Ibrohim (a.s.) Ismoilni onalari Hojarga bildirmasdan aylantirib kelish bahonasida Makkadan Minoga olib borgan vaqtlarida, Ismoil otasiiga yana bir itoat belgisini namoyon qildi va dedi: «Ey, otajon, oyoq va qo‘llarimni mahkam bog‘lang, toki alamdan qattiq iztirobga tushib, ko‘nglinggizni ranjitmayin, kiyimlarimni yechib qo‘ying, toki unga qonim sachrab, savobim kamaymasin va qonni onam ham ko‘rib, hijron dardi ziyoda bo‘lmasin, pichoqni o‘tkirroq qiling, toki tezroq kessin va menga o‘lim azobi yengil bo‘lsin, onamga mendan salom ayting, agar istasangiz kiyimimni onamga qaytaring, toki meni eslaganda va topolmaganda kiyimimni hidlab taskin oladi».
Ibrohim (a.s.) o‘g‘illarining otaga qilgan odobi va Allohga qilgan itoatidan zavqlanib: «Ey, o‘g‘ilcham, Allohning buyrug‘ini bajarishda menga qanday ajoyib ko‘makchisan!» - deb, Ismoilni bag‘rilariga bosdilar, yuzidan o‘pdilar va ota-bola bir-birlari bilan yig‘lab vido‘lashdilar.
Ibrohim (a.s.) Ismoilni yonboshga yotqizib, tomog‘iga pichoq qadadilar, ammo pichoq kesmadi.
Ismoil otasiga: Ey, otajon ko‘zingiz yuzimga tushgani uchun qo‘lingiz qaltirab kesolmayapsiz. Mening yuzimni yerga qaratib yotqizing, shunda sizga oson bo‘ladi» - dedi. Ibrohim (a.s.) bu usulni ham qo‘lladilar, ammo bunda ham pichoq kesmadi. Ibrohim (a.s.)ning hayratlari ziyoda, toqatlari toq bo‘lib, boshlarini ko‘tarib, Allohga iltijo qildilar va bu vaziyatdan qutultirishni so‘radilar. Shu payt Alloh taolo xitob qildi:
وَنَادَيْنَاهُ أَنْ يَا إِبْرَاهِيمُ (١٠٤)قَدْ صَدَّقْتَ الرُّؤْيَا إِنَّا كَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنِينَ (١٠٥)إِنَّ هَذَا لَهُوَ الْبَلاءُ الْمُبِينُ (١٠٦)وَفَدَيْنَاهُ بِذِبْحٍ عَظِيمٍ
«Ey Ibrohim, Darhaqiqat sen tushingni tasdiq qilding. Albatta, biz ezgu ish qiluvchilarni shunday mukofotlaymiz, bu sizni sinash uchun bir imtihon edi. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni evaz qilib berdik». (Vas-soffot, 104-107.)