado.

Namoz vaqti kelar, tumonat muslim
Sajdaga egilar, ko‘zda jiqqa yosh.
Men ham safim bilan tiz cho‘kaman jim,
Balki men ham qayta ko‘tarmasman bosh...

Qiyomat nima deb so‘rama endi,
Uning bir sahnasin ko‘rsatdi Alloh.
Sho‘r dengiz tonggacha qaynadi, tindi,
Sinovdan o‘tganim rost bo‘lsin, valloh!

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:19:08

HAYOT HAQIQATI

Umrning yarmini o‘tdik amallab,
Qolgan yarmiga ham podshodir xudo.
Faqat ayriliqdan asragin, yo Rabb
Do‘stu yoronlardan qilmagin judo.

G‘animlar makrini o‘ylasang agar
Dunyodan yashamay ketgan yaxshiroq.
Ba’zan dil uyingni aylar munavvar
Yetti yot begona yoqqan bir chiroq.

Muhtoj bo‘lganingda silaydi boshing
O’zi muhtoj bo‘lgan tanti mardumlar.
O’lim tilaganda tirik safdoshing,
Hayotga qaytarar seni marhumlar.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:19:16

HOJILAR

Halollik Islomda eng oliy matlab,
To‘g‘rilik Muslimning asl gultoji.
Bir kuni o‘rtada Shayton oralab,
Hojining hamyonin urdi-ku hoji.

Qaysi bir o‘lkadan kelgan keksa chol,
Bor-yo‘q bisotidan bo‘ldi mosuvo.
Ne qilsin? Chorasiz tura berdi lol,
Dilida shukrona, tilida duo.

O’g‘ri hoji esa mamnun ishidan,
Tinmayin sajdaga egilar boshi.
Nobakor bandaning bu qilmishidan
Badtarroq qoraydi Ka’baning toshi!

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:19:24

* * *

Ehrom kiyib olgan ikki musulmon
Bir-birin so‘kishib choy talashardi.
Asli bilmasdilar, shu zum ikkovlon
Do‘zaxning tubidan joy talashardi.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:19:34

* * *
Kezib bu shaharni balki horgaysan
Va lekin Allohga diling yorgaysan.
Adasha-adasha Makkani topding,
Endi adashsang gar qayga borgaysan.

Qayd etilgan