Vijdon azobi
Istanbul, 7-dekabr, 1963-yil.
Zaynab!
Nima yozsam, shuni maqtayapsan. Bu bilan sen meni yaxshiroq yozishga da'vat etyapsan. Iliq gaplaring uchun rahmat. Bir xatingda: «Sen nuqul kuladigan narsalarni yozasan», degan eding. Esingdami? Bu galgisi kulgidan yiroq, yurakni ezib yuboradi. Voqeani o'qituvchidan eshitdik. Bizga juda-juda ta'sir qildi.
Tunov kuni darsda Husayn kitobdan bir nimani o'qib berayotgan edi, vijdon azobi, degan birikmaga duch keldi. O'qituvchimiz uni to'xtatib, vijdon azobi nima ekanini bizga rosa tushuntirib berdi. Keyin: «Mana shunga vijdon azobi deyiladi. Tushunarlimi?» deb so'ragan edi, hammamiz «tushunarli, tushunarli», deb aytdik.
— Tushunarli bo'lsa endi bunga misol keltiramiz.
Yashar qanaqa bola ekanini o'zing bilasan. Hozir ham orqa partada o'tiradi. Fikri darsda emas, boshqa narsalarda. Dam yonidagi markalarini sanasa, dam qog'ozga rasm chizib o'tiradi. O'qituvchi to'satdan Yasharni chaqirib qoldi.
— Qani, Yashar, sen ayt-chi, vijdon azobiga hech uchraganmisan?
Yashar o'qituvchining oldingi gaplarini sira eshit-magandi. Chunki o'yin bilan ovora edi. Lekin quv bola emasmi, «ha, dedim, tutildim, yo'q, dedim, qutildim», qabilida ish ko'rganim ma'qul, deb o'yladi. Shuning uchun:
— Yo'q, afandim, sirayam vijdon azobiga uchramaganman, — deb javob berdi.
— Iya, bu qandoq bo’ldi? Vijdoning hecham azoblanmaganmi?
— Hecham, afandim.