Tohir Malik. Iymonlashish umidi  ( 125825 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:12:18

* * *

Kishining komil saodatga erishmog‘i uchun avvalo xalq farovon bo‘lmog‘i darkor. Xalq farovon bo‘lmog‘i uchun oila baxtli bo‘lmog‘i shart. Oila baxtli bo‘lmog‘i uchun kishining o‘zida ezgulik bo‘lmog‘i lozim. Kishida ezgulik bo‘lmog‘i uchun uning qalbi toza bo‘lmog‘i zarur. Chunki kishining xazinasi aynan o‘z qalbidadir. qalbning pokizaligi uchun to‘g‘ri, aqlli, hikmatli fikrlar darkor. Aqlli fikrlar uchun esa yuqori darajadagi bilim kerak. Yuqori darajadagi bilimga yetishmoq uchun kishi o‘zini o‘zi o‘qishga o‘rgatmog‘i lozim.
Dunyodagi barcha narsalar o‘zining ildiziga va oqibatga ega, barcha ishlarning ibtidosi va intihosi mavjuddir. Mana shu boshlanish va yakunlanish masofasi oralig‘ida nimalar birinchi darajali muhim, nimalar oxirgi darajani tashkil etadi — buni anglab yetish kishi egallagan bilimning mag‘zini belgilaydi. Kishining komillik sari qadam qo‘yishi barcha narsalarning ibtidosidir. Agar uning bilim daraxti ildizi befarqlik va iltifotsizlik bo‘lsa, mevasi ham shunga yarashadir. Kishi asosiy maqsadini aniq belgilab olgach, boshqa mayda-chuyda niyat va umidlarni chetga surib hotirjamlik va sabotga yetishadi. Osoyishtalik va sabotga yetgan kishi ma’lum bir narsa xususida tiniq fikr yuritmog‘i mumkin. Ma’lum bir narsa xususida tiniq fikrlay olgach, maqsadga yetishmoq mumkin.
O’tmish faylasuflarining fikri shunday ekan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:12:27

* * *

So‘radilar:
— Olijanob kishi mardlikni, jasurlikni qadrlashi kerakmi?
Javob berdilar:
— Olijanob inson eng avvalo adolatni qadrlaydi. Olijanob kishi jasur bo‘lsa-yu, adolatsizlik qilsa, fitna va notinchlikni uyg‘otadi. Adolatdan uzoq, ammo jasur mayda odam esa qaroqchiga aylanadi.
So‘radilar:
— Olijanob kishi biron-bir odamni yoqtirmasligi mumkinmi?
Javob berdilar:
— Mumkin. Avvalo g‘iybatchilardan hazar qiladi, pastroq martaba egalarining yuqori amaldagilar oldida laganbardorlik qilishlaridan nafratlanadi, odatlarga xilof ish yurituvchi mardlardan, jasur, ammo qaysarlardan o‘zini nari tutadi.
So‘radilar:
— Yana kimlarni yoqtirmaydi?
Javob berdilar:
— Birovning aqli bilan tirikchilik qiluvchilarni, bo‘ysunmaslikni jasorat, chaqimchilikni haqiqatgo‘ylik deb biluvchilarni yomon ko‘radi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:12:34

* * *

Inson tabiati ko‘p g‘alatidir: boyligini yo‘qotsa, qayg‘uradi, dunyo ko‘zlariga qorong‘u ko‘rinadi. Ammo, hayotining kunlari manguga yo‘qolayotgani bilan ishi yo‘q...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:12:44

* * *

Ittifoqo hukmdorning ko‘zi bog‘bonning go‘zal xotiniga tushibdi-yu, shayton vasvasa qila boshlabdi. U bog‘bonni bir bahona bilan safarga jo‘natibdi-da, go‘zalga «barcha eshiklarni yaxshilab berkit», deb buyuribdi. Xotin amrni bajargach, ehtiyotdan so‘rabdi:
— Hamma eshiklarni berkitdingmi?
— Yo‘q, — debdi ayol, — uchta eshikni harchand urinsam ham berkitolmadim.
— qaysi eshiklar ekan, o‘zim berkitay, — debdi nafsga bandi hukmdor.
— Ularni siz berkitolmaysiz. Men vijdon, hayo, sadoqat eshiklarini berkitolmadim.
Hukmdorga ozgina bo‘lsa-da, insof bor ekan, ayolning gapini eshitib, o‘zining qilig‘idan uyalibdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:13:01

