Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin  ( 289546 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 54 55 56 57 58 59 60 61 B


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:57:16

Mujgon ichkariga kirdi, shamni stolga qo‘yib, eshikni sekin yopdi, keyin gapini nimadan boshlashini bilmayotganday bir oz ikkilanib turgach, yurak dukurini bosishga harakat qilib, vazmin tovush bilan:
— Hovriqma, o‘zingni bos, Komron, — dedi. — Yomon xabar olib kelganim yo‘q, aksincha, yaxshi xabar. Lekin hayajoning shunday balandki...
Juvon uni bosishga harakat qila turib, o‘zi hovriqar, ko‘zlariga yosh chiqib, ovozi titrar edi.
— Komron, bir oz avval Farida mening hujramga kirdi. Rangida qon qolmapti, ahvoli allaqanday. "œMujgon, men shu mahalgacha qalbimni faqat sengagina ochib kelganman, — dedi. — Dunyoda sendan yaqinroq hech kimim yo‘q. Senga aytadigan yana bitta sirim bor, buni ertaga men ketgunimcha saqlaysan, keyin aytishing mumkin. Bilaman, qo‘qqisdan kelib qolganimni ko‘rib, hammanglar hayron bo‘ldinglar. Sizlarni shunchalik sog‘indimki, ortiq chidayolmadim, deb aytdim, to‘g‘ri aytdim. Lekin asosiy sabab bunda emas. Men bu yerga dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishim uch oy avval o‘lim to‘shagida yotganda unga bergan va’damni bajarish uchun kelganman. Mujgon, sizlarga yolg‘on aytishga majbur bo‘ldim. Men tulman, erim uch oy avval rak kasalidan vafot etdi".

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:57:28

Farida shu so‘zlarni aytib turib, boshini yelkamga qo‘ydi, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay, hiqillab, nafasi tiqilib turib gapirdi: "œDoktorim jon beradigan kuni meni oldiga chaqirib: "œFarida, endi muhtojlik chekmaysan, bunisidan qo‘rqmayman, chunki hamma narsam senga qoladi. Senday sodda, og‘ir bir xotinning umriga bahuzur yetib ortadi. Lekin meni boshqa narsa tashvishga soladi, Farida. Har qancha boy-badavlat bo‘lganda ham, kimsasiz xotinning yolg‘iz yashashi qi-   yin bo‘ladi. Innaykeyin, pul boshqa-yu, shafqat boshqa. Farida, meni go‘rimda tinch yotsin desang, va’da ber: o‘lganimdan keyin Istambulga, qarindosh-urug‘laring oldiga borasan. Basharti, ular oldida butunlay qolging kelmaganda ham, harholda, ikki-uch oy borib tur. Dunyo bevafo. Balki bir kun emas-bir kun yana o‘shalarga ishing tushar. Balki borib-borib qalbingda oila shafqatiga ehtiyoj tug‘ilar. Qisqasi, Faridaginam, oilang bilan yarashishingdan ko‘nglim to‘q bo‘lsa, o‘lganimda ko‘zim ochiq ketmaydi, go‘rimda ham tinch yotaman", — dedi.
Men uning bu so‘nggi orzusini yeriga yetkazish to‘g‘risida yig‘lab turib va’da berdim. Lekin doktorimning bu bilan ko‘ngli to‘lmadi. U eski nishonlim bilan ham yarashishimni istadi, axir bir kun Komron akang bo‘lib qolar-ku, dedi. O‘z qo‘ling bilan Komronga topshirgin, deb menga muhrlangan, bitta paket ham berdi. "œBuning ichida bitta eski ko‘ngil kitobi bor, meni bir mahallar juda qayg‘uga solgan kitob. Eski nishonling ham buni albatta o‘qishini xohlayman. Buni qanday holda bo‘lsa, shunday topshirishga qasamyod qil", — dedi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:57:38

