— Haq nikohlik egangdan yorug‘lik chiqmasa nima qilasan, bo‘lam...
— Nima demoqchisiz?! — haminqadar olovlandi onamiz. — A, nima demoqchisiz?!
Qimmat momo ra’ykorchi bo‘ldi.
— Ana, ferma mudirimiz bor, uyurdagi ayg‘irday bo‘p yuribdi... — dedi. — U bo‘lmasa, ana, brigadirimiz bor, kelbati egiz tug‘diraman, deb turibdi...
Oymomo onamiz shahd bilan joyidan turdi. Shasht bilan so‘ridan tushdi. Kalishini-da kiymadi. Yalang oyoq darvoza tarafga yurdi. Darvoza tavaqalarini lang ochdi. Qo‘li bilan ko‘chani ko‘rsatdi.
— Keting! — dedi. — Hozir keting!
Qimmat momo joyidan turishini-da bilmadi, turmasini-da bilmadi. Bezrayib o‘tira berdi.
— Eb-ey, yaxshilikka yomonlik! — dedi. — Men seni bo‘lam deb aytib edim, bo‘laginam deb aytib edim, eb-ey!
— Men sizga keting, deyapman!
— Eb-ey, men pillaga kelib edim, eb-ey!
— Ketmaysizmi, ketmaysizmi?!
Oymomo onamiz shunday deya, itini chaqirdi:
— Bah-bah-bah, Olapar, bah-bah-bah!
Katak oldida yotmish Olapar chopqillab keldi. Dumini likillatib-likillatib, onamiz o‘ngirini iskadi.
— Keting deyapman!! — dedi onamiz. — Bo‘lmasa, Olaparni olkishlayman!!
Qimmat momo lik etib joyidan turdi. Kalishini yo‘l-yo‘lakay kiydi.