— Bu ot savdosi emas, umr savdosi burodar,— dedi Ziyo aka,— yangamiz bilan kengashingiz, Otabek va otasi to'g'rilarida bilganlaringizni so'zlangiz, shundan keyin xo'b o'ylashib bizga javob beringiz.
Shu gapdan keyin qutidor mehmonlarni qoldirib ichkariga kirdi. Kumushbibi uxlashka yotkan edi. To'ybeka bo'lsa o'zining o'choq boshi yonidari uychasini titratib xurrak otar edi. Qutidor uy eshigini ochar ekan ayvonda o'zini kutib o'lturgan Oftob oyimg'a dedi:
— Sham'ni olib kirchi oldimg'a.
Uy jixozga g'oyatda boy, go'yo muzaxona tusini berar edi. Taxmonda turlik rangda atlas va shohilardan qoplang'an ko'rpalar, taxmon tokchalarig'a uyilgan par yostiqlar, qator-qator xitoyi jononlar: kosalar, ko'zalar, chinni choydishlar, laganlar, kumush hinlik xanjar va qilichlar, qalkon va siparlar, dorga soling'an turlik-turlik er va xotin kiyimlari: po'stin, chakmon va boshqalar, qip-qizil gilam va shohi ko'rpachalar kishi ko'zini qamashdirar darajada edilar.