Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155468 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:06:46

— Ie, birodar, senga nima bo‘ldi? Nega buncha xayol surib qolding? Yo sen ham bizning dardimizga yo‘liqqanmisan?
Vardon bir xo‘rsindi-da:
— Ha, mening ham o‘zimga yarasha dardim bor. Dardimni xotinlar qasriga yetganimizda bilasan. Hozir, «tezroq qasr tomonga chiqaylik», degan Zirg‘omning fikriga men ham qo‘shilaman, — dedi.
Ularning gapiga Hammod «xo‘p» dedi. Ular xurramiyalar kiyimini kiyib, hammalari birga chiqishdi. Hammod o‘zi qaytib kelguncha darvozani muhofaza qilib turishni odamlarga topshirdi. «Bu ikki asir shu kecha ushlangan asirlar bilan birga mening huzurimda saqlanadi», deb ularning ko‘nglini xotirjam qilib qo‘ydi. Keyin u qo‘rg‘ondan Bazzga tikilib qaradi: Hamma yoq chirog‘lar bilan yoritilgan, shaharning o‘rtasida g‘ovur-g‘uvur ovozi eshitildi. Odamlarini chaqirgandi, hech biridan darak bo‘lmadi. Keyin u o‘z xodimini chaqirib: «Odamlar qaerda?»— deb so‘radi.
— Hujum qilish uchun chalingan do‘mbira ovozini eshitmadingizmi? — javob qildi xodim. «Yo‘q, eshitmadim», — hayron bo‘ldi Hammod. U Zirg‘om va Vardon bilan gapga alahsib, do‘mbira ovozini eshitmay qolgandi.
   Vardon bilan Zirg‘om ikkalasi Afshinning lashkargohiga qarashdi. Uch yerga yoqilgan o‘tni ko‘rgach, hujum boshlangani aniqligiga ishonishdi, Zig‘rom: «Qani, qasr tomon yuraylik», — dedi.
Xodim qo‘shimcha qildi:
— Do‘mbira chalindi, kishilar tezda to‘planishdi, ularga sharq tomondagi darvozani mudofaa qilish to‘g‘risida buyruq berildi. Chunki, aytishlaricha, eng katta sarkardaning qo‘mondonligida musulmonlar hujumga o‘tgan emish.
— U katta sarkarda Afshinning o‘zimikin?
— Bilmadim, — dedi xodim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:08:58

    * * *

    Hammod, Zirg‘om va Vardon xurramiylar otidan uchtasiga minib, ayollar qasri tomon choptirib ketishdi. Shahar xalqi to‘polon, g‘ovur-g‘uvur ichida o‘zini mudofaa qilish uchun qurol ko‘tarmagan bironta odam qolmagan. Ular Hammodni ham, hamrohlarini ham talon qilish uchun kelganlardan, deb o‘ylashdi. Musulmonlardan bir qanchasi shahar ichida ko‘zga ko‘ringan narsani talon-toroj qilish bilan ovora. Sharqiy darvozaga yaqinlashgan sari har qadamda musulmonlarni ko‘rib, shaharning qo‘lga olinganiga imonlari komil bo‘lsa ham, beparvo borishaverdi. Xotinlar qasriga yetishganda, qo‘llarida har xil buyumlarni ko‘tarib chiqib kelayotgan musulmon askarlarini ko‘rishdi. Ulardan ba’zilari xotinlarni haydab kelayotganini ko‘rib, shularning orasida Jahon ham bormikin, deb Zirg‘omning ko‘ngli notinchlandi. U Vardonni yoniga olib, qasr ichiga kirdi. Hammod:
— Sizlar bir oz sabr qilib turinglar, men hamma gapni aniqlab bilib kelay, — dedi-da, darvoza yonida qulflangan bir hujra tomon yo‘llandi. Uni taqillatib ko‘rdi, javob yo‘q. Keyin ichidagilarga o‘z tillarida nimanidir gapirardi,  bir  kampir  chiqib,  eshikni ochdi va qo‘rqib, qaltirab, ularni ichkariga kiritib, eshikni bekitdi. Hammod undan: «Xola nima gap bo‘ldi o‘zi?» deb so‘ragandi, kampir:
— Xabaringiz yo‘qmi? Shaharni fath qilishdi. Bu qasrga kelib, narsalarni talashdi, ayollarni esa asir qilib olishdi. Bu yerda yashirinmaganimda yoki avvalgi husn-jamolim, mol-mulkim bo‘lganda men ham omon qolmagan bo‘lardim, xayriyat, faqat zeb-ziynatimni olib qo‘ya qolishdi, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:09:25

