Agar bahs-munozara haq narsada to‘xtamga kelish uchun bo‘lsa, u maqtalgandir. Agar haqni tan olmaslik yoki ilmsizlik ila bo‘ladigan bo‘lsa, u yomonlangandir.
Ba’zilar xusumatdan ko‘ra dinni ketkizuvchi, muruvvatni noqis, lazzatni zoe qiluvchi va qalbni mashg‘ul etuvchi narsani ko‘rmadim, deb aytishgan. Agar kishi haqqini saqlab qolish uchun xusumat qilishga majbur bo‘lsa, bunga javob imom G’azzoliyning quyidagi so‘zlaridir: «Botillik yoki ilmsizlik ila bo‘lgan xusumat yomon ko‘rilgan. Xuddi qozining vakiliga o‘xshash. Chunki u qaysi tomon haq ekanini bilishdan oldin xusumatda vakil bo‘ladi. Bu vakil ilmsiz xusumat qiladi. Va yana haqqini talab qilib, ehtiyoji qadricha kifoyalanmagani ham yomon xusumatlardandir. Balki u xusumatda hukmron bo‘lish uchun dushmanlik va yolg‘onni zohir qiladi. Haqqini ko‘lga kiritishda hojat tushmaydigan aziyat beruvchi kalimalarni xusumatda aralashtirish ham yomon xusumatdir. Va yana xusumatchisining shikast yetkazishi va bo‘ysundirish uchun sof qarshilik ko‘rsatishi ham xusumatlarning yomonidir. Ammo mazlumning shar’iy yo‘l bilan, dushmanliksiz, chegaradan chiqmasdan, shovqinsiz, qarshiliksiz, aziyat bermasdan o‘z hujjatini oliy qilmog‘i harom emas. Lekin uni qilmaslikka yo‘l topsa, tark qilgani afzaldir. Chunki xusumat paytida tilni mo‘‘tadil holatda ushlab turish uzrlidir. Xusumat esa qalbda dushmanlik tuyg‘usini keltirib, g‘azabni qo‘zg‘aydi. Agar g‘azab qo‘ziydigan bo‘lsa, ikkovlari oralarida gina hosil bo‘ladi-da, ikki tomon ham bir-biriga yetgan yomonlikka xursand va yaxshilikka xafa bo‘ladi. Va tilini uning obro‘sini to‘kish uchun ishlatadi. Kimki xusumatga kirishsa, mana shu ofatlarga yo‘liqadi. Bu ofatlarning eng ozi qalbini mashg‘ul qilib, namozda ham fikri xusumatga bog‘liq bo‘ladi, istiqomatdagi holatidan biror narsa qolmaydi. Xusumat yomonlikning boshlanishidir. Shu singari tortishish va bahslashishlar ham. Xusumat eshiklarini ochmaslik lozim. Faqatgina chorasiz qolib, zarurat tug‘ilgandagina joiz. Ushanda ham tilini va qalbini xusumat ofatlaridan saqlamoqligi darkor.