Yorilgan harakat bayoni
Bir odam izladim...
izladim g`arib,
jufti yo`q burgutday xunuk qishladim.
Kezdim armon to`la bir jom qidirib,
malaklar yig`ladi,
itlar tishladi...
Umring uzoq bo`lsin,
ey daryojonim,
husningga hirs bilan nazar solmadim.
Zanjirlar tovshiga to`lganda yodim
o`zingdan o`zga bir dildor qolmadi.
Qolmadi bir ilinj,
ishonch qolmadi,
vahshiy daholarning makri bilindi.
It bazmi qizigan oysiz shomlardan
qizg`onib opqochdim daryo dilimni.
Bu chirkin og`izlar...
singan kallalar...
ig`vodan, bo`htondan osilgan tillar...
hirslar lashkarlari bosgan pallada
shohlarin bo`g`izlab tishlagan dillar.
Bu quyosh xo`rlangan...
bu oy zo`rlangan...
zarlari talangan bu sodda jabal.
Qon, aroq, peshobni emib to`ralgan
buvaklar bo`kirib yig`lagan mahal
yo xudo dedimu
nurlar o`ynagan
peshonam ilk bora tuproqqa tegdi,
yo xudo dedimu
erkin gullagan
daryodil samoga dilimni berdim.
Umring uzoq bo`lsin,
ey, daryojonim,
kechalar qa'rida bir gul yig`ladi,
yuzimga sachradi bir bulbul qoni.
ko`nglimga bu dunyo
nechuk sig`madi?!
Nechuk bag`ringdaman,
kimning ishqida?
Nechuk yolvoraman umringni tilab?
Ulkan jasadimni toshlar ichida
yuvarsan eng nozik qo`llaring bilan.
Aytgil, ey darojon,
bormidi zulm?
Tog`lar silsilasin buzvordi nola:
"Gullarning bargini emagan, gulim,
bulbullar qonini ichmagan, bolam".