Tohir Malik. Shaytanat (uchinchi kitob)  ( 283492 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 52 B


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:51:56

Bir o‘rtanish, bir sog‘inish bilan boshlangan suhbat shu tarzda yakuniga yetdi. Go‘shak joyiga qo‘yilgach, Asadbek xo‘rsindi. «Baqirganim durust bo‘lmadi, ko‘ngli og‘ridi», deb afsuslandi.
Asadbek yanglishdi. Bundan battar gaplarni eshitib ko‘nikib ketgan Manzuraning ko‘ngli erining baqirig‘idan emas, uning nochorligidan og‘ridi.
Onaning ma’yusligini ko‘rgan o‘g‘illari baravariga:
— Nima bo‘ldi? — deb xavotirlanishdi.
— Adanglarning kelishlari qiyin emish, — dedi Manzura g‘alati ohangda.
— Maskovda ming chig‘iriqdan o‘tkazishadi-da, — deb yupatgan bo‘ldi Abdusamad.
— Adamning adalari «Xalq dushmani» deb qamalgan ekan-ku, — dedi Abduhamid.
O‘g‘illarining gaplari Manzuraga yupanch bo‘la olmadi. Uning bezovta qalbi haqiqatni sezib turardi.

Asadbek ko‘chaga chiqishni xohlamadi, ko‘ngli uyda yolg‘izlikni istadi. Boloxonadagi yigitlardan biri nonushta hozirladi. Xuddi dasturxon tuzalishini kutib turganday Kesakpolvon bilan Chuvrindi oldinma-keyin kirib kelishdi. Asadbek o‘rnidan qo‘zg‘almay, o‘tirgan yerida qo‘l berib ko‘rishdi. Kesakpolvon ko‘rishish uchun engashganida Asadbekning dimog‘iga qo‘lansa hid urilib, burnini jiyirdi-da:
— Kechasi najasga botib yotganmisan, nima balo?— deb to‘ng‘illadi.
— Bir bo‘lib qoldi, jahling chiqmasin, — dedi Kesakpolvon uzr ohangida.
Asadbek uning avra-astarini ag‘darib so‘kmoqchi bo‘ldi-yu, o‘zini tutib, Chuvrindiga yuzlandi:
— Mahmud, derazani sal qiyalab ochib qo‘y.
«Keyingi kunlarda molday ichyapti, bunga bir balo bo‘lgan», deb o‘ylab, Kesakpolvonga qattiq tikildi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:52:14

Kesakpolvon bu o‘tli qarashga dosh berolmay, bir qimirlab oldi.
— Ha, muncha tikilib qolding? Nima, tushingga kirdimmi? — deb hazillashmoqchi bo‘ldi.
— Seni tushida ko‘rgan odamning lablariga uchuqlar toshadi, — deb to‘ng‘illadi Asad. So‘ng ovozini ko‘tardi: — Qaerda bo‘kyapsan?
— Bilasan-ku, gohida ko‘ngil qurg‘ur shunaqa tusab qoladi. Ko‘ngil tusagan paytda jig‘ildonning tormozi ishlamay qoladi.
— E, jig‘ildoningga uray seni...
— Bo‘ldi, bugungisi oxirgisi... Menga osilmasdan, yangi gaplarni eshit. Bosh qotirmasak bo‘lmaydi, — Kesakpolvon shunday deb Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu ishorani kutayotgan edi, shu bois darrov muddaoga ko‘chib qo‘ya qoldi:
— Bek aka, kecha Sharifni qamashibdi.
— Qamashibdi? Kim qamabdi?
— Maskovdan odam kelibdi.
— Kecha qamashsa men nima uchun bugun eshityapman?
— Avval so‘rab-surishtirib...
Asadbek Krasnoyarga vagonda musallas yuborayotgandayoq ishi to‘mtoq bo‘lishini sezgan edi. Sezsa-da, tavakkal qilib edi. Sharif Namozov deyarli hech narsa bilmaydi, demak sotgisi kelgan taqdirda ham eplab sotolmaydi. Demak, kaltak o‘zining boshida sinaveradi. Shunday bo‘lsa-da, Moskvadan odam kelishidan xavotirga tushgulik...
— So‘rab-surishtirib... Nimani surishtirding? — dedi Asadbek zarda bilan.
— O‘sha oxirgi vagonning ishkali chiqqanga o‘xshaydi,— dedi Chuvrindi aybdor bolaning ovozi bilan.
— Sharif nima debdi? Gullabdimi?
— Bilmayman. Maskovlik chumakariga o‘xshagan xotin ekan. O‘zining odamlari bilan kelibdi. Biznikilarni yaqinlashtirmabdi.
— Sharif hozir qaerda?
— Yerto‘lada.
— Odam top.
— Bo‘lmaydi-yov...
— Qilich qaerda, dumini qisib qochvormadimi?
— Yo‘q, uning parvoyi palak. «Xavotir olmanglar, ish puxta bo‘lgan, ketsa faqat Sharifning o‘zi ketadi», deydi.
— Ko‘zdan qochirma uni. Sal aynisa, Hosil akasining izidan jo‘natvor.
— Ha, akasini zeriktirmasin, — dedi Kesakpolvon hojasining fikrini ma’qullab. — Urug‘-aymog‘i bilan quritish kerak. Buni menga qo‘yib ber. Yana bir gap: prokuror bolani ham o‘tqizib qo‘yishibdi.
— Qaysi prokuror bola?
— Oyog‘imiz ostida bir o‘ralashuvdi, esingdami? Mahmudni ham so‘roqqa chaqirib, duch kelgan teshikka tumshug‘ini tiqyatuvdi.
— Uni nimaga qamashibdi?
— Sharifga aloqasi bormishmi-ey...
Asadbek «Sen aniqroq bilasanmi?» deganday Chuvrindiga qaradi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:52:55

