— Ha, ovsin, gapimiz yoqmadimi? — dedi davraga taklif qilgan juvon.
— Ha, yoqmadi, — dedi Zaynab.
— Voy savil, biz eshitganlarimizni aytamiz-da.
— O‘sha qo‘shiqchi xonimning qo‘shmachisi sizlar bilgan narsalarning yarmini ham bilmasa kerak.
Juvon Zaynabning erini eslatib, chimchilab, uzib oladigan bir gap aytmoqchi bo‘ldi-yu, kim bilan aytishayotganini unutmay «voy savil», deb labini cho‘chchaytirish bilan kifoyalandi...
Onasi «odam taftini odam olar» deb shularni nazarda tutgan. Agar Zaynabning yuragi kengroq bo‘lganida bunday bachkanaliklarga e’tibor bermagan bo‘lardi. Kengga keng dunyo, torga tor dunyo deganlariday, hozir uning ko‘ngliga hatto qil ham sig‘maydi.
Zaynab bu yerga kelmasidan avval, shodon kezlari ham to‘planib olib, g‘iybat balchig‘ini titib o‘tiruvchi xotinlarni yoqtirmas edi. Ba’zan o‘qishdagi dugonalari ham shunday suhbatni boshlab qolishsa «o‘llaring, qari kampirlarga o‘xshamay», deb nari ketardi. Xotinlar davrasining bu darajada bema’ni bo‘lishini shu yerda aniqroq bildi.
Bu kasalxonada unga dalda bera oluvchi, ko‘ngilga orom hadya etishga qodir birgina juvon — Mardona. Hamshira bo‘lib ishlovchi bu juvonning suyaklari yo‘g‘on, yurishlari qo‘polroq bo‘lsa ham, chiroyli ko‘zlari hamisha kulib turardi. Bir kuni shu Mardona emlashga kirib, hasrat dasturxonini yoydi. Sevgan yigiti aldab tashlab ketgani, undan bo‘lgan bolaning o‘lik tug‘ilgani, so‘ng erga tekkani, sakkiz yildan beri farzand ko‘rmayotganini aytib, yig‘ladi. Dardiga hamohang gaplarni eshitib, Zaynabning unga rahmi keldi. Shu-shu Mardona tez-tez kirib turadigan odat chiqardi. Kechki emlashni Mardona bajarganida Zaynab tiniqib, hatto rohatlanib uxlaydigan bo‘ldi. Buni u Mardonaning suhbatlari asablarimni tinchlantiryapti», deb o‘yladi. Onasiga ham shuni aytdi. Otasining kasalxonadan chiqarish haqidagi amrini eshitganida «unda uyga Mardona borib tursin, xo‘jayinlariga ayting», dedi.
Mardona kim o‘zi, aytgan gaplari chinmi yo aldovmi, na Zaynab, na Manzura o‘ylab ko‘rdi.
Qizlik paytida Shomilning qo‘liga tushganicha uning xizmatlarini beminnat bajarib kelishini ular qaydan bilsinlar?
Asadbek ham shu masalada go‘llik qildi. Xotinining gapiga osonlik bilan ko‘na qoldi. Oradan oylar o‘tib bu go‘lligi uchun o‘zidan o‘zi nafratlandi.