45
Eng oxirgi voqealar jarayoni Liga bo‘lgan yaqinligimni yanada mustahkamladi. Negaligini bilasizmi? Bir tasavvur qilib ko‘ring, bir yarim yil avval u o‘zining Xitoyida, Shinjon-Uyg‘uristonda asirga tushganini aytib berdi. Xitoyliklar boshqa sharqliklarga o‘xshab, juda sirli bo‘lishadi, shuning uchun men avval boshda unga ishonmaygina qaradim, lekin Li Yangi Hududlarni (Shinjonning tarjimasi shunday) o‘rganishga kelgan kishilarga tarjimonlik qilganini so‘zlaganda, ishonmay turolmadim. Ayniqsa, Frantsiyadan kelgan Farrah ismli mavristonlik prodyuser xonim boshchiligidagi teleguruh bilan ham birga bo‘lganmi-bo‘lmaganini so‘raganimda, u boshini qimirlatib ma'qulladi. Tasavvur qilyapsizmi, Li ayni men tarjima qilgan guruh bilan ishlagan. Lekin bu hammasi emas, chunki «qo‘poruvchilik maqsadi»da yurgan guruh bilan hamkorligi uchun qamalgan Li turmadaligida bir amerikalik diniy peshvo bilan uchrashadi, uning ismi... toping-chi, nima edi uning ismi, - ha, albatta, Luk! Boshida garchi Li inglizchani bilishini tan olmasa-da, u kundaliklarimni o‘qigan, deb o‘yladim. Biroq, Li o‘zi haqida men bila olmagan ba'zi tafsilotlarni gapirib berganda, unga ishonishga qaror qildim. Avvalo, Luk mansabdorlar undan xitoyliklarga qarshi qo‘lyozma topib olishganida qo‘lga olishganini Liga aytib bergan. Garchi u qo‘lyozmaning qadimiyligi va bugungi Xitoyga mutlaqo tegishli emasligini isbotlasa ham, uni tarixiy va diniy tadqiqot niqobi ostida aksil-Xitoy g‘oyalarni targ‘ib qilishda ayblashadi. Lukning hafsalasi ancha pir bo‘lgan chamasi, u qo‘lyozmaning zamonaviy Xitoy bilan aloqasi yo‘qligiga Lini ishontirishga uringan.