Koʻk Turklari asiri (roman). Nouman Smaylz  ( 129909 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 31 B


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:17

«O'rta Saltanatning poytaxti Chan'an saroy fitnalarining markaziga aylandi. Hukmdor Tjun-Sunning xotini Vey Shey ajdodi bo‘lmish Yuning kirdikorlarini qaytarishga urindi. Mavqeidan foydalanib, bu ayol o‘z erining tarafdorlarini qatl ettiradi va oxiri erini ham zaharlaydi. Malika An-lo bilan birgalikda Hukmdorning o‘limini yashirgan holda, uning hokimiyatdan o‘z xohishi bilan bo‘shagani xususidagi soxta farmonga imzo chekishadi. Shunday qilib, uning o‘g‘li yangi Hukmdor deya e'lon qilinadi.
Lekin hukumatni olishga urinish ish bermaydi. Hukmdorning jiyani Li o‘z qo‘shini bilan saroyga hujum qilib, isyonkorlarning boshini tanidan judo qiladi. Tez orada u sulolaning yangi Hukmdori va Suantzyun nomi ostida Ko‘k O'g‘liga aylanadi. Turklarning Hukmdori Bilga-Hoqon Ko‘k O'g‘liga o‘z otasiday hurmat ko‘rsatishga so‘z beradi.
Keyinroq Ko‘k O'g‘li Bilga, Kul-Tegin va Tongyuquqni Tayshan tog‘i ostidagi qurbonlik marosimiga taklif etadi, biroq o‘z elchilari Meyluchjoni yuborgani holda ularning birortasi ham marosimga kelmaydi...»

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:22

Keyingi qog‘oz uyg‘ur tilida bo‘lib, Li uni menga uzatdi, Men o‘qiy boshladim:
«So‘g‘ddan kelgan Manixey Shahzoda e'tiqodi kuchliroq bo‘lgan o‘z tilmochi Berke bilan munozara qilib turardi. Berke Shahzodaga tegishli barcha narsani, xususan «Nom»ning tarjimasini ham olib, bir joyga to‘pladi va ustidan o‘t qo‘ydi. Olov tillari yuqoriga o‘rlaganda, Berke uning atrofida pichirlab, har xil so‘zlar aytib, qo‘ng‘iroq va do‘mbira chalib, o‘yinga tusha boshladi. Birdan u aqlu hushini yo‘qotib, g‘alati ovozlar chiqara boshladi va nogoh yerga yumalab tushdi-yu, o‘lib qoldi. Kitob o‘t ichida qoldi, sahifalari gurillab yona boshladi. Shahzoda hech qachon bu kabi ajoyib manzarani ko‘rmagan edi. Yerda Berkening o‘ligi yotardi...»
Li boshqa bir xitoycha yozilgan qog‘ozni tortib chiqardi va betartib o‘qiy ketdi:

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:30

«Ko‘k O'g‘li Suntzyun o‘zining ikkiyuzlamachi xizmatchilari Chjan Kuy va Lyu Syan tufayli Bilga-Hoqonning Otukendagi saroyida nimalar sodir bo‘layotganini juda yaxshi bilardi. Uning ularni asirga olayotganlaridan jahli chiqardi. Bu ularning avvalgi va'dalariga qarshi bo‘lib, o‘ziga nisbatan o‘ta hurmatsizlik ham edi. Vaziyatning birgina afzal tomoni ularning haliyam u yerda turib, o‘z ishlarini davom ettirishayotgani bo‘lib, bu Suantzyun asosiy dushmani haqida ko‘proq narsa bilishi mumkinligini anglatardi. Shunga qaramay, xizmatkorlar urush ochish fursati yetgani haqida xabar jo‘natishgandi.
Ko‘k O'g‘li isyonchilarga qarshi qanday kurashish kerakligini bilardi. U turklarning elchisi Meyluchjoni Otuken o‘rmoniga yuboradi. Meyluchjo o‘z ishidan va uni amalga oshirgach, evaziga nima olishidan yaxshi xabardor edi...»