— Qilich Sharifni qamatganida ish shu bolaning qo‘lida edi, — dedi Chuvrindi izoh berib. — Bir narsadan gumonsirashgandir.
Asadbek uchun bu yangilik xavotirliroq bo‘ldi. Dastlab arzimasday ko‘ringan bu o‘rama faqat Sharif Namozovni emas, balki boshqalarni ham o‘z domiga tortishi mumkin ekanligi endi aniq edi.
— Maskovlikning afti-angorini ko‘rdingmi, o‘zing?
— Ko‘rmadim, — dedi Chuvrindi.
— Afti-angorini nima qilasan, jig‘ildonini ko‘rish kerak, — dedi Kesakpolvon.
— Jig‘ildoni nahangnikiday bo‘ladi-da, — dedi Chuvrindi.
Asadbek a’yonlarining gaplariga e’tibor bermay bir oz o‘yga toldi. So‘ng bir qarorga kelib, Chuvrindiga qaradi:
— Mahmud, payiga tush. Yana kavlab-kavlab Qilichga osilmasin. Agar Qilich ilinib qolsa, chatoq bo‘ladi.
— Qilichning ilinishini kutib o‘tiramizmi? Uni bir yoqli qilish kerak.
— Hozir emas.
— Sen bir narsani bilmaysan. Menga G‘ilay aytdi. U xunasa qamoqda o‘tirganida ham Hosilning oyog‘ini yalab yurgan.
— Hozir emas, deyapman! — Asadbek zarda bilan gap boshlab, keyin o‘zini bosdi. — Hozir Qilichni yo‘qotsang, maskovlik xitlanadi. Mahmud, Qilichning yoniga ishonchli odamni qo‘y. Yursa — birga yursin, yotsa — birga yotsin. Har bir nafas olishi kuzatuvda bo‘lsin.
— Shu ehtiyotkorliging menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon. — Axir odam ichketar bo‘lib o‘lib qolishi ham mumkin-ku? Birov axlatini titib, sening izingni toparmidi?
— Kerak bo‘lsa juda topadi-da! Lekin mening izimni emas, sening achib-bijib ketgan ahmoq miyangni topadi. Keyin «Shu ahmoq miyani yeb zaharlanibdi», deb qo‘ya qoladi, — dedi Asadbek jahl bilan.
Ularning maslahati pishmay turib, eshik qiya ochildi-da, boloxonadagi yigitlardan birining boshi ko‘rindi:
— Xo‘jayin, bir odam so‘rayapti, — dedi u aybdor bola kabi dovdirab.
— Kim ekan? — dedi Kesakpolvon zarda bilan. — Avval kimligini bilib, keyin kelmaysanmi, s-so‘tak!
— Kimligini bildim, aka: Maskovdan kelibdi. Xongir degan odamdan salom olib kelganmish. Xongirning kimligini xo‘jayin bilarkanlar...
Xongireyning nomini eshitib, Asadbek bilan Chuvrindi bir-biriga sirli ravishda qarab oldilar. Moskvadagi uchrashuvdan bexabar Kesakpolvon esa ensasi qotib so‘radi:
— Kimdan deding?
— Xongirmi... Gapiga yaxshi tushunmadim. Tilidan o‘risga o‘xshamaydi. Gurzinmi deyman...
— Bir o‘zimi yo sherigi bormi? — deb so‘radi Chuvrindi.
— Bitta o‘zi keldi.
— Chaqir, kirsin, — dedi Asadbek.
Chaqirilmagan mehmonni Asadbek ham, Chuvrindi ham darrov tanidilar. Moskvadagi uchrashuvda Xongirey yonida turgan, artistlarday o‘ziga bino qo‘yib kiyingan, qaldirg‘och mo‘ylovli bu yigitni ehtirom bilan kutib olib, to‘rga o‘tqizdilar.
— Qalay, Xongirey sog‘-salomat yuribdimi? — deb so‘radi Asadbek.
— Ollohga shukr, — dedi mehmon. — Xongirey senga-da salomlar yubardi. O‘zing nechuksan? Sog‘misan, qardosh?

