Yana bir ibratli hikoyat:
— Zulqarnayn bir sayohatida bir qavmga duch keldi. Qarasa, bu yerdagi xalqning qo‘lida yeydigan biron narsa yo‘q. Insonlar erta bilan turadilar, qazigan qabrlari yoniga boradilar. O’larga qaraydilar, supuradilar, tozalaydilar va qorinlari ochganda hayvonlarga o‘xshab o‘t yeydilar. Zulqarnayn, bu qavmning hukmdoriga bir odam jo‘natdi. Odam borib, Zulqarnaynning da’vatini hukmdorga bildirdi. Lekin hukmdor: «Mening unga muhtojligim yo‘q. Agar uning biron narsaga muhtojligi bo‘lsa, mening yonimga kelsin!» -dedi. Odam qaytib keladi. Ahvolni tushuntiradi.
Zulqarnayn: «To‘g‘ri aytibdi!» - deydi va hukmdorning oldiga ketadi. Borganda:
— Menga borishingiz uchun xabar yo‘lladim, bormadingiz. Mana, o‘zim keldim! — deydi.
Hukmdor: «Agar senga ehtiyojim bo‘lsaydi, borardim!» -deya javob beradi.
So‘ngra o‘rtalarida shunday savol-javob bo‘lib o‘tadi:
Zulqarnayn:
— Sizni shunday bir holda va shunday tarzda ko‘rayotirmanki, bu holni hech bir qavmda ko‘rmadim!..
Hukmdor:
— Qanday hol ekan bizning holimiz?
Zurqarnayn:
— Na molingiz bor, na mulkingiz!.. Kumush va oltin topsangiz bo‘lmaydimi, undan foydalanardingiz?!..
Hukmdor:
— Biz oltin va kumushdan nafratlanamiz. Kimda oltin va kumush bo‘lsa, nafsini qiyinchilikka tashlaydi.
Zulqarnayn:
— Bu qabrlar nima bo‘ladi? Qazib qo‘yibsizlar. Erta bilan turgandan boshlab ularga qaraysizlar, tozalaysizlar va yonida namoz ham o‘qiysizlar!..
Hukmdor:
— Biz buni dunyoda cheksiz orzu-havaslarga ko‘milib ketmaylik va yomonlik qilmaylik, deb ado etamiz.
Zulqarnayn:
— Qarab tursam, giyohdan va sabzavotdan boshqa yeydigan narsalaringiz yo‘q. Jonli hayvon boqsangiz bo‘lmaydimi, loaqal sutidan foydalansangiz, minib foydalanardingiz!..
Hukmdor:
— Biz qorinlarimizni hayvonot mozori qilishdan nafratlanamiz. O’t va sabzavot biz uchun kifoya. Ozgina yegulik odamzodga yetarli bo‘ladi!..
So‘ngra hukmdor qo‘lini Zulqarnaynning yelkasiga qo‘yib, unga bir kalla suyagini uzatadi. Hukmdor:
— Bilasanmi, kim bu? Zulqarnayn:
— Io‘q!.. Kim ekan? Hukmdor:
— Yer yuziga hukmron bo‘lgan bir hukmdor edi. Alloh unga quvvat, qudrat va saltanat bergandi. Lekin u fuqarosiga va jonzotlarga zulm o‘tkazib jondan bezor qildi. Alloh o‘lim bilan uni vujudidan ayirdi. Endi yerdagi oddiy bir tosh nima bo‘lsa, bu ham shu. Allohuning amallarini qayd qilib qo‘ygan. Qiyomat kuni hisobini so‘rab, jazosini beradi!..
Hukmdor shundan keyin boshqa bir chirigan kalla suyagini uzatdi va yana so‘radi:
— Ey Zulqarnayn, bilasanmi, kim bu? Zulqarnayn:
— Yo‘q! Kim ekan! Hukmdor:
— Bu ham hozirgi aytganimdan keyin hukm surgan xukmdor. O’zidan oldingi hukmdornyng o‘z fuqarosiga va jonzotlarga zulm o‘tkazganini ko‘rgan. U bunday zulmdan jirkangan. Allohga nisbatan mutavoze bo‘lgan. O’lkasida adolat bilan ish olib borgan. Kimsaga zulm qilmagan. Keyin esa shu ko‘rib turganingday holga kelgan. Alloh oxiratda mukofotlamoq uchun uning amallarini ham yozdirib qo‘ygan!..
Hukmdor shunday keyin Zulqarnaynning kallasiga ishora qilib:
— Bu kalla ham shu ikki kalladan biri singari bo‘ladi. Diqqat qil, ey Zulqarnayn, nima ishlar qilayotganingga!.. -deydi.
Shunda Zulqarnayn, hukmdorga:
— Men bilan doimiy hamsuhbat bo‘lishni istamaysanmi? Ikkalamiz aka-uka tutinamiz, seni vazir qilib olaman, Alloh menga neniki ravo ko‘rsa, sen bilan teppa-teng bo‘lishib, baham ko‘ramiz! — deydi.
Hukmdor: «Mening va sening bir yerda bo‘lishimiz yaxshi emas!» - deya javob beradi.
Zulqarnayn bu hodisadan hayratga tushib va o‘zi ham o‘git olib, u bilan vidolashadi.
- Ey dunyo va dunyo ne’matlaridan zavqlangan va ko‘zlarini dunyo zavqu safosidan hech uzmagan kishi! Sen nafsingni o‘zing idrok etolmaydigan narsalar bilan mashg‘ul qilib qo‘yding. Ertaga Allohning huzuriga borganingda nima deb javob berasan?..
— Uyg‘on! Har bir inson ustida har doim dunyoning musibatlari bor. Dunyoning iqboli ochilsa ham, yopilsa ham —shu!.. Agar baxtingochilganini ko‘rsang, doimo shukur qilib kutib ol. Baxting hamrohing bo‘lmasa matonat ko‘rsat, chida!..