    Kampirning «ayollarni asir olishdi», degan so‘zini eshitib, Zirg‘omning a’zoyi badani jimirlashib ketdi, Vardonning ham hayajoni Zirg‘omnikidan kam emasdi. Lekin u o‘z tuyg‘ularini sir tutishda Zirg‘omga nisbatan puxtaroq edi. Ularning kuyib-pishganini ko‘rgan Hammod kampirdan: «Hamma ayollarni olib ketishdimi?» — degan edi u: «Ha, hammasini olib ketishdi», — dedi.
— Gulorni ham olib ketishdimi?
— Yo‘q, Gulnorni olib ketishgani yo‘q.
— U qaerda bo‘lmasa?
    Kampir Hammodning yonidagi hamrohlariga qaradi: u maxfiy sirni aytishga tortinayotgandek edi. Hammod unga: «Qo‘rqmay, bemalol aytavering!» — dedi.
— Gulnor bilan Bobakning xotinlaridan bo‘lgan rumlik ayol bir necha kun burun chiqib ketishgan.
Vardon birdan so‘zga qotishib, hovliqib so‘radi:
— O‘sha xotinning nomi nima? Uni siz taniysizmi?
— Nega uni tanimay, axir shu qasrning oqsochiman.  Undagi hamma xotinlarning ipidan-ignasigacha menga ma’lum. Masalan Gulnorni olsak, bazzliklar uning haqida hech narsa bilmaydi. Ammo men uning nasabini, tagi taxtini Farg‘onadan olib kelingandan buyon bilaman. Uning nomi o‘sha vaqtda Jahon edi. U Farg‘ona hokimining qizi bo‘lgan. Keyin unga Gulnor deb boshqa nom qo‘yilgan. U mana shu rumlik xotinni yaxshi ko‘rib, u bilan opa-singildek bo‘lib ketishdi. Ularning yulduzi to‘g‘ri kelib qolgani uchun safarga ham birga ketishdi, — dedi kampir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:09:55

   Uning gaplaridan Gulnor xuddi Jahonning o‘zi ekani ma’lum bo‘ldi, shak-shubhaga o‘rin qolmadi. Ammo Vardon qanoatlanmay:
 — Rumlik ayolni sizdan so‘ragandim, uning nomi nima edi? Boshqa ismi ham bormidi? — dedi.
— Uning oti Haylona, Armanistondagi katta ruhoniy eridan o‘g‘irlab kelingandan beri nomini o‘zgartirgani yo‘q.
Vardon hayajonlandi, qaltirab-titrab, o‘zini tutolmay baqirib yubordi:
— Haylona?.. U ... o‘sha. Xotinimning o‘zi.
   Vardon armanistonlik katta ruhoniy bo‘lib, xotinini Bobak tortib olganligini Zirg‘om endi eshitdi. Unga qarab qo‘ydi. Bu qarashi bilan uni ham muborakbod qildi, ham jindek gina qilgan bo‘ldi: — O‘zing katta ruhoniy bo‘la turib, menga xizmatchi qilib ko‘rsatib yuribsanmi? Men seni birinchi ko‘rganimdayoq, biror martabalik odam bo‘lsang kerak, deb ko‘nglimga tugib qo‘ygandim.
— Men xuddi shu daqiqaga erishish maqsadida sizdan panoh olib, musulmonlar xizmatiga kirdim. Umidim o‘sha buzuq, fohishaboz Bobakdan o‘ch olish edi. Xudo xohlasa, u qo‘lga tushib, qilmishiga yarasha jazosini tortsa kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:10:16

Hammod:
— U qochmagan bo‘lsa, albatta, asir olingan bo‘ladi. Chunki shahar taslim bo‘lib, ish nihoyasiga yetdi, — dedi-da, kampirga qaradi:
— Gulnor bilan Haylona qaerga ketganini bizga aytib bermadingiz.
Kampir:
— Ikkalasi birga Rum mamlakatiga ketishdi. Musulmonlarga qarshi Rum ahlidan yordam so‘rashmoqchi. Bobakka yordam bermoq uchun Gulnor shunday maslahat ko‘rsatdi. O‘sha mamlakatdan bo‘lgani va tillarini bilgani uchun Haylona birga ketdi, — dedi.
— Janob Bobak qaerdalar? — Hammod so‘radi.
— U hozir Bazzda emas, asir ham tushgani yo‘q.
— Bo‘lmasa, qaerda u? Qo‘rqmasdan aytavering. Chunki Bazz musulmonlar qo‘liga o‘tdi. Ular boshqalardan ko‘ra bizga vafodorroqdir. Bobakning ishini siz boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishingiz menga ma’lum.
— Bobak shahar qo‘ldan ketguncha kurashdi va uni mudofaa qildi. Keyin bu yerga kelib, ayollari va oziq-ovqatlardan istaganini oldi-da g‘oyib bo‘ldi. Fikrimcha, u shahardan chiqib, Armaniston chegarasiga o‘tib ketgan bo‘lsa kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:10:54