* * *

Bir toshkesar bor ekan. Topgan pulini o‘zi yerkan, ortsa gadolarga berarkan, ulardanda ortsa — itlarga tashlarkan. Ertagi kuni uchun hech narsa olib qo‘ymas ekan. Kunlarning birida safardagi taqvodor uning kulbasiga qo‘nibdi. Toshkesarning qanday yashashini ko‘rib, duo qilibdiki:
— Ya Rabbim, bu qulingni bunchalik kambag‘allikda ushlama, unga ham boylik ber.
Uning iltijosiga javoban farishta debdiki:
— Sen kimni duo qilayotganingni fahmlamading. Biz uning fe’l-atvorini bilamiz, boylik berilsa u o‘zini eplay olmay qoladi.
— Bu odam boriga qanoat qilib yashashga o‘rgangan, boylik oldida talvasaga tushmaydi, — deb yana iltijo qilibdi taqvodor.
Xullas, uning duosi ijobat bo‘lib, toshkesar tog‘da bir g‘orga duch kelibdi. Ichkari kiribdi-yu, behisob boylikka ega bo‘libdi.
U boylikni yashirincha uyiga tashib keltiribdi. So‘ng boshqa mamlakatga ko‘chibdi. Dang‘illama saroy qurdiribdi. Eshiklari og‘ziga posbonlar qo‘yibdi. Xasislik balosiga mubtalo bo‘lib, muhtojlarni ham unutibdi, hatto unga boylik ato qilgan Xudoni ham esidan chiqaribdi. Shunda farishta taqvodorga bu haqda xabar beribdi. Taqvodor toshkesarni insofga chaqirmoq qasdida yo‘lga tushib, uning saroyiga ro‘para bo‘libdi. Posbonlar uni ichkariga kiritmay, urib-urib haydashibdi. Shunda farishta yana paydo bo‘lib debdiki:
— Kimni duo qilganingni endi fahmlab yetdingmi?
— Aybdor menman, har qanday jazoga tayyorman, — debdi taqvodor.
— Boylikni hamma ham ko‘tara olmaydi. U toshkesarligini qilgani ma’qul,-debdi farishta.
O’sha kunlari toshkessar mamlakat podshosiga qarshi fitna tayyorlayotgan ekan. Podsho bundan xabar topib, uni ta’qib eta boshlabdi. Odamlarini zindonband qilibdi, saroyining kulini ko‘kka sovuribdi. Toshkesar bir amallab qochib qutilibdi. Boylik topgan kuni tog‘da qoldirgan cho‘kichini izlab topibdi — asliga qaytibdi.
Xuddi shunga o‘xshagan voqealar hozir ko‘p uchrayapti. Bir qaralsa — odamning tagida qo‘sh mashina, saroymand uy qurgan. Bir qarasa, mashinalar ham uylar ham sotilgan... Kechagi boy bugun qarzga botgan... «Ko‘rpangga qarab oyoq uzatgin», deganlari shudirda, a?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:13:20

* * *

Hotamtoyning qo‘rg‘onida qirqta darcha bor ekan. Har kuni muhtojlar shu darchalarga kelisharkan, Hotamtoydan sadaqa-ehsonlarni olib, duo qilib ketisharkan.
Bir kuni Hotamtoyning ukasi onasiga nolib qolibdi;
— Nima uchun hamma faqat akamni alqaydi, duo qiladi. Men ham sahiyman-ku?
Onasi o‘g‘lining boshini mehr bilan silabdi-yu, javob bermabdi.
Ertasiga darchalardan birida tilanchi kampir ko‘rinibdi. Hotamtoy uyda yo‘q ekan, ukasi sadaqa beribdi.
Haligi kampir ikkinchi darchadan kelib so‘rabdi. Uka yana sadaqa beribdi. Uchinchi darchadan ham uzatibdi. To‘rtinchiga kelganda Hotamtoyning ukasi:
— Sen qanaqa tilanchisan o‘zing, hozir uch marta olding-ku? — deb achchiqlanibdi. Shunda kampir boshidagi eski yopinchiqni olibdi. U gado emas, Hotamtoyning onasi ekan.
— Ana ko‘rdingmi, o‘g‘lim, — debdi ona, — men shu ahvolda qirqta darchadan so‘raganimda ham akang lom-mim demay sadaqa bergan. Sen o‘zingni sahiy deb bilganing bilan, asli qoningda xasislik bor, bolam. Akang chaqaloqligida bitta ko‘kragimni emib, ikkinchisini emmas edi, senga ilinardi. Sen esang bitta ko‘kragimni emib turib, ikkinchisini qo‘ling bilan changallab, berkitib turarding... Akangday bo‘lolmasligingni men o‘shanda bilganman...
Dunyodan ko‘p boylar o‘tdi. Hotamtoy esa bittagina edi. Hozir ham boylar ko‘p dunyoda. Hotamtoy esa...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:13:30

