Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 123469 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 20:23:24

Taqdir taqozosini qarangki, ikkalalari bir-birlarini tushunib va ardoqlab, sevib, sadoqat bilan yashadilar.
Men katta adibimiz Tog’ay Murod bilan yaqin bo’lganimdan, uning hayotidagi muhim, baxtli voqeaga voqif ham sababchi, to’ylarida uning yaqin birodariday xizmat qilganimdan hozirgacha faxrlanaman. Menimcha, bu ikki ijodkorning bir-biriga muhabbatlari hamda sadoqatlari, katta adabiyot yo’lidagi umrguzaronliklari bir kitob yozishga arzigulikdir.
Biz Tog’ay aka bilan uzilishib ketmadik. U menga ko’p nasihatlar berar, hatto o’z ukasini tergagandek tergab ham qo’yar edi. Shuni aytish kerakki, uning hamma gaplari, harakatlari tabiiy edi. U oliftagarchilikni yoqtirmas, yasama, sun’iylikni ko’rgani ko’zi yo’q edi. Ko’p ham odamlarni jini suyavermas, lekin yoqtirgan kishisi bilan dildan gaplashar, kulganda, yosh boladay yashnab ketardi. Qalbi xuddi ana shu yosh bola dili kabi beg’ubor, musaffo edi. Tog’ay Murod, nazarimda, soxtalikdan yiroq, mardlik va tantilik timsoli edi, qaytarilmas ijod sohibi, adabiyotimizning zabardast namoyandasi edi. Va shunday dunyodan o’tdi.
Adib qalbi asarlariga ko’chdi — adabiyotimiz inju donalariday sara asarlar bilan boyidi. Albatta, bularning bari cho’ng yozuvchimiz Tog’ay Murod umrini tom ma’noda ham boqiy etadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:24:15

CHORSHAM’

«SHOIR  UKAM,  YAXSHI!»

Tog’ay aka bilan men saksoninchi yillar boshida ustoz Rauf Parfi xonadonida tanishgan edim. Tungi sherxonlik, bahs-munozaralardan so’ng  Toshkent Traktor zavodi mavzesidan shahar markazi tomon birga qaytdik. Negadir Tog’ay akaning kayfiyati yo’q edi. Dabdurustdan:
— Yangi kvartira topishim kerak! — deb qoldilar.
Bu so’zlarni u ichki iztirob, dard bilan aytdi. Yuzlaridagi iztirobni ko’rib achinib ketdim.
— Hozirgi kvartiram xo’jayini o’g’lini uylantiryapti. Tez- da chiqib ketishim shart!
— Biror mo’ljalingiz bormi?
— Bitta joy bor-u, sal keyin bo’shar ekan. Ungacha qaerdadir yashab turishim kerak.
Ikkimiz ham o’ylanib qoldik. Men o’shanda Labzak mahallasida Dusya xola degan bir rus kampirning barakcha qurilgan pas¬qamgina uyida yashardim. Kursdosh hamxonalarim yaqindagina o’qishni tugatib ketishgan, kampir qistovi bilan o’zimga sherik izlab yurardim. «Tog’ay akani shu hovlichaga taklif etsam qanday bo’larkin?» — degan fikr keldi miyamga. Lekin bundan bir oz xijolat bo’ldim. Axir tor, ko’rimsiz hovli bo’lsa...  Sharoiti ham yo’q.... Men shunday bo’lsa ham  baribir bir aytib ko’ray, dedim.       
 Men bir rus kampirning uyida yashashimni, xonada yana bir kishilik joy borligini aytdim:
— Narxi arzon, oyiga o’n so’mdan. Ammo sharoiti yaxshi emas. Bir ko’ring. Agar ma’qul...
— Bo’ladi!
Tog’ay aka xursand bo’lib ketdi.
— Ertagayoq ko’chib o’taman! — dedi u ko’zlari chaqnab.
Keyin kulimsirab dedi:
— O’zi aytarli ko’ch-ko’ronim ham yo’q. Ozgina ust-bosh, kitob...  Kvartira qaerda?
— Siz qatnaydigan fin hammomining orqasida.
— Rostdanmi?!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:24:52

