Ka’b o‘g‘li Muhammad: «Toki qachon ulardan biriga o‘lim kelganda: «Parvardigor, meni (yana hayotga) qaytaringlar, shoyad, men qolgan umrimda yaxshi amal qilsam» (Mo‘minlar surasi, 99-oyat va 100-oyatning boshlanish qismi) deb qolur» mazmunidagi oyatlarni o‘qib o‘tirardi, bir payt dediki:
— Kishining ruhidan: «Nima istaysan? Nimaga havasing ketgan? Mol-mulk to‘plashgami, bog‘-rog‘ yaratishgami, binolar qurishgami — nima uchun dunyoga qaytishni istaysan?! — deb so‘raladi.
U esa derki:
— Balki zoe qilgan umrim evaziga yaxshi amal va harakatlarda bo‘larman.
Shunda Alloh buyuradi:
— Yo‘q! Aslida bu (har bir jon berayotgan kofir) aytadigan so‘zdir. (Mo‘minlar surasi, 100-oyatning ikkinchi jumlasi)
Abu Hurayra hikoya qiladi:
Alloh Rasuli (s.a.v.) aytdilarki:
- Mo‘min qabrida yam-yashil bog‘ ichida bo‘ladi. Qabri yetmish qadam kengaytiriladi. Ichi Oyning o‘n to‘rtinchi kechasi kabi yorug‘ qilinadi. Bilasizmi, «Kim mening eslatmamdan yuz o‘girsa, bas, albatta, uning uchun tang—baxtsiz hayot bo‘lur» (Toha surasi, 124-oyat) oyati kimni nazarda tutib nozil bo‘lgan?
Sahobalar:
— Buni faqat Alloh va uning Rasuli biladi!..
Payg‘ambar (s.a.v.):
— Bu oyat kofirning qabrida ko‘radigan azobiga oiddir. U kofirni to‘qson to‘qqiz tinnin bezovta qiladi. Tinnin nima, bilasizlarmi?
Sahobalar:
— Yo‘q!
Payg‘ambar (s.a.v.):
— U - har biri yetti boshli to‘qson to‘qqiz ilondir. Qabrlaridan turg‘aziladigan paytgacha kofirlarni chaqadilar, zaharlaydilar va shishiradilar.
Bu sanoqning to‘qson to‘qqiz bo‘lishiga va har bir ilonning yetti boshi bo‘lishiga hayratlanmaslik kerak. Chunki bu ilonlar va chayonlarning sanog‘i kibr, riyo, hasad, gina, dushmanlik... singari yomon fe’l-atvorlarning sanog‘icha keladi. Yomon fe’l-atvorlarning asl bo‘lganlari bilan bir qatorda yana keyin paydo bo‘lgan va shoxlaganlari ham bor. Bu shoxlagan fe’l-atvorlar yana takroran o‘zaro mayda shoxchalarga bo‘linib ketadilar. Xoh kibr, riyo, hasad, kin-adovat... kabi asosiy yomon fe’l-atvorlar bo‘lsin, xohbulardan tug‘ilgan boshqa yomon fe’llar bo‘lsin — barcha-barchasi bir xil tarzda yaxshilikni o‘ldiruvchi, shaxsning va jamiyatning ruhini, undagi insonlik tuyg‘ularini mahv etuvchi xastaliklardir. Mana shu yomon va g‘ayriinsoniy fe’l-atvorlar aynan ilonlar va chayonlar holiga keladilar. Bu ilon va chayonlarning eng kuchlilari hayotni tinnin kabi zaharlaydilar. Ya’ni yetti boshli ilon zaharlaganda vujudga qanday achchiq azob bersa, bu yomon fe’l-atvorlardan biri bir kimsada bo‘lsa, u shu fe’l-atvori bilan boshqalarning ruhiga va insoniy tuyg‘ulariga shunday ziyon beradi. Bu ilon va chayonlarning eng zaifi esa kishini chayon chaqqanchalik bezovta qiladi. Ya’ni kishini bir chayon chaqqanda vujudida qanchalik buzilishni yuzaga chiqarsa, kichkinagina bir yomon fe’l-atvor ham inson ruhida, insoniy fe’l va tuyg‘ularda shunchalik buzilishni yuzaga chiqaradi. Eng katta ilonlar va chayonlar bilan eng kichik ilonlar va chayonlar orasidagi boshqa ilon va chayonlar esa chaqqan vaqtlarida har qanday ilon chaqqanda beradigan og‘riq va azobni, o‘sha achchiqning o‘zini beradilar.