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:40

101

«Tongyuquq ularning elchisi Meyluchjo ortiga qaytib kelgani va eng avval Hukmdor bilan ko‘rishganini eshitgan zahoti hammasini tushundi. Avval uning o‘zi Xitoy hukumati tomonidan xuddi shunaqa ish uchun yuborilgan, lekin o‘z odamlarini sotgan emasdi. Aksincha, u hamma narsani dashtning asosiy dushmanlariga qarshi ko‘targan va hozir ko‘k turklar saltanati dengiz osha kengayib bormoqda. Uning hayotdagi vazifasi tulkilarni izlab topish, ta'qib etish va ovlashdan iborat edi, ayni paytda u tulkilarning yana qayta bo‘rilar mulkida ekanini his etdi.
Har daqiqa u Meyluchjoning huzuriga kelishini intiqib kutar, chunki saltanat bir qo‘lsiz ham saltanat, hatto ikkinchi qo‘li yo‘q bo‘lsa ham saltanat, lekin boshsiz saltanat saltanat emasdir. Meyluchjo Chan'andaligida bunga o‘qitilgandi. Biroq, Dono Tongyuquq Hukmdorning ahvolini bilish uchun odam yuborib, Pankul boshliq saralangan qo‘shinni qo‘qqisdan boshlanadigan hujumga tayyor turishini buyurdi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:32:52

Dono Tongyuquq Buyuk Qaytaruvni boshlab nechog‘li to‘g‘ri ish qilganini yana bir karra his etdi.
Xonasida o‘tirarkan, eshik og‘asi ichkari kirib, Ko‘k O'g‘li janobi oliylarining elchisi kutib turganini aytdi. Shan'anda ildiz yozgan barcha gaplar Tongyuquqning g‘azabini qo‘zg‘atgandi, biroq u Meyluchjoga kirishga izn berdi. Lekin u ichkariga kirmasidan burun, elchilar va Bilga-Hoqonning jallodlari o‘tovga bostirib kirishdi va Tongyuquq haq bo‘lib chiqdi. Dasht Hukmdori zaharlangandi. U hayot uchun kurashar ekan, zudlik bilan Meyluchjoni tutishni va butun urug‘i bilan qirib tashlashni buyurdi. Keksa Tongyuquq ko‘zlari yonib turgan la'nati shoqolga tikilib qaradi, lekin sotqin bu sokin sharmandalikka chiday bilmadi...
Saltanat xavf ostida qoldi...»

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:33:06

102
 
Odatda o‘zing biladigan narsalardan boshqalar ham xabardor deb o‘ylaysan kishi, shuning uchun ham ularga har tomonlama e'tibor qaratmaysan, masalan, o‘z qaydlaringga. Ba'zi o‘rinlarda men ham shunday qilganimni angladim: so‘nggi ikki yil ichida hayotimda ro‘y bergan voqealarni hamma bilishi kerak deb o‘yladim va shundan buyon qaydlarimdagi mantiq yoki batafsillikka u qadar e'tibor qaratmaydigan bo‘ldim: ular ma'lum bir vaqtdagi kayfiyatimning in'ikosi edi xolos. Lekin hayotning mantiq bilan ishi yo‘q, u o‘z yo‘lida davom etaveradi. Shundan bo‘lsa kerak, saltanatlarning barbod bo‘lishi, tsivilizatsiyalararo to‘qnashuv kabi yirik masalalar qolib, arzimas shaxsiy voqealar, hatto voqeadan ham kichkina narsalar to‘g‘risida gap boshlanadi. Bu menga «Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r» degan maqolni eslatadi.
Fionadan ayrilganim ko‘nglimni qattiq og‘ritib yurgan kunlarning birida biror joyga sayohatga chiqishga qaror qildim. Sayyohlik agentligi Venaga borishni taklif qildi. Ha, ado bo‘lgan saltanatlardan birining poytaxtiga. Har kimning tasavvuri turlicha bo‘lgani kabi, men ham Venani musulmonchasiga tasavvur qilardim. Lekin hammaning xohish-istagi har xil. Siz bu kompleks sayohat nima ekanini bilasiz: avtobusdagilar unga o‘tirgandan boshlab, bir-biri bilan tanishishga tushib ketishadi, oqibatda bu tanishuv bir shisha o‘rta sifatli nemis vinosidan otib olgach, allaqanday xira do‘stlikka aylanadi va oqibatda mast-alastlarning «Doktor Gesler, Postgas, 14» pansionida bitta o‘ringa yotib uxlab qolish bilan yakunlanadi. Buni tan olish qiyin, lekin undan ham qiyini ularni ayblayotganing va o‘zing ham xuddi shunday ekanligingda.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:33:14