   Hammod: «Endi nima qilamiz», degandek Zirg‘omga qaradi. Zirg‘om: «Qaytamiz», dedi-da, maslahatlashib oladigan holi bir yer izlab, hammasi chiqib ketishdi. Shu payt tong otib qolgandi. Hammod hamrohlarini o‘ziga tanish bir joyga boshladi. Yo‘lda ular musulmon askarlari shaharga na do‘st, na dushman oralamasin, deb uni talayotganini, uylarni buzayotganini va qasrlariga o‘t qo‘yayotganini ko‘rishdi.
Maslahatlashadigan joylariga yetgach, Zirg‘om Vardonga qarab:
— Endi, katta ruhoniy Vardon, bu ishimizda qanday maslahat beradilar? Kampirning gapiga qaraganda, Jahon bilan Haylona Rum mamlakatiga ketishgan. Rum katta mamlakat. Ular qaysi shaharga tushishini bilsak, albatta izlab boramiz, — dedi.
    Vardon o‘zini Zirg‘om katta ruhoniy deb chaqirgani uchun kuldi:
— Meni bu laqabim bilan chaqirishning keragi yo‘q. Zirg‘omning o‘rtog‘i degan nom men uchun hamma narsadan afzal. Jahon bilan Haylona ustidagi maslahatga kelsak, ruxsatingiz bilan men ularni axtarib, mamlakatning hamma yeriga boraman. O‘rnashgan yerlarini bilmay turib, bu yerga qaytib kelmayman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:11:13

Hammod uning gapini bo‘lib:
— Yo‘q... Bu vazifani bajarishga mendan bo‘lak hech kim bormaydi. Zirg‘om men uchun ulug‘ ish qildi, mening sevgilimni qutqazib, uyida izzat-hurmat bilan saqlab turdi. Uning shu yaxshiligini qaytarmasam, nima degan odam bo‘laman. Men yolg‘iz borib, ularni izlab-surishtiraman, biror narsa bilsam, ikkalangizga xabar qilaman, — dedi. Zirg‘om bunga rozilik bermadi:
— Yoqutaning qaerdaligini va senga intizor bo‘lib yotganini bilib turib, boshqa vazifani o‘tashga borishing adolatdan emas.
— Men bilan janjalashishni qo‘y! Sening sevgilingni va bu armon do‘stimizning ayolini topib, o‘zlaringga topshirmaguncha, sevgilimning yoniga bormayman. Bu bilan tanishganimdan mamnun bo‘ldim. Yoquta esa Somurroda, sening uyingda tura tursin. Yaqinda diydor ko‘rishasizlar, deb uni sevintirib qo‘ysang kifoya, — dedi Hammod.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:12:47

    Vardon uning gapini bo‘ldi va xalifaning: «Yoqutani xotin qilib ol», deb Zirg‘omga buyurgani, Zirg‘om esa: «xotin qilib oldim», deb xalifani aldab chalg‘itib yurganini so‘zladi. Shunda Hammodning mardligi tutib:
— Shunday qilgan kishining qaylig‘ini topish uchun jonimni fido qilsam arzimaydimi? — dedi.
— Bo‘lmasa, men ham sen bilan birga boraman, — dedi Vardon. — Chunki u mamlakatni, tilini va yo‘llarini yaxshi bilaman.
Hammod ko‘nmadi:
— Ikkalangiz ham shu ishni qo‘yinglar, yolg‘iz o‘zim boraman, xayr, ketdim, — deb chiqib ketdi.
Zirg‘om bilan Vardon qoldi. Zirg‘om gap boshladi:
— Tavba, bu tushimmi, o‘ngimmi? Bugun bilan kecha kechqurun o‘rtasidagi farq umid bilan noumidlik o‘rtasidagi farq bo‘lsa, lekin...
Vardon uning gapini bo‘ldi:
— Ammo men bo‘lsam, do‘zaxdan jannatga ko‘chib o‘tgandek bo‘lyapman. Negaki, men xotinimni juda ham sevardim.  Bu yirtqichning vahshiyligi shungacha bordiki, u o‘ziga nikohlab olish uchun xotinimni taloq qilishimni talab qilib turib oldi. Men qabul qilmaganimdan keyin, askar yuborib, xotinimni zo‘rlik bilan oldirib ketdi. Ilohim, beting qaro bo‘lgur, xotinboz majusiy! Agar qo‘limga tushsa, qonini simiraman.
— Ehtimol, u Afshinning qo‘liga tushgandir. Hozircha sen bilan men nima gapligini bilmaymiz. Qani, ketdik, lashkargohga boramiz, — dedi Zirg‘om.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:14:39

