Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129950 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:30:40

94

Kibru havodan yiroq bo‘lgan holda, bu kulgili hikoyalarni ko‘plab yangi hislar topish uchun esladim. Bu qanday tuyg‘ular ekanini keyinroq aytib beraman. Lekin hozir Lining menga bo‘lgan munosabatini va o‘zimning unga munosabatim zamirida qanday ma'no yotganini chaqishga harakat qilmoqdaman. Bir kuni meteorologik boshpanamizda u asirdoshlarining biridan eshitgan hikoyani so‘zlab bergandi. O'sha mahal bu hikoyaga u qadar e'tibor bermagan ekanman, biroq endi undagi har bir tafsilotni ikir-chikirigacha eslashga urinyapman, chunki bu ko‘p narsani tushunishga yordam beradi. Hikoya jangarilarimizdan bir nechasi jalb qilingan portlash xususida edi. Hozir angladimki, bu men Urumchi va Lukni tashlab qochganimda sodir bo‘lgan portlash ekan.
«Portlashlar mahalliy terrorchi kuchlarga to‘nkalgan va hukumat ulardan istalgan norozilikni barbod qilishda foydalangan. Jangarilar ustidan katta sud bo‘lib, ularning bari jinoyatni bo‘yinga olishgandi, shunga qaramay, ko‘plari o‘limga mahkum etilgan. Qizig‘i shundaki, bir kishidan tashqari, mahkumlarning birortasi portlash joyida bo‘lmagan. Haqiqiy jinoyatchilar esa qochib ketishga ulgurgan.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:30:46

Undan-da qizig‘i: o‘sha harakatning yetakchilaridan biri portlashdan uch oy avval qo‘lga olingan. U xavfsizlik xizmatiga ikkiga ajralgan ekstremist guruh borligi, ular tashvish tug‘dirish mumkinligi haqida gapirib, u guruhning boshlig‘i ismini aytib bergan. Alalxusus, portlashlarga uning o‘zini aybdor deb topishgan. O'sha yigit turmada o‘zini o‘zi o‘ldiradi.
Shundan so‘ng Li bu yetakchi juda ilmli ekani va undan ko‘plab yangi narsalarni o‘rganganini aytadi. Oxir oqibat ular harbiy asirlar lagerida ma'lum bir qo‘lyozmani birga o‘qishadi. Li yana qo‘shimcha qildiki, biror kimning yaxshi niyati ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘zaxga eltishi mumkin edi. Unutilgan o‘lim dahshati darhol boshimda qanot qoqa boshladi, lekin ayni paytda ko‘proq Li haqida o‘ylayapman. Agar o‘sha portlashlarni hukumat tashviq qilgan yoki rejalashtirgan bo‘lsa, Li bu xususda qaerdan bilishi mumkin? Va agar u buni va mening hayotimni yaxshi bilsa, u davlatga ishlayotgan bo‘lib chiqadimi? Lekin bir soniya to‘xtang - yigirma daqiqa burun uni jangari deya meni kuzatib yurganidan shubhalandim. Kim o‘zi u? Hozir qaerda yuribdi?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:30:59

95

Saltanat xavf ostida qolgandi. Tongyuquq buni dashtdagi noyakdillik isidan sezdi, shunga qaramay Bilga-Hoqon umumjahon aqlu zakovat daftari ustida g‘ururlanib o‘tirardi. Boshing aqlsiz bo‘lgani holda dunyo zakovatining ma'nisi ne bo‘ldi? Bu zakovatni keltirgan kishilar asal beruvchi nayzali asalariga o‘xshashadi. Ikkiyuzlamachi xitoylik josus va shu tomonda dashtning kelgusi hukmdori. Tibetlik Bulen rasmiy dini Lamaizmni unutib yubordi va norasmiy Bon dinini o‘qitib yurdi. Udar-Sengun Kul-Tegin bevasining sevgilisiga aylandi; tamg‘achi Makrach va O'n-o‘q qabilasidan kelgan O'g‘uz-bilga yangi sharhlarini shahvoniyatning ob'ekti sifatida ishlatadi... Va bu buzuqlik cho‘zilgandan cho‘zilaveradi.
Janubda, Xitoy hukmdori uyg‘ur qabilasi boshlig‘i Shansuni quvg‘in qiladi. Uyg‘urlar hozir xitoyliklar va Ko‘k Turklari zulmidan bezor. Shansuning o‘g‘li Hoshu g‘alayon ko‘tarib, Xitoy-Otuken karvon yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Sharqda Qitan Katugan boshlig‘i Xitoy elchisini o‘ldirib, uning boshqa generallarini turklarga yuboradi. Lekin turklar o‘ralashib o‘tirmaydi va xitoylik yuborgan josus Katugan va uning oilasini kallasidan judo etadi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:31:06

