Ibn Abu Avfo rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eshaklar go‘shtini yemoqdan qaytardilar».
Abu Sa’laba rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xonaki eshaklar go‘shtini harom, deb aytdilar».
Zuhriy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qoziq tishli barcha hayvonlar (sher, bo‘ri, tulki, ayiq, yo‘lbars, fil, maymun va boshqalar) go‘shtini yemoqdan qaytardilar».
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga bir kishi kelib: «Eshak go‘shti yedim»,— dedi, keyin yana bir kishi kelib: «Eshakni halok qildim (so‘ydim)»,— dedi. Shunda ul zot jarchiga buyurdilar, u odamlarga: «Darhaqiqat, Olloh taolo va uning rasuli sizlarni xonaki eshaklar go‘shtini yemoqdan qaytarur, chunki eshak go‘shti iflosdur!» — deb e’lon qildi. Keyin, ichida eshak go‘shti qaynab turgan qozonlar ag‘darib tashlandi».
Sufyon raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Amr bunday dedi: «Men Jobir ibn Zaydga: «Odamlarning ta’kidlashicha, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xonaki eshaklar go‘shtini yemoqdan qaytargan emishlar»,— deb aytdim. Jobir: «Hakam ibn Amr Basrada bizga shunday deb yurgan erdi, ammo bu gapni Bahr ibn Abbos tasdiqlamadi-da, «Menga nozil qilingan vahiyda ta’qiq topmadim, deb aytgil!» deb qiroat qildi».