2. HASAN HADIS
Hasan hadis - odil, sidq va omonatda mashhur, ammo qamrovda sahih talabi darajasiga ko‘tarilmagan roviy rivoyat qilgan, sanadi muttasil bo‘lib, tobi’iyndan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgacha yetib borgan, shuzuzdan va illatdan salomat bo‘lgan hadisdir.
Ko‘rinib turibdiki, sahih hadis bilan hasan hadis o‘rtasidagi farq faqatgina qamrov (zabt, ya’ni egallash, ishg‘ol etish) sahihda tugal, to‘liq, «hasan»da esa bir oz pastroq martabada bo‘lishidan iborat.
«Sunani Termiziy» hasan hadislarni aniqlashda asos-manba’dir. «Hasan» istilohini kashf etgan, hadislarni sahih, hasan va zaif tarzida uch qismga bo‘lgan zot Termiziyning o‘zidir. Undan avval muhaddislar zaifni ikki xil tarzda qabul qilishardi. Birinchisi - o‘sha hadis asosida amal qilinishi joiz bo‘lgan zaif hadis bo‘lib, bu Termiziy istilohida kelgan hasan hadisga o‘xshashdir. Ikkinchisi - tark etish vojib bo‘lgan, o‘ta zaif ma’nosida kelgan, «vahiy» (quloqqa shivirlangan so‘z) deb nomlangan hadis edi.
Muhaddislar, sahih bilan hasan o‘rtasida mushtarak bo‘lgan ba’zi lafzlarni zikr qilishgan. Maqbul va mo‘‘tabar hadis borasida qo‘llangan bu lafzlar: jayyid, mujavvad, qaviy, sobit, maxfuz, ma’ruf, solih va mustahzan singari so‘zlardir. Bularning ishlatilishida istilohiy ma’nodan ko‘ra lug‘aviy ma’nosi ko‘proq mulohaza qilinadi. Chunonchi, mujavvad bilan jayyid, sobit bilan qaviy so‘zlari bir-biri bilan qiyoslanganda bu lafzlar ta’birda farqli ma’noda qo‘llangani ravshan bo‘ladi.