* * *
O‘sha yoz sayohatga chiqdim. Uzoqqa emas, Taqirdog‘iga... Ma’lumki, xudo menga xolalardan mo‘lroq narsa bermagan. Shulardan biri ham Taqirdog‘ida. Eri Aziz pochcham xolamga uylangandan beri o‘sha yerda dehqonchilik qiladi. Mujgon degan mendan uch yosh katta qizlari ham bor. Qarindoshlarimning bolalari ichida hammasidan ko‘proq o‘shani yaxshi ko‘raman.
Mujgon xunuk qiz. Lekin men bunga parvo qilmayman. Oramizda uch yosh farq bo‘lishiga qaramay, men uni yoshligimdan beri katta opam o‘rnidan ko‘rib, o‘rganib qolganman. Hozir farqimiz juda kamayib qolgan bo‘lsa ham, hamon unga avvalgiday qarab "œopa" deb gapiraman.
Mujgon opam mening tamom aksim. Men qanchalik sho‘x, qanchalik olov bo‘lsam, u shunchalik og‘ir, vazmin. Buning ustiga sal zug‘mi ham bor. Xohlaganini qildiradigan bitta shuning o‘zi desam bo‘ladi. Ba’zan nasihatlariga parvo qilmay, xohishlariga qarshi chiqsam hamki, yana bo‘ysunishga to‘g‘ri keladi. Nega? O‘zim ham hayronman. Odam bolasi birovni yaxshi ko‘rish halokatiga uchradimi, tamom, o‘shanga qul bo‘lib qoladi.
Mujgon Oysha xolam bilan birga necha yilda bir marta Istambulga kelar, bir necha hafta chorbog‘da qolar, yo boshqa xolalarimnikida mehmon bo‘lar edi.
O‘sha yoz Taqirdog‘idan meni chaqirib xat keldi. Oysha xolam Basima xolamga yozgan xatida: "œSizdan-ku umidim yo‘g‘-a, lekin Faridani yozgi kanikulida, albatta, yuborsangiz, hech bo‘lmasa ikki oygina turib ketsa, kutamiz. Bilasiz-ku, biz ham xolamiz. Kelmasa, pochchasi ham, men ham, Mujgon ham juda qattiq xafa bo‘la- miz", — debdi.