Uning quvonchiga  quvonch qo’shildi.
U paytlar Labzakdagi fin hammomi juda mashhur edi. Bug’xonasi 130-135 darajagacha qizirdi. Elektr spirallar ustiga katta-katta qayroq toshlar qo’yilgan edi. Fin hammomining inson tana a’zosiga foydasi kattaligidanmi, buni bilgan, o’z sog’lig’ining qadriga yetgan odamlar bu yerga muntazam kelib turishardi.  Ozish deysizmi, bod kasali deysizmi... Hattoki «Paxtakor» futbol jamoasi, «Hamza» teatri (hozirgi Milliy teatr) artistlari, poytaxtning e’tiborli kishilari ham bu hammomga kelishni kanda qilmasdilar. Ular orasida Tog’ay aka ham bor edi. Ba’zan u kishini hammom yaqinida ko’rib qolardim. Lekin botinib borib ko’risholmasdim. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi e’lon qilingandan so’ng Tog’ay aka juda mashhur bo’lib ketgan edi.
— Siz meni qutqardingiz. Bu yerga ishxonam ham yaqin. Yaxshi, shoir ukam!
O’sha paytlar Tog’ay aka «O’zbekiston fizkulturachisi» gazetasida tarjimon bo’lib ishlar edi.
Biz ertalab ko’rishishga kelishib xayrlashdik. Shu tariqa Tog’ay aka bilan mo’’jazgina ijara uyda olti oycha birga turdik. E-he, bu davrda qancha tonglarni suhbat qurib ottirganmiz... Bu kechalar hali-hali esimda. Albatta, o’sha kechalardagi ajoyib suhbatlarning hammasini eslash va  qog’ozga bitishning iloji yo’q. Oradan chorak asr vaqt o’tdi. Ammo  Tog’ay akaning suhbatlarimizdagi ba’zi gaplari hamon qulog’im ostida jaranglab turadi.
 Bizning suhbatlarimiz asosan adabiyot va sport mavzusida bo’lar edi. Tog’ay aka yozajak asarlari haqida to’lqinlanib so’zlar edi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:26:19

— Men yozmoqchi bo’lgan asarim mavzusini mayda detallarigacha o’rganib chiqaman. Tasvirlayotgan joyimni borib o’z ko’zim bilan ko’raman, bo’lmasa ko’nglim to’lmaydi. Asar pishib-etilgandan keyin esa uyga qamalib olaman. Chunki bu payt menga hech kim xalaqit bermasligi kerak. Yengil choyshabga o’ranib yotib olaman. Yozgan varaqlarimni karavot ostiga tashlayveraman-tashlayveraman. Varaqlar uyulib ketadi. Asarni butunlay yozib bo’lganimdan so’ng varaqlarni yig’ishtirib olib, tartibga solaman. Keyin qayta ishlashga kirishaman.
U yozmoqchi bo’lgan asarlariga qo’yiladigan nomlarga katta ahamiyat berar, ularni juda uzoq vaqt tanlar edi. Bir kun menga ikkita qog’oz uzatdi. Bu bo’lg’usi «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalari uchun tanlamoqchi bo’lgan nomlar ro’yxati edi.
— Yozmoqchi bo’lgan qissalarimga ana shu nomlar ichidan tanlamoqchiman. Siz o’zingizga yoqqan nomlarni belgilang-chi. Qaysinisi sizga ma’qul?
Men ro’yxatga ko’z yugurtirdim. Ro’yxatning ikkalovida ham o’ndan ziyod nomlar bitilgandi. Agar yodimda bo’lsa, «Oydinda yurgan odamlar» qissasiga qo’yilajak ro’yxatdan «Oqshom odamlari», «Oqshomgi odamlar», «Oy yorug’idagi odamlar»ga o’xshash nomlar o’rin olgandi. «Ot kishnagan oqshom» asarlari ro’yxatida ham shunday edi. Menimcha, Tog’ay aka ular ichidan birini tanlab olgan edi-yu, shu tanlaganlari  munosibmi-munosib emasmi, tasdiqlatib olmoqchiga o’xshardi:
— Asarga nom qo’yishning ahamiyati juda katta. Nom asar ruhini  to’la ifoda etishi kerak. Toki sarlavhani o’qishi bilan o’quvchining yuragi «jiz» etsin, unda shu asarni o’qishga istak uyg’onsin.
Til, shevalar haqida ham ko’p gapirardi. Tog’ay akaning Surxon shevasi,  xalq og’zaki ijodi, xususan, dostonlar tili borasidagi fikrlari juda qiziqarli bo’lib, u bu haqda jo’shib so’zlardi. U gapirayotganda, yonidagi hamrohini deyarli unutib qo’yar, go’yoki betizgin xayollar ichida parvoz etayotgan odamga o’xshardi. Yuzlari porlar, so’zlayotgan fikrlaridan faxr tuyar, nihoyat gapini tugatib bo’lib, menga qarar va boshini irg’ab: «Shoir ukam, yaxshi», derdi. Nazarimda, bu so’zlar zamirida: «Bu til hech qachon o’lmaydi, bu tilda asar yozish naqadar buyuk baxt»,  degan ifoda yotardi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:26:41