Yakka o‘zim Venaning dabdabali va uncha keng bo‘lmagan tosh ko‘chalaridan Hukmdor uylari, bog‘, favvoralar, Opera teatrini tomosha qilib borarkanman, Domen-Platsga kelib qoldim, u yerda yoshlar breyk tushayotgan va boshlarida aylanib o‘ynashayotgandi. Yaqin atrofdagi ibodatxonada qo‘ng‘iroqlar chalina boshlandi, lekin hech kim unga quloq tutmasdi. Vahimali musiqa uni bosib tushar va yoshlar «Ole, ole!» deya qichqirishardi. Bob Marli «Sen bilan qisilib qolishni istayman» qo‘shig‘ini kuylar, to‘planganlar orasida yaponlar va hindlar, turklar va avstriyaliklar, britaniyalik va kariblik, meksikalik va sloven, xitoy va rus, yahudiy va lo‘lilar bor edi.
Men ibodatxonaga kirdim. Pasxa bayramiga bag‘ishlangan marosim boshlanish arafasida edi. Aslida men bu marosimda qatnashishga emas, bu joylarni tomosha qilishga kelgandim, lekin eshik og‘asi mendan marosimga keldingizmi, deb so‘raganida, «ha» deb yuboribman. Men yolg‘on gapirgandim, lekin endi ichkariga kirib bo‘lgandim.
Cherkovda nimalar bo‘lganini sizga aytmoqchi emasman. Bu juda kitobiy va ma'naviy bir narsaga o‘xshab qoladi. Aksincha, yepiskop bu dunyoni tark etgan O'g‘il haqida kuyinib gapirib turganda, o‘rtachilik qilib yurgan hayotimdan so‘ylaydigan arzimas, yaroqsiz bir hikoya esimga tushib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:33:21

Bir kuni, bu hikoya boshlanmasidan burun, tilmochlik byuromizning rahbari mendan muhim bir ishni tugatishni so‘radi. Ish yuzasidan juda ko‘p kishilar bilan aloqa qilishimga to‘g‘ri kelar, ular orasida teatr oliygohining rektori ham bor bo‘lib, u bilan munosabatimiz yaxshi edi. Boshlig‘imning poytaxtimiz atrofidagi tog‘larda yurgan jiyani bor edi, bir kun u ana shu jiyanining ajoyib aktyor ekanini aytib qoldi. U qo‘shiq kuylash, raqsga tushish va kichik sahna asarlari ijro etishda ustasi farangligidan, teatr oliygohiga o‘qishga kirishni orzu qilarkan. Mendan rektor bilan gaplasha olamanmi-yo‘qmi deb so‘radi u, chunki imtihon topshirish muddati o‘tib ketgandi. Men harakat qilib ko‘rishimni aytdim. Shunday ham qildim. Tanishimga o‘sha yigit haqida iliq gaplar aytdim, uning iste'dodli yigit ekani, hind filmlari uchun tappa-tayyor yulduz bo‘lishini so‘zladim. Rektor imtihon vaqti o‘tganini eslatib, lekin mening ham so‘zimni yerda qoldirmaslik maqsadida yordam berishga so‘z berdi. Biz shunga kelishdik: men yosh iqtidorli yulduzni olib keladigan va rektor boshqaruvning navbatdan tashqari kengashini tashkil etadigan bo‘ldik
Shunday qilib boshlig‘imni xursand qildim va jiyanini dushanba kuni olib kelishini so‘radim. Aytilgan kun keldi. Men o‘zi baland bo‘yli kishi emasman, lekin «o‘sib kelayotgan yulduz»ni birinchi bor ko‘rganimda o‘z bo‘yimdan uyalib ketdim. Bundan tashqari, u qandaydir rangsiz, tussiz bir bola ediki, «albinos» ekaniga shubhalana boshladim. Bu uning faqat tashqi qiyofasi edi. Undan jasorat qilib ismini so‘raganimda, kuchli bir aktsent bilan yarim tovushni yutib yuborgan holda bir nima degandi, meni hiqqa tutib qoldi. «Suyagi bizniki, eti sizniki» dedi boshlig‘im va bizni holi qoldirdi.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:33:31