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:53:30

Uning yosh bo‘la turib sensirashi uchovining g‘ashlarini keltirgan bo‘lsa-da, sir boy berishmadi. Nozikroq odamlar bilan Asadbekning o‘zi gaplashardi. A’yonlar u yoki bu masalaga ko‘z qarashlari bilan munosabatlarini bildirib turishardi. Bu safar ham an’ana buzilmadi.
— Qo‘ng‘iroq qilganingda kutib olardik, Xongireyning odami biz uchun aziz mehmon, — dedi Asadbek uning savollariga javob bermay.
— Kelib-ketib yurgan yerim. Bu joylar o‘z uyimday bo‘lib qolgan. Seni bezovta qilmoqning hojati yo‘qtur.
— Qanday yumush bilan kelding? Balki yordamimiz tegar?
— Yordammi? E, yo‘q, qardosh menga yordam kerakmas. Kerak bo‘lsa, bizlar senlarga yordam berishimiz mumkin. Men bu yerga Xongireyning ukasini ko‘rgani kelgan edim. Sen uni taniysan — Hosil. Uyida yo‘q, ofisida yo‘q. Safarga ketgan emish. Sen bilmaysanmi? Qaerga ketgan? — U shunday deb Asadbekka sinovchan tikildi. Asadbek undan nigohini olib qochmadi, tik qaraganicha kiprik qoqmay javob berdi:
— Uning o‘z kallasi, o‘z oyoq-qo‘li bor, istagan tomoniga bora beradi. Mendan so‘rab o‘tirmaydi.
— Sen uni yaqin orada ko‘rmadingmi?
— Yaqin orada ko‘rmadim.
— Eslab ko‘r-chi, qachon ko‘rgan eding?
— Sen Xongireyning odamimisan yo prokurormisan? — dedi Asadbek kinoya bilan. U shu tarzda mehmon izzatini bilmayotganini ma’lum qilib qo‘ymoqchi edi. Mehmon bu kinoyani samimiy hazil o‘rnida qabul qilib, kulimsiradi:
— Qardoshim, men Xongireyning bosh prokuroriman. Hosilni qachon ko‘rganing meni juda-juda qiziqtirib qoldi. U bugun yo ertaga Xongireyga juda-juda kerak. Uni qidirib topishim shart. Yo tirigini yo o‘ligini, angladingmi?
— Menga qara, «bosh prokuror», Hosilning jilovi mening emas, xo‘jayiningning qo‘lida. Agar «juda-juda qiziqsang», eshit: Maskovdan qaytganimdan keyin uni ko‘rganman.
— Uyingga o‘zi kelgan, a? — dedi mehmon, «Bundan bizning ham xabarimiz bor», degan ma’noda.
— Ha, uyimga ham kelgan.
— Oralaringdan gap qochmaganmidi?
— Hosilning men bilan gap talashishi uchun yana ellik qovun pishig‘i bor. U mening oldimda kim, bilasanmi? U — bir laycha!
— O‘, go‘zal! — dedi mehmon barmog‘ini qarsillatib. — Juda go‘zal! Hosil — laycha. Asadbek — o‘q ilon! Xongireyga aytib qo‘yishim shart. Qardosh, sen ayt, agar laycha akillab g‘ashini keltirsa, o‘q ilon chaqib o‘ldirishi mumkinmi?
— Agar o‘q ilon chuvalchang zotidan bo‘lsa, chaqadi. Haqiqiy o‘q ilon bunaqa past ketmaydi.
— Menga yoqyapsan, qardosh! Endi yana bir gap: Xongireyning Kozlov degan yana bir ukasi bor. Krasnoyarskda turadi. Eshitganmisan?
— Eshitganman.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:53:44

