- Amerikada. Amakisi - marhum Tornning akasinikida yashayapti. Kitobda yozilganidek: «U yerda Uning qudrati oshadi, u vayron qiladi va kuchayadi, dunyoning eng kuchli va aqllilari uning quroliga aylanishadi».
- Maykl, zudlik bilan Amerikaga jo’naymiz! - qichqirdi Joan Xart jon holatda.
- Ovozingni o’chir! - dedi Maykl. Bugengagenning aytganlari aqlga sig’masdi.
Bugengagen engashib, poyafzali orasidan charm xalta chiqardi. U xaltani stol ustiga qo’ydi.
- Sen buni bolaning yangi ota-onasiga berishing kerak, - dedi Bugengagen. - Buning ichida pichoqlar va ularga hamma narsani tushuntiruvchi maktub bor.
Morgan Bugengagenga tushunolmay qoldi. Uning ertaksifat hikoyasini tingladi, mayli unga ishondi ham, endi bu bema’ni safsatabozlikda ishtirok ham etish nimasi?
- Kechir, Karl,- ikkilandi Maykl bosh chayqab. - Sen mendan...
- Ularni ogohlantirish zarur! - uning so’zini bo’ldi Bugengagen. Qo’shni stoldagi mijozlar ularga qaray boshlashdi. Arxeolog bo’g’iq ovozda shivirlay boshladi.
- Men ancha qaridim, buning ustiga kasallik. Buni o’zim bajara olmayman. Men haqiqatni biladigan yagona odamman, men...- Bugengagen miyasiga kelgan fikrdan qo’rqib ketdi chamasi, so’zlarini yakunlashga qurbi yetmadi.
- Nima? - so’radi Morgan.