* * *

Bir odamning ro‘parasidan ojiz odam chiqib qoldi. «Bu ko‘zi ojiz odamni bir sinab ko‘rmaymi?» debdi u kishi va to‘g‘ri borib unga urilibdi.
— Sen qanday bezorisan, menday ko‘zi ojiz notavonni turtding-a, Xudodan qo‘rqmaysanmi? — deb nolibdi ojiz.
— Men ham ojiz odamman, senga behos urildim, kechir meni, — debdi u kishi. Uzr qabul etilib, ular o‘tiribdilar-da, shirin suhbatni boshlabdilar.
— Omadim kelib yigirmata kumush tangaga yetishdim, — debdi u kishi, — lekin bu tangalarning qay biri asl, qay biri soxta ekan, bilmayman.
— Omadingiz kelibdi, birodar, men ko‘zim ko‘r bo‘lguniga qadar zargar edim. Tangalarning qay biri soxta, qay biri asl — barmoqlarim bilan silab turib ham bilib beraman.
U kishi go‘yo ojizning gapiga inongan bo‘lib, kumush tangalarni beribdi. Ojiz esa tangalarni belboqiga tugib, o‘tirgan yeridan surila-surila nari ketibdi-da, pisib olibdi. Nazarida berkinib olganday bo‘libdi. Ko‘zi ochiq kishi uning bu qiliqidan achchiqlansa-da, xuddi ojizni ko‘rmayotganday, iltijo qilibdi:
— qaerdasiz, birodar, men pullarni ko‘p azoblar bilan topgan edim, sho‘rimni quritib qo‘ymang, o‘zingiz esa gunohga botmang.
Ojiz javob bermay, pisib o‘tiraveribdi. Shunda u kishi bir kesak olibdi-da:
— Ya Xudoyim, o‘zing mehribonsan, agar u birodorim shayton yo‘liga kirib, tangalarimni olib qo‘yishni xayol qilgan bo‘lsa, shu kesak uning oyog‘iga tegsin, — deb kesakni otibdi. Ojiz oyog‘iga kesak tegishi bilan cho‘chib, yanada nariroq surilibdi.
— Ya Robbim, men birodarim degan odam makkorlik qilib tangalarimni olib qo‘ymoqchiga o‘xshaydi. Agar shunday bo‘lsa, bu kesak uning yelkasiga tegsin! — Bu safar ham kesak mo‘ljalga tekkach, ojiz yana joyini o‘zgartiribdi.
— Ya Robbim, o‘zing mehribonsan. Agar birodarim chindan ham makkor o‘g‘ri bo‘lsa bu tosh peshonasiga tegib, miyasini o‘pirib chiqib ketsin! — debdi u kishi. Bu gapdan ojiz qo‘rqib ketibdi. «U ikki marta kesak otuvdi aytgan joyga tegdi, bunisi ham mo‘ljalga tegsa, o‘laman, tangalar kimga qoladi?» — deb o‘ylab, jonholatda:
— Hoy, birodarim, muncha hovliqmasang, men tangalaringni saralayapman-ku, axir, — debdi.
— Xudo seni bekorga bu ahvolga solmagan ekan. Sen — so‘qir, men basirni aldamoqchi bo‘lding-a! — degan ekan u kishi.
Hayotda shunaqasi ham uchrab turadi. Hech kim ko‘rmayapti, deb gunohlarni qilaveramiz. Bilolmaymizki, hatto tun pardasi ham ayblarimizni yopa olmaydi. Hazrat Ahmad Yassaviy bolalik chog‘larida muallimlari buyuribdilarki:
— Bolalar, ertaga har biringiz bitta xo‘rozni tutib, Allohning nazari tushmaydigan joyda so‘yib kelinglar.
Bolalarning biri xo‘rozni tunda so‘yibdi, yana biri ko‘prik ostida... so‘yib kelishibdi. Ahmad Yassaviy hazratlari esa xo‘rozni tirigicha ko‘tarib kelibdilar.
— Sen nima uchun aytganimni qilmading? — debdi muallim.
Shunda bo‘lajak valiy javob beribdilarkim:
— Ustoz, men xo‘rozni so‘ymoqlik uchun Allohning nazari tushmaydurgon joyni topolmadim. Yer yuzasining har bir nuqtasiga, kunu tun Allohning nazari tushib turibdi.
Hazrat Ahmad Yassaviy bolalik chog‘laridayoq bu haqiqatni anglaganlar. Agar inson bolalari ham bu haqiqatni tushunib yetsalar edi, qancha-qancha gunohlarning oldi olinardi...