Haqiqat shunday, Mujgon. Endi hamma gapni bilding. Boyoqish doktorim juda pok, halol odam edi. U oilam bilan yarashishimni hayotimdagi yolg‘izlikdan, yetimlikdan qutulishimning birdan-bir yo‘li deb bilardi. Bechora, bu narsa men uchun naqadar alamli, naqadar og‘ir bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan. Shunday qilib, doktorimni Munisaning yoniga qo‘ydim-u, Istambulga qarab jo‘nadim.  U yerda eshitgan narsalarim doktorimning vasiyatini yeriga yetkazishim mushkul bo‘lishini ko‘rsatdi. Komronning xotini vafot qilganini faqat o‘sha yerda eshitdim. Keyin men to‘g‘rimda har xil bo‘lmag‘ur gaplar tarqalganini bildim. Komronning xotini tirik bo‘lganda ham boshqa gap edi. Menga eri yaqinda o‘lgan tul xotin, deb qarashar, oilasida bir necha kun turib ketishga kelgan, deb o‘ylashardi. Mana endi hammangiz, Komron ham, sen ham — meni hammadan ko‘proq tushunding. Sen men to‘g‘rimda qanday yomon narsalar o‘ylashing mumkin edi. "œYillarcha yolg‘iz, sarson bo‘lib yurdi, somondek sarg‘aydi, boshidan ne-ne savdolarni kechirdi, mana endi, kim biladi, qanday tuban niyat bilan o‘zini bir qari cholga sotdi... Eski nishonlisining boshi ochiqligini eshitib, yana o‘sha tuban niyat bilan darrov oramizdagi, besh yil ilgari o‘zi nohaq haqoratlar, la’natlar bilan tashlab ketgan oilasiga, nishonlisi oldiga qaytib keldi", deyishlaringiz mumkin edi. Oralaringizda shunday deb o‘ylamaydigan darajada marhamatli, rahm-shafqatli kishilar bo‘lsa, ular oldida ham ichimdan ezilib o‘lardim.
Mujgon hamon kuchayib borgan hayajon va alam bilan so‘zlardi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:57:47

— Oh, Komron! Farida bu so‘zlarini qanday alam bilan o‘zini urib, ko‘z yoshlarini to‘kib turib aytganini ko‘rsayding! Mana, shu oxirgi so‘zlarini o‘la-o‘lguncha esimdan chiqarmayman: "œOila o‘chog‘imdan qanday dog‘u hasratda ketganimni, hayotimning qanchalik alam va ko‘z yoshlari bilan to‘liq bo‘lganini, qaysi bag‘ritosh sabablar meni er qilishga majbur etganini so‘z bilan aytib berishning imkoni yo‘q. Yoshi yigirma beshga yetgan, umrining besh yilidan bir qismini mojarolar ichida, bir qismini erining uyida kechirgan xotinning yuziga, badaniga erkak labi tegmagan bokira qiz ekani aytilsa, albatta, hamma kuladi, hamma uni hayosiz, yolg‘onchi deydi, shunday emasmi, Mujgon? Buning aksini isbot qilib bo‘lmaydi, iloji yo‘q. Boshqa aytadigan gapim yo‘q. Doktor Komronga tayinlagan paketda nima bor ekan, bilmayman. Ehtimol, ichida kutilmagan biron narsa bordir. Menga qanchalik og‘ir iztirobli bo‘lsa ham, rahmatlining so‘nggi orzusini yeriga yetkazdim. Lekin paketni o‘z qo‘lim bilan topshirishga qurbim yetmaydi. Buni ertaga kemaga o‘tirganimdan so‘ng, oramizdagi hamma narsa bitgandan so‘ng Komronga berib qo‘yarsan", — dedi.
Mujgon jimidi. Hayotning eng achchiq va alamli damlarida ham o‘zini tetik, bosiq ushlaydigan bu juvon hozir yosh boladek yig‘lar edi. U Komronga qaltiroq qo‘llarini cho‘zib:
— Uni yolg‘iz qo‘yib yubormaylik, Komron, — dedi.— Kerak bo‘lsa, zo‘rlik bilan olib qolaylik. O‘tgan ishga salavot, nima bo‘lgan bo‘lsa bo‘ldi, endi bir-biringizdan ayrilmasligingiz kerak! Ko‘rib turibman, ortiq chidolmaysizlar.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:57:57

