Opamning itiga"Menda shuncha tashvish, mana bu itim esa, yotgani yotgan".(Suhbatdan)
To'g'rida, yotganing yotgan kun bo'yi,
Bir haftadan keyin Nargizaning to'yi.
Sohibangda shuning tashvishi, o'yi,
Nega tek yotasan, opamning iti?
To'y degani shu-da yugur, chop, ulgur,
Hali kelgani yo'q yotoq garnitur.
"Bizga ne xizmat?" deb, bir o'rningdan tur,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Suv tashi, "Lasetti"larin yuvishga,
Do'xtir gaplash, keliniga tug'ishga.
Qarashvor, pochchamga qasr qurishga,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Bu yoqda bug'doyi pishib turibti,
Olmalari yerga tushib turipti.
"O'rsammi, tersam" deb, shoshib turipti,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Imorat tiklasa odamlar ko'rsin,
Qo'shnining uyidan balandroq bo'lsin.
Hoyu havas o'lsin, manmanlik o'lsin,
Nega tek yotasan, opamning iti?
To'y boshqa to'ylardan zo'rroq bo'lsin, deb,
Sarpo-surug'i ham mo'lroq bo'lsin, deb,
Yuribti-da sho'rlik o'zin o'zi yeb,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Kelinnig poyiga gul sochish kerak,
Kuyovning boshidan pul sochish kerak.
Javob ber, qachon qalb nur sochish kerak?
Nega tek yotasan, opamning iti?
Dubaydan kelarmish kuyov sarposi,
Uch milionli emish, kelin libosi.
Bu hammasi bitta to'y g'avg'osi,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Elga yot urflarni topvolib har xil,
O'zin qiynayotgan o'zi-ku, axir.
Qachon nurlanadi, bu qalb, bu ko'ngil?
Nega tek yotasan, opamning iti?
Kitob javonining changini qara,
Qodiriy, Ra'noning rangini qara.
Ba hurmati Kumush, yungingni qara,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Ilm-ma'rifatning koniydi bu uy,
Olimu fozilning joniydi bu uy.
Ko'hna Sharqning shoniydi bu uy,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Shu uy deb ovvora olimu Sulton,
Pok, buyuk sha'niga bo'lishib qalqon.
Qilsam deb turganda obod, farovon,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Inson bo'lsa egni butu, qorni to'q,
Nega senchalik ham halovati yo'q.
Javob ber, turmasdan ko'zing qilib lo'q,
Nega tek yotasan, opamning iti?
O'zining yugurib yelgani qolib,
Seni ham ishlatsa yoniga olib.
G'isht olib kelsang-chi, bozorga borib,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Yashashni o'zimiz qiyin qilvoldik,
Odam qadrin boylik, buyum qilvoldik.
Hayotmas, bu yog'in o'yin qilvoldik,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Qalbimni Shaytonlar egallayotir,
Hoyu havaslar egarlayotir.
Shundan yuragimdan qo'rqinch, xavotir,
Nega tek yotasan, opamning iti?
Marhabo, umrini yemirayotgan ne?
Ko'ngil ganjinasin kemirayotgan ne?
Molparast xeshlarga biron nima de?
Nega tek yotasan, opamning iti?
Kel, ertadan tongda birga turamiz,
Insof, diyonatning bongin uramiz.
"Me'yorda to'xtang!!!" deb birga huramiz,
Nega tek yotasan, opamning iti?