     BOBAKNING HALOK BO‘LISHI

     Afshin askarlarini hujumga mohirona tayyorlab qo‘ygani uchun Bazzni osonlik bilan fath etdi va xurramiylardan ko‘zga ilinganini qatl qildi. Bobakning xotin  va bola-chaqalarini asir oldi. Ammo Jahon bilan Haylona shaharda bo‘lmagani uchun ularni qo‘lga tushirish imkoni bo‘lmadi. U butun shaharni yondirib bo‘lgach, Bobakning qochib ketganini aniqladi. Afshin Ruz-Arruzdagi qarorgohiga qaytdi. Jahonni qo‘lga kirita olmagani, hatto uning qaerdaligini ham bilmagani uchun qayg‘urdi. Somonning aytgan gaplaridan ikkilanib: «Mabodo, Jahonni uning o‘zi biror yerga qochirmaganmikin», degan xayolga ham bordi.
     Afshin asir olgan kishilar ichida arablar, forslar va qishloqdagi atoqli kishilar, boylar ko‘p edi. Ularning hammasini katta bir maydonga to‘plab, o‘z qarindoshlariga xat yozishlarini buyurdi. Kim kelib «falonchi asir menga tegishli», deb da’vo qilsa va o‘z da’vosining to‘g‘riligiga ikkita guvoh keltira olsa bas. U asir ayolmi, bolami, qizmi, kimligidan qat’i nazar, egasi olib ketaverishga ruxsat berildi. Shu yo‘sinda ko‘p kishilar asirlikdan ozod etildi.
     Afshin Armanistondagi amir va poplarga Bobakning qochgani to‘g‘risida xat yozdi va o‘z chegaralarini ehtiyot qilishni, Bobakning yo‘llarini kuzatib turishni iltimos qildi. Zirg‘omni o‘ldirilgan deb o‘ylab, g‘aflatda qolgani uchun Afshin ancha qayg‘urdi. Chunki uni ko‘tarib ketayotganlarini ko‘rdik, o‘likmi-tirikmi bila olmadik, har holda, asir olingan yoki o‘ldirilgan, deb farg‘onalaliklardan kimdir Afshinga ma’lumot bergan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:15:02

     Ertasiga  Zirg‘om Vardon bilan birga musulmonlar turgan lashkargohga bordi. Afshin uni yaxshi qarshi olib, jangdan sog‘-salomat chiqqanligi bilan muborakbod qildi, o‘zining qora niyatini yashirmoq uchun: «Hujum qilingan kechada ko‘p botirlik ko‘rsatding», deb Zirg‘omni maqtagan bo‘ldi. Keyin uni muhim ishlarda, xususan Bobakning qochganligi ustida maxsus maslahatchi qilib oldi va uni tutib kelish yuzasidan ko‘rgan tadbirlarini Zirg‘omga aytib berdi.
Zirg‘om Afshinga:
— Mening xodimim Vardon armanistonlik. Ota-bobosi ham, o‘zi ham armanlardan. U o‘sha yerlarni juda yaxshi biladi. Bu ishda undan foydalansangiz bo‘ladi. Istasangiz uni hozir oldirib kelaman, — dedi.
— Yaxshi bo‘lardi, — dedi Afshin. Zirg‘om bir g‘ulomni chaqirib, Vardonni aytib kelishni burdi. Vardon kirib, tik turganicha salom berdi. Afshin undan:
— Sen Armanistonning ko‘cha va yo‘llarini bilasanmi? — deb so‘radi.
— Ha, bilaman, — dedi Vardon.
— Xurramiy Bobak qaerga yashirinadi va kimning panohiga boradi deb o‘ylaysan?
— U Armanistonning biror shahariga bora olmaydi, chunki armanilar uni yomon ko‘rishadi. Qo‘lga tushsa, o‘ldirmay qo‘yishmaydi. U biror o‘rmon yoki vodiy ichida yashirinishi mumkin. U to‘qayzor deb ataladigan katta vodiyda yashirinsa kerak. Bu vodiy Ozarbayjon bilan Armaniston orasidagi sero‘t, serdaraxt bir joy. Daraxtlarining zichligidan unga ot-ulov kirib bora olmaydi, ichida yashiringan kishini topib ham bo‘lmaydi.

Qayd etilgan