* * *
Besh namoz birlan taralmaydir xumor,
Ul taralmas, bo‘lsa hamki yuz hazor.
Kam ziyorat et, deyilmish, boshqadir,
Ahli sodiq joni doim tashnadir.
Suvda yurgaydir baliqlar har qachon,
Suv agar yo‘q ersa, qayda unsi jon?
Qanchalar cheksiz bu dengiz, o‘ylakim,
Tashna ko‘ngillarga lekin - bir yutum.
Bir nafas hijron anga - bir yilchadir,
Yor ila bir yil ko‘rishmoq - qilchadir.
Tashnadir oshiq, chu izlar tashnani,
Kecha-kunduzdek ta’qib aylar uni.
Kechani izlaydi kunduz, oshiq ul,
Kecha-kunduzdan-da oshiqroq erur.
Bir-birin ko‘zlaydi izlab har nafas,
Bir-birin izlaydi ko‘zlab har nafas.
Ul oyog‘iga tushib, behush anga,
Bul qulog‘idin tutib, madhush anga.
Ne emish oshiqda o‘y, ma’shuq faqat,
Ne emish Uzroda o‘y, Vomiq faqat.
Ma’shuqa ko‘nglida oshiqdir nuqul,
Ikkisin ayro etuvchi qayda ul?