Komronning vujudi muzlab borardi. Eng ahamiyatsiz bir tushdan, eng zaif bir xotiradan oylarcha kasal bo‘lib, kichikkina umid bilan yashab kelgan bir xayolparast uchun bu umid, bu baxt haddidan ziyod edi. Uzun muddatli hushsizlikdan keyin o‘ziga kelgan og‘ir kasal singari Komron ham hech nimaga tushunmay qorong‘ida ko‘zlarini javdiratib tevarakka qarar, nuqul kipriklarini pirpiratardi.
Mujgon ro‘moli ichidan qizil muhr bosilgan bir paketni chiqardi.
— Faridaga bergan va’damga qaramay, buni senga hozir topshiryapman, — dedi.
Juvon ro‘molini tuzatib, uydan chiqmoqchi bo‘lgan edi, Komron ushlab qoldi:
— Mujgon, sendan bitta iltimosim bor. Bizning savdoimizni hammadan ko‘ra sen ko‘proq bilasan. Paketni birga ochib, ichidagi narsani birga o‘qiylik.
Mujgon stol ustidagi chiroqni yoqquncha, Komron paketni ochdi. Ichida bitta xatu yana bitta kattakon konvert chiqdi. Yo‘g‘on, yirik harflar bilan yozilgan maktub Komronga xitob qilar edi:
"œO‘g‘lim, Komronbey!
Sizga bu maktubni yozgan odam umrining bir ozini kitoblarga, bir qismini esa hayot deb atalgan chigal mushtlashish yaradorlariga bag‘ishlagan tarki dunyo bir cholki, xati qo‘lingizga yetmasdan ancha burun olamdan o‘tgan bo‘ladi. U cholning butun borlig‘i bilan yaxshi ko‘rgan bir bechoraga oxirgi marta yaxshilik qilib ketish tilagi bu maktubni sizga o‘lim to‘shagida yotgan joyida yozishga majbur qildi. Quloq soling.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:58:07

Bir kun uzoq qishloqdagi vayrona maktabda yog‘du kabi toza, umid kabi go‘zal bir istambullik qizni uchratdim. Qorong‘i qish kechasida, qor elab yog‘ib turgan bir paytda uyingizning derazasini ochsangiz-u, qorong‘ilikdan bulbul nag‘masini eshitsangiz, shunda qanday bo‘lasiz? Men ham o‘shanda shunday bo‘ldim. Bu mas’um nozik kibor qizni, tabiatning bu go‘zal va nodir xilqatini qaysi la’nati tole va tasodif bu qorong‘i qishloq xarobasiga keltirib tashladi? Qalbi yig‘laydi-yu, ko‘zlari bilan lablari kuladi, fidokorlik haqidagi hangomalar bilan meni aldaydi. Men esam "œOh, bechora qiz! Men seni Istambulda tashlab ketgan nodon, johil yoringmidimki, bu gaplaringga ishonsam!" deb o‘yladim. Uyquga qonmay uyg‘ongan yosh bolaniki singari xumorli ko‘zlari, qaerga qadam tashlashini bilmagan kishiniki singari ahvoli, xayoliy lablarining bo‘sasi bilan titrayotgandek ko‘ringan dudoqlari, xayoliy quchoqda talpinayotganga o‘xshagan atvori, harakatlari menga butun sirni ayon qildi.
Eski zamon dostonlarida Laylisini qidirib, sahrolarda sargardon bo‘lgan Majnunni goho shukuh va mamnuniyat bilan eslab qo‘yardim. Faridani ko‘rgan kunimdan boshlab u dostonni esdan chiqardim. Endi yangi zamonning mozorlar bilan to‘liq qorong‘i qishloqlarida ilojsiz ishq ro‘yolarini axtargan bu oydin ko‘zli, ipakday mayin, mas’um, olijanob "œLayli"sini tez-tez eslaydigan bo‘ldim. Ikki yildan keyin tag‘in uchrashdik. Hamon eski dardi boshida, qalbini ichdan kemirmoqda edi. Eh, attang, dastlab ko‘rgan kunim nega uni otimga o‘ngarib, zo‘rlab bo‘lsa ham Istambulga, oilasiga eltib tashlamadim! G‘aflatda qoldim, g‘aflatda!