Ayniqsa, Tog’ay aka sal sarhush bo’lganlarida «yaxshi» so’zini takrorlab tolmas edilar. Ba’zi bir shoir-yozuvchilar bu gapdan jahli chiqib:
— Nimasi yaxshi? Hammayoq rasvo bo’lib ketdi-ku?! Siz bo’lsa «yaxshi», «yaxshi», deyaverasiz, — deb unga dakki berardi.
Tog’ay aka esa bu gaplarga sira parvo qilmasdi:
— Shoir akam, yaxshi! — deb takrorlayverardi.
Men u bu bilan nima demoqchi bo’lganini ko’p o’yladim. Va shunday xulosaga keldimki, bunday paytlarda Tog’ay aka «xilvat dar anjumanda» bo’lar edi. (Naqshbandiya tariqatidagi bu raxshaning qisqacha ma’nosi «zohiran xalq bilan, botinan haq bilan» bo’lishdir.) Ya’ni u atrofdagi jamoani butunlay unutib, o’z orzu-umidlari, xayoloti olamida kezardi. Bu olamda esa yurtga, do’stu yorlarga yaxshilik, ezgu ish  qilish maqsadi mujassam edi. Yana el ichida yaxshi nom qoldirish istagi bilan yashayotganini aytmoqchi bo’lardi, menimcha.
Mo’’jaz hovlichamizda o’rik daraxti bo’lardi. Kuz oqshomlari shu daraxt ostiga qo’yilgan aylana stol atrofida, xira chiroq yorug’ida suhbat qurardik. Men ertalab ishga borishim kerakligi bois barvaqtroq yotardim. Tog’ay aka esa  aksariyat vaqtlari hovlichada yarim tunga qadar yolg’iz kitob mutolaa qilardi. Ishga esa tushdan keyin borardi. Yakshanba kunlari bukinistik kitob do’konlariga yoki bozorlardagi yoyma kitob rastalariga borardik. Bu rastalardan yaxshi kitoblarni topish, yana arzon narxda sotib olish mumkin edi-da. Izlab yurgan kitoblarimizni topsak, naq bayram bo’lib ketardi. Men u paytlar O’ljas Sulaymonov, Yevgeniy Yevtushenko she’riyatini ko’proq o’qirdim. Tog’ay aka esa Janubiy Amerika yozuvchilari asarlarini va jonivorlar, xususan, ot haqida bitilgan kitob¬larni sotib olardi. Yoshlikdan ko’pkarilarga qatnashib kelganlari uchun bo’lsa kerak, Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo’rg’a» asarini juda xush ko’rib o’qirdi. Bu kitobni tarjima qilish niyati borligini ham menga aytgandi. Keyinchalik  bu orzulari amalga oshdi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:26:55