— O‘sha senikiga mehmonga kelmoqchi ekan, kelmadimi?
— Yo‘q.
— Qiziq, senikiga mehmonga kelmoqchi ekan, — deb gapini qaytardi mehmon. — Agar bugun-erta kelib qolsa, Xongireyga xabar qil. Kozlovning ozgina qarzi bor, to‘lab qo‘ysin-u, yuraversin. Ha, aytmoqchi, qardosh, ijozat ber, men Xongireyga telefon qilib olay.
Chuvrindi turib telefonni oldi-da, uni mehmonning qo‘liga tutqazdi. Mehmon lozim raqamlarni tergach, o‘tirganlarga bir-bir sinovchan tikildi. So‘ng, Moskvadan javob bo‘lgach, o‘z tilida gapira ketdi. Xongirey bilan gaplashdimi yo boshqasi bilanmi, ular tushunishmadi. Asadbekning nomi ikki-uch marta tilga olingani esa ular uchun jumboq bo‘lib qolaverdi.
— Endi menga ruxsat ber, — dedi mehmon go‘shakni joyiga qo‘ygach.
— Sen mehmonsan, — dedi Asadbek, — o‘zbek palov yemagan mehmoniga ijozat bermaydi.
— O‘, tashakkur, jon qardosh, palov yegani kelaman.— U shunday deb o‘rnidan turdi.
Asadbek Chuvrindi bilan ko‘z urishtirib oldi. Nigohlarning bu uchrashuvi qanday ma’no anglatishini uqqanday mehmon ostonada to‘xtab, orqasiga o‘girildi-da:
— Qardosh, orqamdan odam qo‘yishni o‘ylama. Biz ko‘pchilikmiz, — dedi.
— Xotirjam bo‘l, mening bunaqa odatim yo‘q, — dedi Asadbek.
Mehmon ko‘zdan yo‘qolgach, ular o‘z o‘rinlarini egallashdi.
— Is olibdi-da? — dedi Kesakpolvon sovub qolgan choyini ho‘plab. So‘ng jahl bilan Chuvrindiga qaradi: — Mahmud, chaqir bittasini, choyni yangilasin.
Choy yangilangunicha xonaga sukut hukmronlik qildi. Chuvrindi bunday paytda hojasining gapirishini kutadi. Kesakpolvon esa yuragi toshib, betoqatlanadi. Hozir ham fikrini bayon qilmoq uchun bir-ikki og‘iz juftladi-yu, Asadbekning xo‘mrayib o‘tirishini ko‘rib, shashti qaytdi.
— Mahmud, Maskovga borib kelishing kerak. G‘ilayni olib bugun uch, — dedi Asadbek.
Uning gaplari munozaraga o‘rin qoldirilmagan tarzda, amr ohangida aytilgan bo‘lsa-da, Kesakpolvon o‘zini tutib tura olmadi:
— Darrov yuborma. Qo‘rqibdi, bir gap bor, deb gumonsiraydi.
— Yo‘q, bugunoq jo‘naydi. Vaqt o‘tsa — gazak oladi. Men Maskovdan bir sado kelishini kutyatuvdim. Xongirey meni ogohlantirgan edi. Kozlov qochganga o‘xshaydi. Sharifni qamagan prokurorning kelishida ham Xongireyning xizmati bo‘lishi mumkin. Vagonni Xongireyning odamlari xitlarga ro‘para qilgan.
— Qo‘rqoq bo‘lib qolibsan, — dedi Kesakpolvon.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:54:31

Alam dengizi to‘lib turgan Asadbekka bu gap malol keldi. G‘azab jilovini uzdi-yu, qo‘lidagi piyolani Kesakpolvonga qarab otganini o‘zi ham bilmay qoldi. Piyola Kesakpolvonning qulog‘i yonidan uchib o‘tdi-da, devorga tegib sindi. Chuvrindi chaqqon turib hojasining yelkasidan ushladi. Kesakpolvon esa o‘rnidan jilmadi. Boshini egib o‘tiraverdi.