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:13:37

* * *

Nimalarni oltin qimmati bilan o‘lchab bo‘lmaydi: ota-ona duosini, ota-ona mehrini, ota-ona yuzidagi nurni. Yana chin do‘stni, yorning vofosini, farzandning kulgusini. Bir qop oltini bor odam bulardan bebahra bo‘lsa bu dunyosi ham, u dunyosi ham kuygan, deyavering.

* * *

Suruv qaytyapti. qor-yomg‘irlarni rosa shimib semirgan yerni qoplagan o‘tloqda to‘ygan qo‘zilar terisiga siqmaydi. Ikki qo‘zi bir-biriga kalla uryapti: ular dunyoning lazzati shu urushda, «zo‘rman», degan qo‘chqorni qochirib, gerdayib yurishda deb biladilar. Ikki qo‘chqor qo‘zi olishayotgan damda uchinchisi urqochiga sakrayapti. U dunyoning lazzatini faqat shunda deb biladi...

* * *

Mushuklar itlardan ko‘p. Ular chaqqon. Harakat doirasi ham keng. Lekin itlardan qo‘rqishadi. Chunki ular sira birlasha olishmaydi. Besh-o‘n it birlashib olib hurishi, odamni qo‘rqitishi mumkin. Hatto talashdan ham qaytmaydi. Lekin mushuklar birlashib turib, itlarga qarshi miyovlay olishmaydi. Ularning fojiasi ham shunda.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:13:45

* * *

Radiomuxbir tishga oid xastaliklar shifoxonasidan hikoya qila turib, «30-yillarda ham Toshkentda tish doktorlari bor ekan, demak, meditsinaning bu sohasida ham tariximiz bor», deb faxrlandi. U aytmoqchi bo‘lgan tarix 70—80 yilni tashkil etadimi? Nodonlik ham shunchalar bo‘ladimi? qadim ajdodlarimizning tishlari bor edimi? Tishlari og‘rib ham turgandir, davolatishgandir yo oldirishgandir? Yo «qachon XX asr kirib kelarkin, qachon sovet meditsinasi bilan stomatologiya paydo bo‘larkin?» deb orzu qilib, voy-voylab yuraverishganmi? Radiomuxbir suhbatlashayotgan vrach esa «tish cho‘tkasi Toshkentda paydo bo‘lgan, Keyin Yevropaga o‘tgan. Toshkentda daraxt shoxini qaynatib, tishga surtishgan», deb izoh berdi. O’zbekchani ruscha talaffuz bilan arang gapirayotgan bu yigitdan xafa bo‘lmaslik mumkin: tilni bilmagan tarixni bilarmidi?
Avvalo har qanday daraxtning shoxini tishga surtish mumkin emas. qolaversa, qadimdan tish misvak bilan tozalangani ma’lum. Misvak — shox emas, ildiz. Asosan arablar yurtidan keltirilgan. Misvak bilan tish tozalash — sunnat amali hisoblanadi. Bu — 1400 yillik tarix. Undan oldin ham tozalash usullari bo‘lgani shubhasiz. Faqat ne isnodki, kamina ham buni aniq bilmaydi. Bilganimiz: qadimdan to XX asrning birinchi choragiga qadar sartaroshlar zimmasida tishni davolash ham bo‘lgan ekan. Sartaroshlarning ayrimlari soch-soqol olishdan tashqari o‘g‘il bolalarni sunnat qilishgan, tishni davolashgan yoki sug‘urishgan. Zamonaviy stomatologiya rivojlanib, odamlar sartaroshxonalarga bormay qo‘yishdi. Ajabki, jarrohlik (xirurgiya) rivojlansa ham, bolalarni hamon sartaroshlarga ishonishadi. Nega shunday ekan? Sovet davrida sunnat qilgan jarroh eskilik sarqiti bilan shug‘ullanayapti, deb jazolangan. Balki shu bahonada jarrohlar hanuzgacha g‘ayrat qilmaslar?

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:13:53

* * *

Xushaxloq, ma’naviyatning komilligiga erishmoqni maqsad qilgan kishining qalbi ozod bo‘lmog‘i shart. Kimlardandir ranjiyveradigan, nimalardandir qo‘rqaveradigan, xissiyotga berilaveradigan odamning qalbi ozod bo‘lolmaydi. Kimki o‘zini qo‘lga ololmasa, fikrlarini foydali nuqtaga qaratolmasa, behuda narsalar bilan ovora bo‘lsa, ko‘rinib turgan narsani ko‘ra olmaydi, eshitilib turgan haqiqatni eshitolmaydi. Oqibatda oqu qorani ham ajratish fazilatidan mahrum bo‘ladi.

* * *

Donolar debdilarkim: eng kam bahslashuvchilar eng oqil muallimlardir.

Qayd etilgan