55
«Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir shahar va uning sobiq qotil hukmdori bo‘lgan ekan, - dedi Bulen xalq uslubida. Lekin u o‘zini o‘zgartirgan bo‘lib, kunlarning birida qizining balog‘atga yetganligi munosabati bilan ziyofat beradi. Buning uchun ko‘plab mol, qo‘y, cho‘chqa, tovuq va o‘rdak so‘ydiradi. Ziyofatdan o‘n kun o‘tgach, hukmdor birdan holsizlanib, asta-sekin so‘la boshladi. Alal-oqibat uning umri o‘z nihoyasiga yetadi. Eshitgan kishi borki, ko‘z yosh qilib, qattiq iztirobga tushadi. Biroq ko‘mish marosimida hukmdor birdan tobutdan qo‘zg‘alib, o‘rnidan turadi va yeyish uchun ovqat so‘raydi. Yig‘ilganlar dahshat ichra qolishadi va qochishga tushadilar, lekin hukmdor ularni qo‘rqmaslikka va unga quloq solishga chaqirib, shunday deydi: «Mendan qo‘rqmangiz, men narigi dunyoga borib qaytib keldim, xolos, va endi sizga o‘sha yoqdagi sarguzashtlarimni aytib beraman». Shundan so‘ng odamlar ortga qaytishadi. U gap boshlaydi: Qachonki umrim tugab o‘la boshlaganimda, to‘rt shayton oldimga keldi. Birining qo‘lida qamchi, ikkinchisida arqon, uchinchisida qisqich bo‘lib, to‘rtinchisi otda o‘tirgan qo‘mondon edi. Shaytonlar meni qo‘mondon aytgan joyga keltirishdi. Unga yaqinlashganimda bir hujjatni o‘qib eshittirdi. Bu ziyofat kuni so‘ydirganim hayvonlarning shikoyati edi. Ularning aytishicha, avvalgi hayotlarida inson bo‘lib tug‘ilishgan, lekin gunohlari sababli hayvon kabi qayta dunyoga kelishgan. Ular hayvon bo‘lib o‘z gunohlarini yuvayotgan paytlarida men ularni so‘yishga buyurib, inson kabi yana qayta tug‘ilishlariga emas, balki o‘limga mahkum etganman.