— Ha, o'zim bilaman-da... Suv ichgani ketayotuvdim, oyim ko'rib qoldilar. Darrov dadamga qarab: «Jonginam», dedi. Dadam ham: «Sevgan yorim, asalim», deb javob berdilar. Ikkovlari janjallashib turishgan bo'lsa meni ko'rishlari bilan nuqul shunaqa deyishadi. Bir-birlariga shirin gap qilishmasa, mening tarbiyam buzilarkan. Boshqa paytlari bir-birlarining otini aytib chaqirishadi. Qani, yuringlar, tomosha qilamiz.
— Biz endi uyga chiqaylik. Hademay kinodan qay¬tib qolishadi, — dedim bunga ko'nmay. Nurtonning ota-onasi bilan xayrlashgani qo'shni xonaga chiqdik. Ammo shu yerdayoq pushaymon bo'ldim. Bilganimda buyoqqa kirmasdim. Endi vaqt o'tdi, orqaga qaytib bo'lmaydi.
Dastlab poldagi ko'zaga ko'zim tushdi. Chil-chil sinib yotibdi. Nurtonning oyisi yoqavayron, sochlari to'zg'igan. Dadasining esa yuz-ko'zi tirnalgan.
— Ko'zani supurib ol, azizim, — dedi Nurtonning dadasi muloyimlik bilan.
Oyisi orqasiga o'girilib qaragan edi, bizni ko'rdi. Keyin qiziga tanbeh berdi:
— Eshikni taqillatib kirgin, deb aytaman-ku senga. Namuncha quloqsiz bo'lmasang. — So'ng eridan so'radi: — Qahva olib kelaymi, jonginam?
— Mayli, azizim, mayli... Ammo juda shirin qilib yubormang, asalim.
Nurtonning dadasi o'tirgan joyda ayol kishining shippagi yotibdi.
— Oyi, Zaynab opamlar ketishmoqchi, — dedi Nurton.
— Yomon yiqilganga o'xshayman, haliyam og'riyapti, — dedi dadasi yuzini burishtirib.
Uyga chiqdik. Metin o'rniga kirib yotdi. Men xatga o'tirdim. Ana, dadamning yo'tali eshitildi. Kinodan qaytishibdi.
Xo'p, ko'rishguncha xayr. Sog' bo'l, Ahmad.
Zaynab Yolqir.