Qitanlar garchi sotqinni chopib tashlagan va yana bir bor ko‘k turklariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, Bilga-Hoqon ayni paytda Saltanatdan ayrilib qolishga aloqador o‘zining mangu ishlari bilan band edi...
Tongyuquq allaqachon Hukmdorga ta'sir qilishga uringan, xavfni kengaytirishga ko‘maklashgan va buni Hukmdorga ko‘rsatgani holda Bilga-Hoqonni o‘g‘lidan ayirgan, shunga qaramay, Tongyuquqning qizi hanuz ishning borishiga ta'sir ko‘rsatib turardi. Hoqon bekordan-bekorga Makon ustidan g‘alaba qilgani kabi Vaqtni ham yengaman deb urinib yuribdi. Dono tulki ovchisi kelajakka borishi kerakmi va yana o‘zi kelajak haqida qayg‘ursinmi? Nahot Tangri samoviy javobgarlikni uning cho‘kib borayotgan sersuyak yelkasiga yuklayotgan bo‘lsa?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:31:15

96

Ba'zi o‘rinlarda Ko‘k Turklari tarixi xususida juda ko‘p kishilar tadqiqot olib borganini anglayman: Radlov va Malov, Klauson va Chavannes, Bang va Ota Malik Juvoniy, Bichurin va Gumilev, Grouset va Peliot, Liu Mau-tasai va Julen. Faqat nomlar, nomlar, nomlar. Ba'zi nuqtalarda men ularning hayoti bilan qiziqdim va avval Luk va Zev, Valaamov va Tenzig, At-Tohariy va ismsiz darvish kabi ularning hayotiga sho‘ng‘ib ketishim mumkinligini angladim.
Ikkinchi tomondan o‘zim ham ularning biriga aylandim va hayotim o‘rganishga arzigulik misol bo‘lib qoldi. Ish shuni taqozo etdi. Bu qachon sodir bo‘lganini sezmagan esam-da, lekin hozir uni aniq bilaman. Shuning uchun yuqorida keltirganim tasodifiy ajnabiylar (ishonchim komilki, ularni eslay olmaysiz) orasidan o‘zim tomonga yangi yo‘l qurib oldim. Kimman o‘zi? O'sha yo‘lovchilar, ajnabiylar va qahramonlarning shunchaki soyasimi, yoki sifatli bir narsami va yo ozod ustixonlik allakimmi? Yoxud haqiqat zamonaviylik tomonda turgan mana shu ko‘pchilik o‘rtasidami? Yoxud hatto hech bir yerda: men u haqiqatni ularning orasidan topishga urinarkanman, shu ishni qilayotganimni unutaman, biroq buni bilsam, ular orasidan axtarayotganimga e'tibor bermayman...

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:31:24

97

Albatta, Tulki Ovchisi tulkilar o‘zini aldashda deyarli muvaffaqiyatga erishganini yaxshi bilardi. Saltanat qulab borar, lekin buni hali hech kim bilmasdi. Qanaqa davlat bu? Bu - iroda, uzundan-uzoq iroda. Butun dasht kabi cho‘zilgan iroda. Zakovat va kuch-qudratni keltirgan iroda. Keksa Tongyuquq dono edi, biroq kuchli emasdi u qadar. Kul-Tegin o‘lgandi. Bo‘rilar kuchsiz bo‘lsa, tulkilar, shoqollar va qarg‘alar hukmronlikka o‘tadi. Sariq tulkilar ham ularni chuv tushirdi.
Lekin dashtda ov qilishning juda qadimgi yo‘li bor: chavandozlar tulkilarni ufq chegarasigacha to‘xtamay quvib borishadi va birdan ular o‘ng tarafdan kelib, yana ularni ufqning boshqa chegarasigacha quvishadi. So‘ngra chavandozlar yana boshdan o‘ng tarafdan kelishadi va tulkilarni qayta-qayta ufqning uchinchi chegarasiga qadar quvishadi. Bu bir fitnadir. Lekin oxiri chavandozlar katta egri chiziq tortib tulki bilan yuzma-yuz kelishadi. Tulki esa chap berish o‘rniga, yerga qulab o‘ladi. Ular dasht g‘oyasiga toqat qilolmaydi. Bu Buyuk Qaytaruv deb ataladi. Dono va Keksa Tongyuquq ana shu Buyuk Qaytaruvga tayyor turardi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:31:36

98

Bu yilgi qish mening uzun o‘ylarimdan ham cho‘zilib ketdi. Bu tog‘li o‘lkaga bahor kelishiga ham shubhalanib qoldim. Hozir o‘sha kar-soqov ayol bilan yashayapman. Ba'zan uni bo‘m-bo‘sh pulemyotim bilan qo‘rqitib qo‘yaman. Men bilan hech kimning ishi yo‘q. Tavba, dunyoning yarmini kezib chiqqan, yer yuzidagi eng go‘zal joylarni ko‘rgan menday bir kishi kimsasiz va la'nati qishlog‘idan nari chiqmagan qari jodugar yoxud bokira ayol oldida o‘layotgan bo‘lsam, shu tobda o‘lim oldida qay birimiz boyroq va bechora hol ekanmiz? Bir so‘fiy shoir yozganidek:
Ruhoniy ilmi-la faxr etar, kambag‘allar ko‘tarar isyon,
Jazo kuni kimning toshi og‘ir kelar, kim ham bilardi?
Qishloqqa jangarilar hujum qilganda, bu ayolning uyi vayronaga aylangandi. Har kuni u tosh terib kelib, bitta-bittalab devorini tiklaydi. Uzun hayotning ikir-chikirlari...
Balki men uchun ham dunyoning yarmiga sochib yuborilgan toshlarimni terish fursati yetgandir?