Ba’zan mendan yangi yozgan she’rlarimni o’qib berishimni so’rardi. Bir oz maqtagach, qaysi so’zni noo’rin qo’llaganimni, o’sha so’z o’rniga qaysi so’zni ishlatish mumkinligini aytardi. Bu maslahatlar men uchun juda katta maktab bo’ldi.
Ijara uyimizga Yo’ldosh Eshbek, Sa’dulla Hakim, Bahodir Murodali, Jamol Sirojiddin, G’ulom Fathiddin kabi shoir-yozuvchilar tez-tez kelib turardilar. Tog’ay aka, ayniqsa, Yo’ldosh Eshbek bilan miriqib suhbatlashardi. Yo’ldosh akaning hangomatalab gaplaridan miriqib, qah-qah urib kulardi. Hovlicha kulgidan zirillab ketardi. Suhbat so’ngida  Tog’ay aka:
— Ey, Yo’ldosh, shu voqeani menga soting, yozaman, — deb qolardi.
Yo’ldosh aka ham saxiylik bilan rozi bo’lardi:
— Mayli, faqat asar so’ngida: «Bu voqeani Yo’ldosh Eshbek aytib bergan», deb qo’shib qo’yasiz, — derdi.
— Bo’ldi, bo’ldi.
— Gonorarni ham teng bo’lishamiz.
— Yaxshi, shoir, yaxshi!
Ular bir-birlari bilan hazillashganda sensirab, jiddiy so’zlashganda esa sizlab gapirardilar. Bunday hazil-huzullar payti Tog’ay aka baxtiyor ko’rinardi.  Uning yuzu ko’zlarida samimiyat, bolalarcha beg’uborlik barq urardi. Shu bilan birga ba’zan jahli chiqib tumtayib olardi. Birpasda ichimdagini top deganday,  jiddiy tortib, tund odamga aylanardi-qolardi. O’zi unchalik ko’p  ham gapirmas edi. U go’yoki o’z xayollari, yozayotgan asari qahramonlari hayoti bilan yashayotganga o’xshardi.
Biz asosan ikki mavzuda suhbatlashar, bahslashardik. Birinchisi, albatta, adabiyot edi. Men o’shanda Tog’ay akaning bu boradagi fikrlarini yozib qo’ymaganimdan ming bor afsusdaman. Esimda, u kishi o’shanda davr muammolari, ularni adabiyotda ko’tarib chiqish zarurligi haqida kuyunib so’zlardi.
Ayniqsa, asarning birinchi jumlasiga juda e’tibor berardi. Esimda,  «Ot kishnagan oqshom» qissasi boshlanishidagi «Ko’rgilik, birodarlar, ko’rgilik» jumlasini qancha izlaganlarini aytib bergandi. «Shu jumlani topgach, olamga sig’mas darajada xursand bo’lganman», degandi.
Yana adabiyotda yuz berayotgan nohaqliklardan ezilar, nafratlanardi. Tog’ay aka tasodifan bir yosh yozuvchi qaysidir katta yozuvchining asarini qayta ishlab berayotganining guvohi bo’lib qolibdi. Yosh yozuvchi Tog’ay akaga shunday deb maqtanarmish:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:27:10

— Mana, ustoz asarlari ustidan ishlayapman.
— Qani bir ko’ray-chi?!
Tog’ay aka varaq hoshiyasiga bitilgan quyidagi so’zlarni o’qibdi:
«... jon, katta rahmat, juda o’rinli tuzatibsiz. Asarning davomini yuboryapman. Shunday ishlayvering».
Tog’ay aka jig’ibiyron bo’lardi:
 — O’sha «otaxon» yozuvchimiz to asarini tugatguncha har kuni xizmat mashinasining haydovchisi orqali qo’lyozmasini yuborib turdi. Hatto oddiy jumla tuzishni ham durust bilmaydigan bunday yozuvchidan nima kutish mumkin? Yozuvchi do’stimdan ham ko’nglim qoldi.
Bizning ikkinchi sevimli mavzumiz futbol edi. Men ko’p futbol ishqibozlarini bilaman. Ular bilan o’yinni tahlil qilamiz, futbolchi va murabbiylarning yutuq-kamchiliklarini muhokama qilamiz. Lekin oralarida Tog’ay akachalik futbolni nozik va teran tushunadigan ishqibozni kam uchratganman. Tasavvur qiling: torgina xonada, ikkita karavot o’rtasiga qo’yilgan stolga mukka tushib o’n bir nafar o’yinchi qanday harakat qilishi kerakligini tongga qadar muhokama qilsak. Bu ham yetmaganday, erinmay qog’ozga futbol maydonchasi sxemasini chizardik. Jamoa (ko’proq sobiq terma jamoa) a’zolari qanday harakat qilishi zarurligini o’zimizcha tahlil qilardik. O’sha paytlar sobiq Ittifoq terma jamoasida Valeriy Lobanovskiy boshchiligida Oleg Bloxin, Oleg Protasov, Igor Belanov, Renat Dasaev, David Kipiani kabi o’yinchilar o’ynardi. Tog’ay aka har bir o’yinchi imkoniyatlarini yaxshi bilar edi. Ana shu imkoniyatdan kelib chiqib o’yin taktikasini belgilardi. Nechta himoyachi, nechta yarim himoyachi va qancha hujumchi harakat qilishini aytardi. Har bir o’yinchining harakatlanish yo’nalishlarini ko’rsatar, hujumga o’tganda yoki himoyalanganda qanday usulni qo’llash zarurligini sharhlardi:
— O’yin taktikasini ishlab chiqqanda raqib imkoniyatlarini hisobga olish kerak. Masalan, Belgiya himoyada o’ynaydigan komanda. Demak, avvalo ana shu himoyani qanday yorib o’tish masalasini hal qilish zarur. Geretsday himoyachini kim aldab o’tishi mumkin? Albatta, Kipiani! Ular qarshi hujumga juda tez o’tishadi. Bu hujumni qanday to’xtatib qolish mumkin? Buning chorasini topish shart.
1982 yilgi jahon chempionati oldidan bunday muhokamalarimiz avjiga chiqqandi. Hatto Tog’ay aka mardona shunday bashorat qilgandi:

