— Chunki men haj safari umidi bilan tirikman. Bo‘lmasa, men ikki tomchi suvday mana shu yakrang, zerikarli kunlarga, buyumlarim terib qo‘yilgan bu o‘lik jovonlarga, har kuni qatnaydigan o‘sha kir-chir yemakxonaga — shu turush-turmushga chiday olarmidim. Qo‘rqaman, nasib etib umid-orzuim ro‘yobga chiqquday bo‘lsa, undan keyin hayotda tayanib yashaydigan boshqa ilinjim qolmaydi. Sen esa bosh-qachasan, menga o‘xshamaysan, o‘z orzu-niyatingga yetishishga ishtiyoqing zo‘r. Mening faqat Makka xayoli bilan yashagim bor. Sahroni kezib o‘tishim, muqaddas tosh turgan maydonga borishim, uning tevaragini yetti bor aylangach, tavof olishimni minglab marta ko‘z oldimga keltirganman. Biroq qo‘rqaman umidsiz bo‘lib qolishdan, shuning uchun orzu-niyatimdan ayrilib qolmay deyman.
Shu kuni u Santyagoga do‘kon tashqarisida yangi peshtaxta taxlashga ruxsat berdi. Hamma bir xilda orzu qilib, bir xil tush ko‘rmaydi.
Oradan tag‘in ikki oy o‘tdi — tashqariga qo‘yilgan peshtaxta juda qo‘l keldi: do‘kondan odam arimay qoldi. Santyago chamalab ko‘rdi: ishlar shu zaylda ketsa yarim yildan so‘ng u Ispaniyaga qaytadi, boz ustiga, oltmish emas, yuz yigirma bosh qo‘y sotib oladi. Bir yil ichida suruviga suruv qo‘shiladi va u arablar bilan savdoni boshlab yuboradi, chunki endi ularning tilida gapirishga baharnov o‘rgandi. Bozordagi o‘sha voqeadan beri u to‘rvasidan Urim va Tumim toshchalarini qaytib olmagandi, boisiki, Misr uning uchun, xuddi xo‘jayiniga Makka safari ushalmas orzuga aylanganiday, qo‘l yetmas yulduz bo‘lib qoldi. Yumushi uni qoniqtirar va doim xayolida kemadan Tarifga g‘olib sifatida tushib kelishini tasavvur qilardi.