50- bob. Qur’on evaziga (mahr bermay) uylantirib qo‘ymoq haqida
Sahl ibn Sa’d as-So’idiy rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlaridagi bir qavm orasida erdim. Shunda, bir ayol o‘rnidan turib: «Yo Rasulalloh!» — deb murojaat qildi-da, o‘zini ul zotga hadya qilganligini aytdi. Ul zot indamadilar. Keyin, u yana o‘rnidan turib: «Yo Rasulalloh!» —deb murojaat qildi-da, o‘zini ul zotga hadya qilganligini aytdi. Ul zot yana indamadilar. U yana o‘rnidan turib: «Yo Rasulalloh!» —deb murojaat qildi-da, o‘zini ul zotga hadya qilganligini aytdi. Shunda bir kishi o‘rnidan turib: «Yo Rasulalloh, meni unga uylantirib qo‘ya qolingiz!» — dedi. Ul zot: «Mahriga berarlik biror narsang bormi?» — dedilar. U: «Yo‘q»,— dedi. Ul zot: «Bor, loaqal bitta temir uzuk bo‘lsa ham, topib kel!» — dedilar. U borib qidirib keldi-da: «Hech narsa yo‘q, hatto temir uzuk ham topolmadim»,— dedi. Ul zot: «Qur’ondan biror narsa bilasanmi?»—dedilar. U: «Men Qur’ondan falon va falon suralarni bilaman»,— dedi. Ul zot: «Bor, ketaver, biz seni Qur’ondan bilgan narsalaring evaziga bu xotinga uylantirdik!» — dedilar».