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:31:51

99

Bilga-Hoqon g‘azab otiga mingandi. La'nati aqldan ozgan qari chol nima qilib o‘tiribdi? To‘g‘ri, u Saltanatni oyoqqa turg‘izishda katta foyda bergan, biroq endi uning aqli boshidan uchib, mamlakatni xarob qilmoqda. U hokimiyatga qizi Malika Pobekani jalb qildi, xuddi Hukmdorga o‘g‘li Shahzoda Yo‘llukdan mahrum bo‘lgani yetmaganday. Ular barcha muqaddas kitoblarning nusxasini olib, nafaqat ularni o‘qishga, balki turfa kitoblarni ularni tarjima qilgan kishilar bilan birga turli turkiy qabilalarga yuborishga qaror qilishdi. Agar bu ish boshida tilmochlar tilmochi turmaganda, Hukmdor hech narsani bilmagan bo‘lardi.
Bilga-Hoqon birodari Kul-Tegindan ayrildi, o‘g‘li Shahzoda Yo‘llukni yo‘qotdi, o‘z xotini Pobeka sotqinlik qildi, folbini Udegeni qatl etdi, lekin bu uning so‘nggi zabt etgan narsasi - Dunyo Aqlu zakovatini bir chetga yig‘ishtirib qo‘ydi degani emasdi. Bu aqldan ozgan, tishi tushgan chol uni butun dashtga yoyishni istadi. Xuddi shamol uchirayotgan tuproq kabi...
Uni o‘ldiring!

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:01

100

Niyatlarimning birortasini ro‘yobga chiqarolmadim. Hammasi yarim yo‘lda chala qolib ketdi. Luk, Zev, Fiona, Noam, rohib Valaamov, Tenzig, At-Tohariy. Kecha Li qaytib kelganda, uni o‘ldirganim yo‘q, hatto qaerga borganini, nima qilganini-da so‘rab-surishtirmadim. Uni na shubhali josuslikda va na sotqinlikda aybladim. So‘roqqa tutadigan sudyamidim? Axir gunohi kabiralarni qilib yurgan, Xudoga ishonmaydigan (garchi behudaga Uning Ismini eslab yursam ham), shaytonga qo‘l bergan, ota-onasini unutgan, zinokor va qasamxo‘r, deyarli qari xotinni o‘ldirgan, qadimiy qo‘lyozmani o‘g‘irlagan bir notavon bo‘lsam... Bu dunyodagi xom sut emgan bandalar ichida nima qilib yuribman o‘zi?..
Li o‘zini hech narsa bo‘lmaganday tutdi. Men ham. Kechqurun kampir o‘zining qoplon terisi to‘shalgan tosh yotog‘iga ketganda, Li shamchiroqni yoqib, qo‘ynidan turli xil varaqlarni chiqarib menga uzatdi. Bu xitoycha va uyg‘urcha muqaddas yozuvlar edi. Men ularning nima haqida ekanini juda yaxshi bilardim.
Li avval xitoychasini o‘qidi va tarjima qila boshladi:

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:08

«Tan sulolasining asoschisi xitoysifat turk Li Yuan bo‘lgan. Shu bois sulola ikki ma'noli bo‘lib qolgan. Taotzun hukmronligi vaqtida ko‘pgina turklar uning atrofiga to‘planishgan: Kibi Heli, Ashina Sheni, Tongyuquq... Bu vaqt oralig‘ida Taotzunning o‘g‘li Gaotzun o‘z otasi haramidagi Yu degan go‘zal ayolni sevib qoladi. Lekin ko‘p o‘tmay Hukmdor vafot etib, uning barcha xotinlari ibodatxonaga jo‘natiladi. Kunlarning birida yangi hukmdor Gaotzun ibodatxonaga borib, sevgilisi Yu bilan ko‘rishadi. Chunki uning xotini farzandsiz bo‘lib, hukmdor haramiga rohiba olishga rozilik bergandi. Gaotzun Yuni o‘zidan ham ortiq ko‘rar va tez orada o‘z o‘rnini unga bo‘shatib beradi. Hukmdor ayol esa imkoniyatdan foydalanib, eng avval o‘z raqibini sharobga g‘arq qiladi, so‘ng barcha ajnabiylarni quvg‘in yoki surgun qiladi. U judayam haddidan oshib ketadi. Tez fursatda u sulolani deyarli barbod etib, erining vafotidan keyinoq hokimiyat tepasiga keladigan o‘g‘lini qatl etadi. Shu tariqa Yu Tan sulolasining nomini butunlay hayot sahnasidan olib tashlaydi. Buddist rohiblarning yozishicha, bu Buddaning qizi bo‘lgan ekan.
O'shanda turklar endi-endi yuzaga kelayotgan paytlar edi...»
Shundan so‘ng Li keyingi qog‘ozni o‘qishga o‘tdi:

Qayd etilgan