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:58:18

Farida bilan ikkinchi marta uchrashganimizda, fursat qo‘ldan ketgan edi. Siz uylanib olgan edingiz. Faridani hali yosh, esidan chiqarib yuboradi, deb o‘ylagan edim. U kasal yotgan paytda ittifoqo qo‘limga daftari tushib qoldi, qarasam, eh-ha, qalbining yarasi tuzaladigan yaralardan emas. Daftarga butun hayotini yozibdi. Ana shundan keyin butun umidim uzildi, holbuki, uni o‘z bolamday davolamoqchi edim. Ammo bunga ham odamlarning fisqu fasodlari, tuhmat va g‘iybatlari imkon bermadi. Ana shundan keyin menda yaxshiroq odam topib, Faridani o‘shanga berish fikri tug‘ildi. Lekin bu ham xavfli edi. Eri har qancha odamoxun bo‘lganda ham, Faridadan muhabbat talab qilishi turgan gap edi. Garchi qizginam muhabbat uchun tug‘ilgan, muhabbat yo‘lida sarg‘aygan bo‘lsa hamki, begona ishqi unga go‘r azobidan battar bo‘lishi aniq edi. Mana shu xavfdan qo‘rqib, chor-nochor o‘z nikohimga oldim. Shu tariqa uni o‘lgunimcha himoya qilishim mumkin edi. O‘lganimdan keyin esa besh-o‘n qurushlik davlatim, uch-to‘rt yerdagi mulkim uni muhtoj qilib qo‘ymas edi. Shubhali qiz bo‘lib yashashdan ko‘ra tul bo‘lib xotirjam yashash uning uchun ham o‘ng‘ay bo‘lardi. Shunisi ham borki, axir bir kun murodi hosil bo‘lishiga imonim ham komil edi. Hayotda nimalar ro‘y bermaydi!
Nihoyat, xotiningizning vafoti menga yangi umid bag‘ishladi. Sizning to‘g‘ringizda hammavaqt Istambuldan xat-xabar olib turardim. Xotiningizning vafoti sizni qayg‘urtirgan bo‘lishi mumkin, biroq meni ham qayg‘urtirdi desam tilyog‘lamalik qilgan bo‘laman. Faridani bu xo‘jako‘rsinga qilingan yolg‘ondakam nikohdan bo‘shatib, siz bilan topishtirish uchun o‘ng‘ay payt poylab yurardim. Bilmayman, odamlar bu harakatimga qanday qarashar ekan? Lekin men odamlarning g‘iybatlariga, men to‘g‘rimda aytgan yo o‘ylagan narsalariga allaqachon tuflagan odamman.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:58:31

Qarorimni amalga oshiraman, deb turganimda birdan kasalim zo‘riqib ketdi. Ana shundan keyin masalaning uch-to‘rt oy ichida o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga aqlim yetdi. Qaydam, tafsilotga hojat bormikan? Endi muddaoga o‘taylik, Faridani bir bahona bilan Istambulga yuboraman. Xatimni o‘z qo‘li bilan topshirishiga shubham yo‘q. Men uning tabiatini yaxshi bilib oldim, alomat qiz. Ehtimol, injiqlik va yo e’tiroz qilar, lekin sen bo‘sh kelma, xazon bo‘lmasin desang, javob berma! Zarur bo‘lsa, xotin-qizlarni olib qochadigan tog‘liklar singari yovvoyi va qo‘pol bo‘l. Quchog‘ingda jon bersa, bilginki, quvonchdan, baxtiyorligidan jon beradi.
Shuni ham eslatib o‘tayki, bu ishda seni zarracha ham o‘ylaganim yo‘q. Ko‘nglimnig roziligiga qarasam, senga nainki Farida kabi nodira qizni, hatto uyimdagi mushukni ham bermas edim. Nachora, bu telba qizlarga hech aql o‘rgatib bo‘lmas ekan. Senga o‘xshash quruq, qalbsiz odamlarning nimasini yaxshi ko‘risharkin, hayronman...

Marhum Xay-rul-lo.

Eslatma. Paketda Faridaning daftari bor. O‘tgan yil Olajaqoyaga ko‘chib borganimizda, ichiga shu daftar solingan sandiqchasini bekitib qo‘yib, izvoshchilar o‘g‘irlab ketishibdi, deb aytgan edim. Farida churq etmagan bo‘lsa ham, lekin juda qattiq ezilganini ko‘rdim. Bu daftarining axir bir kun kerak bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylab, juda to‘g‘ri ish qilgan ekanman!"

