Bu so‘zlarni so‘zlar ekan, yillar davomida aql bovar qilmas nene zulmlarni mo‘minlarga ravo ko‘rganlar go‘yo ular emasdi. Go‘yoki Abu Tolib mahallasiga mo‘minlarni hibs etib, uch yil ocharchilikda qoldirganlari yodlarida yo‘q,..
— Juda soz, — deb ko‘ndilar janobi Sarvari Olam. — Bordiyu duoim qabul bo‘lsa, imon keltirasizlarmi?!
Abu Sufyon samimiy bir ovoz bilan javob berdi:
— Xalq to‘xtovsiz ravishda bir ovozdan yolvormoqda. Ey Rabbimiz, bizni bu azobdan xalos et, endi imon keltiramiz, deya iltijo qilmoqda. — Shundan keyin qo‘shimcha qildi: — Ahvolimiz mana shunaqa, iltijolarimiz ham shunday.
Necha marta berilgan va’dalar qanday buzilgan bo‘lsa, bu so‘zga ham ular osongina xiyonat qilishlari mumkin edi. Yana jodugar deyishlari, yana yolg‘onchi, folbin, shoir... kabi bo‘htonlar yog‘dirishlari begumon edi. Ammo Rasululloh (s.a.v.) yaxshilikni ravo ko‘rdilar. Qolaversa, mo‘minlarga shuncha yillardan beri qilingan jabrzulmning alami olingan edi.
Abu Sufyon so‘zlarida davom etdi:
— Gapimga ishon, o‘tinaman, ey Muhammad, osmon ko‘zimga xuddi bir tuman kabi xira ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Azaldan moviy, tiniq bo‘lib kelgan samovat ham o‘zgarib kolgandek. Bundan tashqari oyoqqa turishim bir azob, yurishim bir azob, uyda ovqat deb zorlanayotgan go‘daklarga biron yegulik topish yana bir bedavo dard.
Abu Sufyon rost gapirar edi.
Och me’dalar onglarga hukm qila boshlagan, ko‘zlar, nigohlar mahzun, tizzalar qaltirar, ko‘k yuzini esa, xira bir tuman qoplab olgan edi.
Buyuk Olloh ham navbatdagi oyatlarila hol chindan ham shunday ekanini tasdiqladi:
«Bas, (ey Muhammad,) siz osmon ochiq (ya’ni, barchaga ko‘rinadigan) tutunni keltiradigan kunga ko‘z tuting. U (tutun barcha) odamlarni o‘rab olur. Bu alamli azobdir. Shunda ular: «Parvardigoro, o‘zing bizlardan bu azobni aritgin. Albatta, bizlar imon keltirguvchidirmiz», deydilar». (Duxon, 10-12.)
Natijada Rasuli muhtaram (s.a.v.) qahatchilikning bekor qilinishini so‘rab duo o‘qidilar. Ofat bartaraf bo‘lganidan darak berib, yomg‘irlar yog‘di, hayot yana eski holiga qaytdi.
Mashaqqatli kunlar unutildi. Abu Sufyonning va’dasini hech kim, hatto Abu Sufyonning o‘zi ham eslamadi. Endi hech kim bu va’daning ustidan chiqmasligini o‘zining otini bilganday yaxshi bilardi Abu Sufyon.
Ammo bu xiyonat shundayicha qolib ketaveradimi?
Ushbu savolga javob tariqasida Buyuk Olloh bunday amr etdi:
«Ular uchun qayoqdan ham (boshlariga tushgan bu ofatlardan) eslatmaibrat olish bo‘lsin?! Holbuki, ularga ochiq payg‘ambar (ya’ni, Muhammad a.s.) keldi, so‘ngra undan yuz o‘girdilar va «(Unga Qur’on birovlar tomonidan) o‘rgatib qo‘yilgan, (u) majnun», dedilarku?! Albatta, biz bu azobni (sizlardan) bir oz (vaqtgacha) aritguvchidirmiz, sizlar ham, shakshubhasiz, (o‘z kufru isyonlaringizga) qaytguvchidirsizlar. Biz dahshatli ushlash bilan ushlaydigan kunda (ya’ni, Badr jangida yoki qiyomat kunida biz ulardan) intiqom olurmiz. Zero, Biz intikom olguvchidirmiz». (Duxon, 13-16.)
Bu intiqom yaqin kelajakda, Badr jangida boshlanajak va to qiyomat kunigacha davom etajak. (Imom Buxoriy, 2/15 — 19 va 6/39.)