— Taklifingiz juda to'g'ri, janob, — dedi bir kishi o'rnidan turib. — Ammo shahar sharoitida asalarichi¬likni rivojlantirib bo’lmaydi. Nega desangiz, shaharning havosi yomon, chang-to'zon, tutun serob. Asalari bunga qandoq chidaydi? Qolaversa, asalaridan sharoitga qarab asal olish mumkin. Shahar ichida u asal emas, qatron berishi mumkin. Shundoq, afandim. Endi mening boshqa bir taklifim bor. Asalarichilik bilan boshni qotirgandan ko'ra, tovuqlarga e'tibor bergan ma'qul. Tovuq yaxshi narsa. Farzandlarimiz tovuq boqish hunarini yaxshilab egallab olishsa bormi...
Direktor uning gapini bo'ldi.
— Men yana qaytarib aytaman, afandim. Maktabda asalarichilikni yoiga qo'yish, tovuq yoki sigir-
buzoq boqish bizga bog'liq emas. Dars programmalari Maorif ministrligida tasdiqlanadi. Qolaversa, bu yer qishloq xo'jalik maktabi emas.
— Mavzudan ancha chetga chiqib ketgan ko'rinamiz,— dedi po'rim bir ayol o'rnidan turib.— «Maktab va oila ittifoqi»ning a'zosi sifatida mening bir taklifim bor. Maktabda qashshoq bolalar ham o'qiydi. Shularga yordam berish kerak. Xo'sh, nima qilamiz? Lotereya o'ynab pul to'playmizmi yoki o'tgan yildagidek ularga bir kecha uyushtirib beramizmi?
Uzoq tortishuvlardan keyin yo'qsil bolalarga bir kecha uyushtirib berishga qaror qilishdi. Shu yerning o'zidayoq ota-onalardan xayr-ehson puli yig'ib olindi.
Majlis tugab, hamma o'qituvchilarni o'rab oldi. Har kim o'qituvchidan o'z farzandini surishtira ketdi. Biz, navbatchilar zalga kirib, mehmonlarning oldiga choy, limonad, pecheniy qo'yib chiqdik.
Ochig'ini aytsam, shu kuni rosa xumordan chiqdim. Qani endi shunaqa majlislar tez-tez bo’lib tursa. Sizlarda ham majlis bo'lib qolsa, bir ilojini qilib albatta kir. Gaplarni eshit.
Majlisga oyim borgan edi. Uyga qaytgach, oyimdan: «Siz ham nimaga so'zga chiqmadingiz?» — deb so'radim.
— Navbat tegdimi o'zi menga? Hammasi og'ziga kelganini vaysaydi.
— Aytadigan gapingiz bormidi?
— Nega bo'lmas ekan? Nima, menda lab-dahan yo'qmi?! Biror nimani topib gapirardim. Gal berishmasa nima qilay?
Mana, Ahmad, xatim yana cho'zilib ketdi. Seniki holva ekan.
Minega aytib qo'y, haligacha undan javob olganim yo'q. Senga muvaffaqiyat tilab:
Zaynab Yolqir.