Va'daga vafo deya bu yaralmishni oliygohga olib keldim. Garchi rektorning gavdasi menikiday bo‘lsa ham, lekin yuragi ikki marta katta edi. Chunki u men bilan mening bema'ni iltimosim va g‘alati maqsadli mana bu g‘ayritabiiy yaralmish o‘rtasida qolgandi. Bizni ko‘rib, kamzulining cho‘ntagiga qo‘lini tiqqanicha, jahl otiga minmay, bolani kengashga olib chiqish oldidan xonaning u yog‘idan bu yog‘iga Gulliverga o‘xshab katta-katta qadam tashlab yura boshladi. U «aktyor sahnada ko‘rinib turishi kerak», dedi xolos. «Hatto eng orqa qatordagi tomoshabin ham uni ko‘rishi shart. Hozir sizga ko‘rsataman» deya narigi xonadan kimnidir boshlab chiqdi. Bir aktyor momoqaldiroq ovoziday gumburlab xonaga kirib keldi. «Bilasanmi, - dedi rektor, - kelgusi yil qo‘g‘irchoq teatri uchun kurslar ochamiz, o‘shanda kelsang, hech qanday imtihonsiz o‘qishga olamiz, bo‘ptimi?»
Jiyan kelasi yil o‘qishga bordimi-yo‘qmi, xabarim yo‘g‘u, lekin sezdimki, va'da berilgan joy o‘rtachilik qilib yurgan mendek qo‘g‘irchoqbozga qarata aytilgandi. Shu oddiygina hikoyada ham avvalgilaridagiday bir necha xulosalar va qarorlar borligini ko‘raman. Ular biz o‘ylaganchalik sodda emas-ov. Aslida har bir hikoya ma'lum bir ruhidan tashqari o‘zining suyak va etlariga ega bo‘ladi. Lekin men ularni sharhlab o‘tirish niyatim yo‘q. Men faqat Venada Pasxa bayrami munosabati bilan uyushtirilgan marosimda esladim bularni. Bor-yo‘g‘i shu.

Qayd etilgan


shoir  31 Oktyabr 2007, 12:33:50

103

Yana bir qo‘ldan berilgan saltanat bu sho‘‘rolar saltanatidir. Isroil va Erondan qaytganimdan so‘ng, ko‘p o‘tmay, Yevropa tashkilotlaridan biri Gruziyaga borishni mo‘ljallayotgan nozik delegatsiya uchun tarjimonlikka yolladi. Aniqrog‘i, men ana shu delegatsiyaning safar ahamiyatini yoritib beradigan jurnalistlari uchun tilmochlikka yollandim. Biz Yevropadagi bir poytaxt shahardan shaxsiy samolyotda uchib ketdik. Bu rahbarlar har kuni bahramand bo‘ladigan ba'zi narsalar: eng yaxshi vinolar va ikra, shirin tabassumlar va bepul xizmatdan biz ham bebahra qolganimiz yo‘q. Ular safar kundaligini o‘zgartirishganida esa, zavqimiz yanada oshib ketdi: gruzinlar mehmonnavozlikda juda mashhur bo‘lib, imkoniyatdan foydalanib, nimaga qodir ekanliklarini namoyon etishdi: rasmiy nonushtalar, shohona tushliklar, tashriflar, tashriflar... Lekin menga o‘xshagan chetdagilar bu kun tartibi faqat rais va uning kuzatuvchilari sharafiga tuzilganini unutibmiz. Biz buni tayyoragohda bildik: delegatsiya bir tomonga, biz ikkinchi tomonga ketib, qorong‘i hayotimiz boshlandi.

Qayd etilgan