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:58:45

IX

Mujgon bilan Komron Choliqushining ko‘k muqovali qalin daftarini tushirishganda, deraza orqasi yorishib, daraxtlarda qushlar chirqillasha boshlagan edi.
Komron horg‘inlik va iztirob og‘irlashtirgan boshini daftarning sarg‘aygan sahifasiga qo‘ydi-da, ko‘p yerlari ko‘z yoshlari bilan yuvilgan bu aziz satrlarni qayta-qayta o‘pdi.
Daftarni yopib, bir yoqqa qo‘yishmoqchi bo‘lib turishganda, Mujgonning ko‘zlari daftar muqovasiga tushdi. U ko‘k muqovani chiroqqa yaqin keltirib qaradi.
— Daftar tugamabdi, Komron. Muqovasida ham yozuvlar bor. Lekin daftar ko‘k bo‘lgani uchun siyoh yaxshi ko‘rinmayapti, — dedi.
Ular chiroqni ko‘tarishdi, boshlarini daftar ustida bir-birlariga yaqinlashtirib, shu satrlarni qiyinchilik bilan o‘qishdi.
"œKecha daftarimni abadiy yopgan edim. Nikoh kechasining sabohida nainki xotira yozish, hatto eski yuzimni ko‘rish uchun oynaga qarashga, eski tovushimni eshitish uchun unimni chiqarishga ham jur’at qila olmas edim. Faqat...
Shunday qilib, kecha men kelinchak bo‘ldim. Selga uchragan xazon kabi o‘zimni oqimga taslim etdim. Kim nima desa qildim, hech narsani qaytarmadim. Shunchalikki, doktor Izmirdan keltirgan uzun etakli oq ko‘ylakni kiydirishlariga, sochlarimning bir yog‘iga bir tutam kumush ip ilashtirishlariga ham qarshilik qilmadim. Faqat oro berish uchun meni katta tosh oynakka olib kelishganda, hech kimsaga sezdirmasdan ko‘zlarimni yumib oldim. Bo‘lgani shu. Butun isyonim faqat shundangina iborat bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  14 Oktyabr 2007, 12:58:54

Meni ko‘rgani bir qancha yotu begona keldi. Bular orasida ilgari men bilan ishlashgan muallimalar ham bor edi. Aytgan so‘zlari qulog‘imga kirmas, hammasiga ham bir xilda ayanch tabassum bilan javob qilishdan o‘zgasiga kuchim yetmas edi.
Bir kampir yuzimni ko‘rib:
— Choli tushmagurning xo‘pam tolei bor ekan-da. Turnaning naq ko‘zidan uribdi-ya! — dedi.
Xayrullobey uyga kechki ovqat mahalida yetib keldi. Semiz gavdasini korset siqib turgan smoking kiyib olgan edi. Qizil galstugi bir yoqqa juda g‘alati bo‘lib qiyshayib ketibdi. Yuragim ezilib, xafa bo‘lib turganimga qaramay, kulib yuborishdan o‘zimni tutib qololmadim. Boyoqishni kulgi qilib qo‘yishga haqqim yo‘qligini o‘ylab, qizil galstugini chiqarib olib o‘rniga boshqasini, yarashadiganini bog‘lab qo‘ydim.
Xayrullobey kulib turib:
— Barakallo, qizim, sen ajoyib uy bekasi bo‘lasan. Ko‘rdingmi, yosh qizga uylanishning fazilatlarini? — dedi.
Mehmonlar tarqalishdi. Biz yemakxona derazasi yonida ro‘baro‘ o‘tirardik. Xayrullobey:
— Kichkinam, nega kechikib qolganligimni bilasanmi? — deb so‘radi. — Munisaning mozorini ziyorat qilib keldim. Qabriga bir dasta gul va sening kelinchaklik iplaringdan bir siqim qo‘yib keldim. Boyaqish sening oldingda gapirishga tortinardi, lekin yolg‘iz qolganimizda nuqul: "œOpajonim kelinchak bo‘lib, sochlariga kumush ip taqqanda, men ham taqmoqchiydim", deyardi. Rahmatlining sariq sochlariga ipni o‘zim taqardim, afsuski bo‘lmadi.

Qayd etilgan