Demak, do‘zaxdan chiqqanidan so‘ng dunyo mislining o‘n barobari yoki undan ko‘prog‘i bilan siylanadigan kishilar shu tartibda darajalarga ega bo‘ladilar.
Tavhid ahli do‘zaxda abadmy qolmaydi. Tavhid deganda faqat til bilan "la ilaha illalloh"ni aytish nazarda tutilmayapti. Chunki, til mulk va shahodat olamiga tegishli bo‘lib, shu olamdagina undan manfaat bor. Ya’ni til "la ilaha illalloh" desa, bo‘yin sari sermalajak qilichlar qinga qaytadi. Til sabab bo‘lib, bo‘yin omon qoladi.
G’animat(jangda qo‘lga tushgan o‘lja)ga cho‘zilgan qo‘llar "la ilaha illalloh"ni aytgan kishining molidan chekiladi. Til sabab bo‘lib, mol omon qoladi. Bu holat hayot muddati qadar, to o‘lim kelguncha davom etadi. Keyin-chi? ...keyin na bo‘yin bor, na mol. Endi tildan manfaat yo‘q. Balki, bu kunda chin tavhid, tavhidning kamoli foyda beradi. Tavhidning kamoli nima?
Qachonki, barcha ishlar faqat Allohdan, deb bilinsa, mana shu tavhidning kamolidir. Buning alomati shuki, bo‘lib o‘tgan ish uchun birorta bandaga g‘azab qilinmaydi. Negaki, tavhidning kamoliga erishgan inson uchun har bir ishning sodir bo‘lishiga vositalar emas, balki "musabbibul asbob" sababdir.
Bu tavhid ham tafovutlidir. Kimningdir tavhidi tog‘lar misoli, kimnikidir bir misqol. Kimdadir tavhid xantal urug‘icha, kimdadir zarra miqdor. Bas, qalbida dinor misqolicha iymoni bor kishi do‘zaxdan avval chiqadi. Qalbida zarra misqolicha iymoni bor kishi esa, do‘zaxdan oxirgi chiqadigan kishidir.
Tavhid ahlining do‘zaxga kirishiga bandalarga qilingan zulmlar ko‘proq sabab bo‘ladi. Bandalarning haqlari yozilgan daftar tark etilmaydi. Qolgan gunohlar afv va kafforat ila kechiriladi.