424/4. Amr ibn Os (r.a.) o’lim to’shagida yotganlarida: «Agar vafot etsam, voy-dod solib yig’laydiganlarni va o’t yoquvchilarni ortimdan ergashtirmanglar. Agar dafn qilsanglar, tuproqni oz-ozdan tashlanglar. So’ng qabrim tepasida bir hayvon so’yib, go’shtini taqsimlaguncha vaqt turinglar. Men sizlarga hamroh bo’lib, Rabbim elchisiga nima deb javob berishimga tayyorlanib olayin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari
Mayyit vasiyat qilgan hamma narsa ham bajarilavermaydi. Balki uning vasiyatlari ilm ahllariga yetkaziladi. Agar ruxsat berishsa, amal qilinadi. Ruxsat berishmasa, u vasiyatni bajarilmaydi. Masalan: «Meni tobut bilan dafn etinglar, desa, u vasiyatiga amal qilinmaydi. Faqat ehtiyoj tufayli amal qilinishi mumkin. Yana qabrining boshqa yerga ko’chirishlarini vasiyat qilsa, unga ham amal qilinmaydi. Faqat Makka, Madina yoki Baytul Maqdis kabi muborak yerlarga ko’chirilishi joiz. Shuningdek, dafn etilayotganida boshining tagiga yostiq va shunga o’xshash narsalar qo’yishni, ipak bilan kafanlashni, shariatda belgilanganidan oshiqcha kafan qilishni, badanini yopishga yetmaydigan kiyim bilan kafanlashni, janozasini ancha kechiktirishni, ziyorat qilishlari uchun qabriga maqbara qurishni va shunga o’xshash shariatda joiz ko’rilmagan ishlarni vasiyat qilsa, ularning birortasi bajarilmaydi. Ammo qabri yonida Qur’on tilovat qilinishini, sadaqa berilishini va shu kabi Allohga qurbat-yaqinlik hosil qiladigan ishlarni yoki shahridagi ulug’lar yotadigan qabristonga ko’mishni vasiyat qilsa, u vasiyatlari ado etiladi.