Ibrohim (a.s.) qissalaridan dars va ibratlar
1. Ibrohim (a.s.)ning hayotlari va axloqlari u kishidan keyingi barcha payg‘ambarlarga va barcha musulmonlarga ham ibratdir. U kishining ta’rifiga so‘z topilmaydi va aytishimiz mumkinki, buyuk qalb egasi edilar. Shuning uchun ham ummatlarini salomat qalb bo‘lishga chaqirgan edilar:
يَوْمَ لا يَنْفَعُ مَالٌ وَلا بَنُونَ (٨٨)إِلا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ
«U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, faqat Alloh huzuriga sog‘lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)». (Shuaro, 88-89.) Ibrohim (a.s.)ning dillari shu darajada pok va keng ediki, o‘zlariga berilgan payg‘ambarlikni tezroq odamlarga yetkazishni, qarindoshmi, begonami, boymi, kambag‘almi, hammani yolg‘iz Allohga imon keltirishga chaqirishni, ular sig‘inayotgan but va sanamlar qo‘lidan hech qanday ish kelmasligini, ularga sig‘ingan kishilarning oqibati juda yomon kechishini butun vujudlari bilan tushuntirishni istardilar. Xususan, o‘zlarini dunyoga keltirgan otalarining shunday azobga qolishini hech aqllariga sig‘dirolmas edilar. Shu sababdan ham, otalarini ko‘p marta da’vat etdilar. Ammo otalari Ibrohimning gaplariga quloq osmaganidan keyin, noiloj qolganda ham:
قَالَ سَلامٌ عَلَيْكَ سَأَسْتَغْفِرُ لَكَ رَبِّي إِنَّهُ كَانَ بِي حَفِيًّا
(Ibrohim): «Omon bo‘ling! Endi Rabbimdan sizga kechirim so‘rayman. Zero, U menga mehribon zotdir»(Maryam, 47.) - deb, otalariga achindilar va:
وَاغْفِرْ لأبِي إِنَّهُ كَانَ مِنَ الضَّالِّينَ
«Otamni mag‘firat qilgin. U adashganlardan edi» (Shuaro, 86.) - deb otalarining haqqiga duo qildilar. Otalarining Ibrohimga: «sen mening ilohlarimdan yuz o‘giruvchimisan, ey Ibrohim?! Qasamki, agar sen bu ishingdan qaytmasang, albatta, seni toshbo‘ron qilurman» - deb qilgan do‘q-po‘pisasidan so‘ng, undan yuz o‘girmadilar, unga zarda qilmadilar. Aksincha, achinish va samimiy mehribonlik bilan duo qildilar.