Ota-ona ham, maktab ham, xullas, o‘smirning atrofidagi barcha undan yaxshi o‘qishni, mehnatkash bo‘lishni talab qiladi-yu, uning to‘g‘ri dam olishi bilan hamma ham qiziqavermaydi. Qiziqqanlar ham bir hildagi reja bo‘yicha ish olib borishadi. Holbuki, Toshkentdagi o‘smir bilan G‘ijduvondagi o‘smirning qiziqishi, sharoiti, imkoniyati butunlay boshqa-boshqa-ku? Undan tashqari bolaning yoshi ulg‘aygani sayin u ham jismonan, ham ma’nan shakllanib boradi. Uning bo‘sh vaqtiga mos dam olishni tashkil etish esa qiyinlashadi. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning 43,4 foizini bo‘sh vaqtdan unumli foydalanishga jalb etish mumkin ekan. 56,6 foizi esa bo‘sh vaqtidan o‘zicha foydalanishni istaydi. Yosh ulg‘aygan sayin bu raqamlar ham yomon tomonga o‘sib boradi. Ya’ni, 14-15 yoshli bolalarning 38,8 foizi, 16-17 yoshlilarning 35,2 foizini foydali dam olishga jalb etish mumkin bo‘larkan. Qizlar orasida esa ahvol bundanda yomonroq. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan qizlarning 41, 14-15 yoshlilarning 21, 16-17 yoshli qizlarning 14 foizigina kattalar taklif etgan tadbirni qabul qiladi. Biz mana shu o‘sish, shakllanish jarayonini hisobga olamizmi? So‘rovlarimizdan ayon bo‘ldi-ki, maktab o‘quvchilarining 35,5, kollej talabalarining 42, ishlovchi o‘smirlarning va ishlamaydigan, o‘qimaydiganlarning 67 foizi bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazish bo‘yicha kattalar tomonidan taklif etilgan tadbirlarda ishtirok etishni istamaydilar. Ba’zi o‘smirlar uchun esa bunday tadbirlarda ishtirok etish ham etmaslik ham farqsiz. Ba’zilari ota-onasi yoki o‘qituvchining zo‘ri bilan ishtirok etishi mumkin. Misolga murojaat etaylik: sir emaski, teatrlarimizga bolalar zo‘rlab olib boriladi. O‘rta yoshdagi bolalarga chipta tarqatish uncha mashaqqat tug‘dirmaydi. O‘smirlar esa bo‘yin tovlashga urinishadi va sinf rahbarining tanbehlaridan bezib pul to‘lashadi-yu, teatr tamoshasiga esa borishmaydi. Borganlari ham to‘polon qilib atrofdagilarni bezdirishadi. Maktabda dars paytida qilolmagan qiliqlarini o‘sha yerda qilishadi. O‘ziga ishongan o‘smirlar esa pul to‘lash chog‘ida «Sazangiz o‘lmasin, deb to‘layapman, tamoshangizga bormayman»,- deb sinf rahbarini ogohlantirib qo‘yishadi. O‘qituvchiga shunisi ham tuzuk. Ko‘chaga qancha kam bola bilan chiqsa shuncha bexavotir. Teatrga ham shunisi tuzuk: qancha kam bola kelsa shuncha tinchlik bo‘ladi. Eng muhimi - chiptalar to‘la sotilgan.