TURG‘UNBOY
Ish axtarib Turg‘unboy
Necha kunki sarsondir.
Omadining teskari
Yurishidan hayrondir.
Yo‘qsa, bajo qilingan
Barcha tartib-qoida!
Hujjatlari bir talay,
Propiska joyida.
Qayga borsa keling, deb
Xushnud qarshi olishar.
Lekin suhbat so‘ngida
O’ylanishib qolishar.
- Afsus, afsus, - deyishar,.
Tag‘in bir oz kutgaysiz,
Va’da bergan bo‘lsak gar
Bizni ma’zur tutgaysiz.
Ish axtarib Turg‘unboy
Necha kunki sarsondir.
Omadining teskari
Yurishidan hayrondir.
Turg‘unboyga shum taqdir
Sira shafqat qilmaydi.
Pora beray, der, ammo
Usulini bilmaydi.
Tik turgancha boshliqqa
Shikoyatin so‘zladi.
Ko‘rgan-kechirgan barcha
Hikoyatin so‘zladi.
Dedi: - Aybim nimadir,
Bilolmayin hayronman.
Shu mushkulning chorasin
Qilolmayin hayronman.
Boshliq uzoq o‘yladi,
Hujjatlarni varaqlab.
So‘ng xazina topganday
So‘z boshladi charaqlab:
- Hujjatlar-ku joyida,
Tuppa-tuzuk jismingiz.
Faqat bir gap: bizlarga
To‘g‘ri kelmas ismingiz.
Afsus, qayta qurishning
O’tmabsiz yo‘llarini.
Turg‘un ismi eslatar
Turg‘unlik yillarini.
Turg‘unboyning nogahon
Yorishdi o‘ksuk dili.
- Bor-yo‘q aybim shumi, - deb,
Kalomga keldi tili.
Dedi: - Nainki ismim,
Olamdan ham tonurman.
Ismim Turg‘unboy emas,
Mayli, Urg‘unboy bo‘lsin.
Urg‘unboyga munosib
Vazifani topdilar.
Turg‘unlikning yana bir
Sahifasin yopdilar.
Majlislarda endi u
Fursat poylab turadi.
Ur, desa bas, Urg‘unboy
Duch kelganni uradi.
1987