— Mashoyixlar «Kuching yetar ekan, olovni shu on o‘chir, agar alanga olsa, jahonni kuydiradi. Dushmanani o‘q bilan urishga qodir ekansan, uning kamon kerishiga yo‘l qo‘yma», deganlar. Biz olovni o‘chirish kerak, deb va’z aytdig-u, o‘chirishga urinmadik. Kamonni dushman qo‘lidan olish lozim dedig-u, olib qo‘ymadik. Oqibatda jahon kuydi, kamondan tinmay o‘qlar otilyapti. Bu yerlardan eson-omon qutulsak ham yonib ado bo‘lgan jahannamga boramiz.
— Islomxon, siz shoirsiz. Shoirlar falsafaga moyil bo‘ladilar, — dedi Tolibjon jiddiy ohangda. — Ammo bu falsafangiz menga ma’qul emas. Bizni nishonga aylantirib, o‘z do‘stlarimiz qo‘liga kamon berdilar. Bu kamon otuvchilar hozir ozodlar, baxtiyorlar. Men to bu yerdan chiqqunimcha ularga omonlik tilayman. Siz ham tilang. Hammamiz tilaylik. Chiqib ularni sog‘-omon ko‘raylik. Men ularning makkor ko‘zlariga bir marta qarasam kifoya. Ularning ko‘zlarida bir martagina iztirob ko‘rsam yetarli.
Jahongir soddadillik bilan aytilgan bu gapni eshitib, kulimsiradi. Tolibjon bundan ranjidi.
— Nimaga kulyapsiz? Omon chiqishimizga ishonmayapmizmi? — dedi u.
— Rahmatli mudarrisim «Agar olam tig‘i qo‘zg‘olsa, Xudo xohlamasa, biror tomirni ham qirqa olmaydi», der edilar. Xudo xohlasa, eson-omon bundan qutulib chiqasizlar. Ammo... kamon otganlar ko‘zida iztirob ko‘raman, deyishingiz xomxayol, inim. Shahar darvozalarini yopib bo‘lar-u, ular og‘zini yopib bo‘lmas. Islomxon topib aytdilar: ular bulbul libosida hunar ko‘rsataveradilar.