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:55:27

                                                                                       XII b o b

                                                                                           1

Tunlarni to‘lg‘oq bilan bedor o‘tkazayotgan faqat Asadbek emasdi. Shifoxonadagi Elchin ham shunday holatda edi.
Farqlari — Asadbekning jon taslim qilish onlari tobora yaqinlashardi. Elchin esa, aksincha — uzoqlashayotganday edi. Asadbekning uqubatli umr yo‘li adog‘iga yetay deganida Elchinning azobli hayoti davom etadiganday edi. Ilgari Elchin tikonli cho‘l bo‘ylab yalangoyoq yugurgan bo‘lsa, endi olov sahrosida kuyib, qovjiraydi. Ruh azobi xuddi soya kabi unga ilashib yuraveradi. Bora-bora o‘lim Ollohning so‘ng jazosi emas, balki mukofoti ekaniga ishonadi. Ana shu mukofotga yetishmoqni orzu qiladi. Ruhi ezilgan damlarda «Xudo qaysi gunohlarim uchun jazolayapti?» deb o‘ziga-o‘zi savol beradi. Ajab dunyo... faqat Elchin emas, bu dunyo azobidan ozgina tatib ko‘rgan har qanday banda shu savolga javob topmoqni istaydi. Agar bu ojiz bandalar «Qanday yashasam gunohga botmayman, jazoga duch kelmayman», degan savolni ko‘ndalang qo‘yib hayot kechirsalarmi edi, oqibat qaysi gunohlari uchun jazo olayotganlarini bilmay sar-sari bo‘lmaslar edi.
Elchinning hali bunday xulosaga kelmog‘iga fursat bor. Shifoxonada hushiga kelgach, u boshqa narsalarni o‘ylaydi. O‘q yeb yiqilgan Hosilboyvachcha tomon yurgani, ko‘cha eshik zarb bilan ochilgani, G‘ilay qo‘lidagi to‘pponcha o‘t ufurgani... sinema tasmasiday qayta-qayta ko‘z oldida gavdalanaveradi. So‘ng... ota-onasi... Noilasi... So‘ng... ilonzordagi Hosilboyvachcha... Nima edi bu? Tushimi edi yo alahsiradimi? Yoki... u dunyoga borib-qaytdimi? Bir o‘lib, bir tirildimi?
Bu jumboq edi. Bu jumboqni yechmoq uchun ko‘p bosh qotiradi. Oqibat... qiyomatdagina javob topadi...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:55:59

Elchin dastlab hushi o‘ziga kelganida ko‘zini ochib, oq libosli hamshirani ko‘rdi. Uni farishta qiyofasidagi Noila deb xayol qildi.
— Noila, yana ko‘rishdik, endi meni haydama, — dedi.
Bu gapni xayolida aytdi — quruqshagan lablari salgina qimirlab qo‘ydi xolos.
So‘ng... ko‘rgani hamshira xira pardaga o‘rala boshladi. Xira parda zulumot chodiri bilan almashildi.
Ayol kishi ovoz berdi:
— Doktor, yuragi to‘xtayapti...
Kim u? Nima uchun bunday dedi? Elchinning nazarida yuragi temirchining bosqonidek gupillab urardi, qulog‘i ovozlarni eshitardi. Faqat... ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Keyin... ovozlar uzoqlasha boshladi. Keyin u yengil qushga aylandi. Ucha boshladi. Xuddi G‘ilay-ning to‘pponchasidan o‘q otilgach parvoz qilgani kabi... Uchdi, uchaverdi...
Shaharni osmondan turib tamosha qildi.
Odamlar... chumolidan kichik, chumolidan ojiz...
Yerda yurishlari esa...
Yerda yurganlarida o‘zlarining bu qadarli ojizliklarini nima uchun bilmaydilar ekan?
Kekkayib yuruvchi odamzotning aslida chumoli kabi zaifligidan ajablanayotgan Elchin endi pastga qulay boshladi. Pastga, o‘zi kabi kibrli odamzot bag‘riga qarab uchdi, uchaverdi. Qo‘rqdi... Yer-parchin bo‘lib o‘lishdan qo‘rqdi.
Birdan... Anvar ko‘rindi! Sog‘ingan do‘st kabi qulochini keng yoyib, unga bag‘rini ochdi.
Ajablanarlisi shundaki, uning oyoqlari yerda emasdi, balki u ham Elchin kabi uchardi. Anvar uni quchoqlab oldi. Elchin qamoqdan qaytayotganida Anvar bilan uchrashuvni ko‘z oldiga keltirganda ana shunday quchoqlashishni umid qilgan edi. Afsuski, xayoli puch bo‘lib chiqib, uni jinnixonadan topdi. Sog‘ingan do‘stlar quchoqlashib ko‘rishmadilar. O‘sha umid... mana endi amalga oshdi. Anvar quchoqladi...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:56:30

