Ey birodarim, bilib qo‘yki, xayolga kelib, kishi aqlini mashg‘ul qilib qo‘yuvchi turli fikrlar uning namozi g‘aflat ichida o‘qilishiga sabab bo‘ladi. U holda, xayolga kelgan bu mashg‘ul etuvchi fikrlarni daf etmoq lozim. Namoz o‘qilayotgan joy tinch bo‘lishi, e’tiborni bo‘luvchi ovozlar chiqarilmasligi, joynamozlarning o‘ta guldor-naqshdor bo‘lmasligi maqsadga muvofiqdir. Ko‘zni qamashtiruvchi guldor liboslar ham kishi e’tiborini bo‘ladi, namozning g‘aflatda o‘tishiga sabab bo‘ladi. Agar shunday narsalar kishi zehnini band etsa, ularni tashqariga chiqarish kerak. Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning hayotidan naql etilgan bir hodisa bu fikrimizni mustahkamlaydi.
Abu Jahm (Abu Jahm - Payg‘ambarimiz s.a.v.ning saxovatli sahobalaridan.) Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga bir libos bergandi. Bu libosni kiyib namoz o‘qigan Payg‘ambarimiz (s.a.v.), namozdan so‘ng yechib:
— Buni Abu Jahmga oborib bering. Hozirgina namozda ko‘p xayolimni bo‘ldi, deb aytdilar.
Sahobalardan biri Abu Tolho (Abu Talha - Ashobi Kirom orasida qaxramonlar qatorida sanaluvchi jangchilardandir. To‘la nomi — Abu Talha Zayd ibn Sahldir. Paygambarimiz (s.a.v.)ga otilgan o‘qlarga ko‘ksini tutardi. 20 hadis rivoyat qilgan. Hijriy 34 yilda vafot etgandir.) o‘z bog‘ida namoz o‘qiyotgan edi. Daraxtdagi bir qush e’tiborini bo‘ldi. Necha rakat o‘qiganini unutdi. So‘ngra Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qoshiga kelib bo‘lgan voqeani aytdi va:
— Ey Allohning Rasuli, bog‘imni sadaqaga beraman, —dedi
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «Xohlaganingni qil!» — dedilar. .
Ulug‘larimizning ba’zi birlari shunday deydi: Namozni to‘rt narsa qiynaydi:
1. Chayqalmoq.
2. Yuzini silamoq.
3. Sajda qilayotganda xas-cho‘p va tosh-poshlarni surib qo‘ymoq
4. Ro‘parasida yo‘l bo‘lgan joyda namozga turmoq
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilarki:
— Kishi namozini xushu bilan va bajonidil o‘qib, o‘ngga-so‘lga chayqalmasa, Alloh uning namoziga nazar tashlaydi.
Hz. Abu Bakr namozini qat’iyan xushu ila va bajonidil o‘qirdi. Namoz chog‘i turishlari doim bamisoli jonsiz bir daraxtni eslatardi.Ulug‘lardan ba’zi birlari ruku asnosida shunday tek- turar edilarki, chumchuqlar ularni jonsiz bilib, ustiga qo‘nardi.
Bulardan tashqari, aql taqozosiga ko‘ra, dunyo sultonlarining huzurida ta’zim bilan turiladi. Modomiki shundoq qilarkanmiz, sultonlarning sultoni bo‘lmish Allohning huzurida ta’zim bilan turish kerakmasmi?
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bildirdilarki:
— (Alloh buyuradi): Bandam, faqat unga men farz qilgan narsalarni ado etish bilangina o‘zini azobdan qutqarishi mumkin.