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:27:24

— Bunday jamoa bilan jahon chempioni bo’lish mumkin. Faqat yaxshi jismoniy va ruhiy tayyorgarlik kerak. Har bir o’yinga to’g’ri taktika topish zarur. Chempionat davomida kuchni to’g’ri sarflash kerak.
Jamoada albatta psixolog, shifokor bo’lishi zarurligi, kuchala kabi giyohlardan foydalanish shartligiga  o’xshash  fikr¬lar ham nazarimizdan chetda qolmas edi. O’shanda «Paxtakor» jamoasi aviahalokatga uchraganiga uch-to’rt yil bo’lgan, hali ko’nglimizdagi yaralar bitmagan edi. Shuning uchun sevimli jamoamiz haqida deyarli suhbatlashmasdik. To’g’risi, bu mavzuni Tog’ay akaning yuraklari ko’tarolmasdi. Buni o’zlari ham, men ham yaxshi bilar edik. Shuning uchun ko’proq mamlakat terma jamoasi va chet el futboli haqida fikrlashardik. Ahyon-ahyon tillariga An va Fyodorov nomlari kelib qolar va beixtiyor ular taqdirini eslab, jim bo’lib qolardilar. Nazarimda, bunday suhbatlar Tog’ay akaga sal bo’lsa-da, turmush tashvishlarini unutishga yordam berardi.
Tog’ay aka qisqa davr ichida menga ko’p yaxshiliklar qilgandi. Shulardan biri sigareta chekishni tashlashimga sababchi bo’lganlaridir.
— O’zi o’pkangiz operatsiya qilingan bo’lsa... Sizga chekish mutlaqo mumkin emas! — derdilar kuyunib.
Chekishni qanday tashlash mumkinligi yo’llarini ham aytgandi. Yana sport bilan shug’ullanishga ko’p da’vat etardi. Ba’zan toza havoga chiqishni taklif qilardilar. Bo’zsuv bo’ylarini, «Minor» qabristoni atrofini aylanardik. Balki bu yalang¬liklar Tog’ay akaga Surxon vohasi manzaralarini eslatgandir. Menimcha, u shahar shovqinidan bezib shu joylardan orom topardi.
Biz yarim yil ichida aka-ukadek qadrdon bo’lib ketdik. Tog’ay aka boshqa kvartiraga ko’chib o’tganlaridan keyin ham bizning bordi-keldimiz uzilmadi. Mening uylanish bazmimda ishtirok etdilar. O’zlarining ham to’ylari Labzak yaqinidagi «Shirin» kafesida bo’lib o’tdi. Umrlarining oxirigacha anjumanlarda, adabiy davralarda uchrashib turardik. Biz uchrashib qolganlarimizda ko’pincha o’sha kechalardagi suhbatlarimizni eslardik.
 Hozir ham xayolda ba’zan o’sha xotiralar jonlanib qoladi. Shunda Tog’ay aka biror-bir mavzu bo’yicha o’z fikrlarini bayon etadi va mamnun jilmaygancha, bosh irg’ab deydi:
— Shoir ukam, yaxshi!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:28:40

MAHMUD ABULFAYZ

TOG’AY MUROD DALALARI
Agar oy bo’lsang ham ko’chamdan o’tma.
         

Tilak Jo’ra.

