— Labbay, adasi, hozir, — deb men bilan hayalladi juvon, — mana, hozir.
Qistama, o‘ziga qo‘yib ber, deydimu deb o‘ylab edum. Ammo parda ortidan uning shoshqich ham holsiz ovozi kelardu:
— Bo‘la qol, Bonu. Bir piyolagina...
U suvmi, nimadir so‘rar edu.
— Ketyapman, — juvon erining holini o‘zi biladi shekilli, ichkariga chopdu va shu asno oq pardani yulqib ochub, paqirdagi suvdan kosalab olarkan, ko‘zum o‘zum hozirgina gaplashgan odamga tushub, tosh qottum. Parda tushub bo‘lgan, juvon eriga suv tutar, «Mana, adasi, icha qoling», deb jonsarak bo‘lar-u, mening ko‘z oldumdan tancha yonida yostuqlarga ko‘milub o‘tirgan jaji desammu, jajmon desammu, yarimta odam ketmasdu!
Ishonasizmu, o‘zi jimitdek, ammo soch-soqoli oppoq odam... (bu qanday hol?) xumdek boshini tizzalari orasiga soluntirub o‘ltirar edu. Tizzalari, qo‘llari rosmana, tavba.
Men kimnu ko‘rdum, nimanu ko‘rdum, u jinmidu, insmidu, halu-hanuz ajratolmasdum.
Ko‘rganum — ko‘rayotganum, men turgan bu ayvonlar, pastdagi hovliyu anuv azim tut — barchasu bir ro‘yo desam, ichkarudagi o‘sha oq parda ortudan juvonning tanish-jonsarak ovozu kelub turar edu:
— Iching adasi, iching, g‘uborizzi oladi muzdek suv. Bu tarnovni suvi — Ollohning rahmati, — derdi u.
— Ichdim, Bonu. O‘tdi, o‘tib ketdi shekilli, Bonu. Yaxshiyam sen borakansan. Ko‘kning, buloqning suvlaridan opkeb qo‘yganakansan. Xuddi zamzam ichgandek bo‘ldim. Dardlarim aridi-ey. Buyam bo‘lsa, Xudoning g‘amxo‘rligi. Yo‘g‘ingda tutsa, nima qilar edim.
— Tutmaydi, adasi, Olloh hafiz — bardam bo‘ling.
— Inshaalloh de.
— Inshaalloh. Birdan-bir so‘raganim shu-ku, adasi. Shunchalik umr berib qo‘yibdi, o‘zining zikri, shukri, ibodatiga mashg‘ul qilib qo‘yibdi, bu yog‘iga ham o‘zi asraydi, adasi.
— Bu dunyoning ishlariga aralashib, manavinday qozivozliklar qilib o‘ltirishim ba’zan...
— Unday demang, qahri kelgay Ollohning. Bunday chiroyli amalni hamma ham topsin-chi, qilsin-chi! Qo‘ying, tilingizga olmang qaytib, Xudo bilsin — o‘zingiz biling...
— Avvalgi gunohlarimning kafforotiga o‘tsa, bas, menga shuni o‘zi kifoya, Bonu, kechirsa, bas.
— Shuni bilsangiz — qaytmang. Ollohning shari-atini baland tutish Sizning zimmangizga tushgan ekan, qaytmang.
Ular meni-da unutub, bir-birlariga taskin berishar, o‘zuning shu ahvoli-shu alpoziga adolatchi bo‘lib o‘rtaga tushganiga men hayronu lol edum, o‘zuni zo‘rg‘a eplab o‘tirgan odam qanday o‘rtaga tushyapti, hech aqlum bovar qilmasdu. U kim o‘zu, o‘zuga yeng bo‘lguncha birovga en bo‘lishga jazm etgan? Bu ishlarni kimga ishonub qilmoqda?
Yolg‘iz Ollohgamu?..»