Adabiyotdan ozmi-ko’pmi xabaringiz bor. Bilarsiz, balki bilmassiz, o’zbek adabiyotida yorqin iz qoldirgan mashhur adib, O’zbekiston xalq yozuvchisi Tog’ay Murod Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining Xo’jasoat qishlog’idan bo’ladi. Bu qishloq o’zbek adabiyotiga, mustaqil Vatan adabiyotiga ham kirdi. Butun tamoyillari, odamlari, ularning fe’l-atvori, urf-odatlari, to’y-tomoshalari, ko’pkari, kurashlari bilan adabiyotda mustahkam o’rin olgan Xo’jasoatni, boringki, Oltinsoyni, oltinsoyliklarni yaxshi bilaman degan odam boshqa har xil manbalarni titkilashga vaqt sarflamasdan, Tog’ay Murod kitoblarini o’qiyversin.
Qachonlardir purhikmat va jozibali Xo’jasoat qishlog’i Tog’ay Murodni ardoqlab, erkalatib kamolga yetkazdi, so’ngra katta hayotga, demakki, ulkan adabiyotga yo’lladi. O’z navbatida Tog’ay Murod ham Xo’jasoatni ulug’ hurmat va ehtirom bilan katta adabiyotga olib kirdi. Xuddi Dog’iston shoiri Rasul Hamzatov Sada ovulini adabiyotda, demakki, dunyoga mashhur qilgani kabi, xuddi qirg’iz adibi Chingiz Aytmatov Shakar ovulini olamga yoygani kabi Tog’ay Murod ham Xo’jasoatni, uning qirlari, adirlarini, oppoq-oydin kechalarini, boring¬ki, butun Surxonni o’ziga xos mahorat bilan adabiyotga olib kirdi.
Aslini olganda, har bir shoir yoki yozuvchi uchun o’z tug’ilgan qishlog’i, ovuli, mahallasi butun umri, hatto sakson-yuz yil yashab, yozsa hamki, aslo tugamaydigan mavzu bo’lib qoladi. Qis¬qa umri davomida, xo’jasoatlik adib o’z yurtini, elini mahorat bilan kuylashga ulgura oldi. Bu borada adib uncha-muncha yozuvchi-shoirlar qilolmagan ulkan ishlarni uddalaganini e’tirof etish bizning burchimiz.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:30:06

* * *

Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanini yozishdan avval, aniqrog’i, 1988 yil bahorida Toshkentdan Surxondaryoga kelib, «Oltinsoy tongi» gazetasida bir necha muddat ishlaganidan ham xabaringiz bordir. Aslida Tog’ay Murod Surxondaryoga «Otamdan qolgan dalalar» romani uchun material to’plash, xalq hayotini, dehqon mehnatini o’rganish niyatida kelgan edi. Uning bu maqsadini o’sha vaqtlar «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasiga bergan intervyusi ham tasdiqlaydi. Tuman gazetasida ishlash esa adibning asl maqsadiga erishish uchun qo’l   kelardi.
Gazetaning bir sonida yozuvchi «So’fi Olloyor kim bo’lgan?» sarlavhali maqolasini e’lon qildi. Bu maqola o’z davrida ko’plarga yoqdi va ayni paytda ko’plarga yoqmadi ham.
Sobiq saltanatning sobiq mafkurasiga belini mahkam bog’lab xizmat qilayotganlar, unda-bunda panalab yurguvchilar hayallatmasdan mazkur maqola chop etilgan gazetadan bir donasini konvertga joylab o’sha paytdagi O’zbekiston kompartiyasi markaziy komitetining birinchi kotibi nomiga jo’natishadi. Oradan ko’p o’tmaydi. Yuqoridan kelgan topshiriqqa binoan, maqola raykomning byuro yig’ilishida muhokamaga qo’yiladi. Fol ochib yoki tavakkal gapirib nima qilaman: men raykomning bu yig’ilishida ishtirok etmaganman. Shu davrda «Oltinsoy tongi»Â¬da ishlagan Jo’ra Qodirovning guvohlik berishicha, raykom byurosi yig’ilishi chiqargan qarorda shunday so’zlar bor edi: «Gazeta muharriri Eshmirza Muhammadievga qattiq hayfsan berilsin. Bo’lim mudirlari ogohlantirilsin. Tog’ay Murod gazeta ishidan chetlashtirilsin».
Xullas, qo’llariga kaltak olib Tog’ay Murodni quvlaydilar. Adib yo’lini to’g’ri Toshkent sari soladi.

Qayd etilgan