Ammo... Anvar o‘lgan edi-ku?..
— Anvar! — dedi Elchin hapriqib, — Qayoqdan kelding? Meni kutayotganmiding?
— Yo‘q, seni kutmayotgan edim. O‘zing qayoqdan paydo bo‘lding? Nima bor senga bu yerda?
— Bu yer... deganing nima?
— Tushunmadingmi?.. Tushunmaysan...
— Qamoqdaligimda tushlarimga kirarding. Nu-qul kichkina bolaga aylanib o‘ynardik. Hatto... o‘qituvchi o‘tiradigan kursiga ingichka mix qoqib qo‘yganimiz ham tushimga kiruvdi. Keyin... Chiqqanimdan keyin ham tushimga kirding. Yomon tushlar ko‘r-   dim.
— Qanaqa tush?
— Aytmayman, xosiyati yo‘q.
— Ayt, bilgim kelyapti.
— O‘zingni osib qo‘ygan emishsan.
— Bu tush emas edi...
— Sen o‘zingni rostdan ham osdingmi? Sen... rostdan ham... o‘ldingmi?
— Ha, o‘lganman.
— Unda hozir men... tush ko‘ryapmanmi?
— Shunga yaqin.
— Uyg‘onganimdan keyin seni ko‘rmaymanmi?
— Ko‘rmaysan.
— Unda... meni qo‘yib yubor.
— Avval seni hayotingga eltaman.
— Hayotimga?.. Qanaqa hayotimga?
— Sen meni jinnixonadan chiqargan eding. Men qarzimni uzaman.
— Sening... odamlarni hayotga eltadigan kuching bormi?
— Yo‘q, men faqat amrni bajaruvchiman.
— Kimning amri?
— Aqlingni ishlat...

Qayd etilgan


Murod_bek  31 Oktyabr 2007, 10:57:03

So‘nggi so‘zlar aks-sado berib takrorlandi. Takrorlanaverdi. Keyin bu ovoz yurak dupuriga aylandi. Yana o‘z yuragining dukurini eshitdi. Keyin notanish ovozlar... Keyin ko‘zlarini ochdi.
Bunday holat bir necha marta takrorlandi. Dam hushini yo‘qotib, dam o‘ziga kelib yotdi. Oradan qancha vaqt o‘tganini fahm etmadi. Gohida bu shifoxonaga kechagina kelganday tuyulardi. Gohida esa yillab yotganday bo‘lardi go‘yo.
Ana shunday kunlarning birida Zaynab keldi. Avvaliga uni tanimadi. Bunga ko‘z oldini qoplagan xira parda sabab, deb o‘yladi. Aslida esa, Zaynab keyingi kunlar ichi chindan ham tanimas darajada o‘zgargan, ozib, husn-latofatini yo‘qota boshlagan edi. Chuvrindining xotini uni pardoz qilishga bejiz undamagan edi. Elchin Zaynabga hamroh bo‘lib kelgan Chuvrindining xotinini avval ko‘rmagani bois ham uni tanimadi.
Zaynab eriga sassiz tikilib turgan bo‘lsa-da, Elchinning quloqlari ostida uning alamli nidosi jaranglayverdi:
— Xudo ursin sen iflosni!!!
O‘sha qorong‘u uyda, nomusi bulg‘angan damda pokiza yurakning alamli nidosi bo‘lib uchgan bu faryod so‘zlari Elchinning xotirasiga muhrlangan edi. Hozir, o‘lim bilan hayotning qil ko‘prigi ustida turgan mahalda jaranglab, qalbdagi yaralarini tirnab tashladi. So‘ng bu so‘zlar o‘zgargan holda, pastroq ohangda, ijro bo‘lgan hukmning intihosi sifatida eshitildi:
— Xudo uribdi-da, oxiri, Xudoga shukr...
Yo‘q, Zaynab aytmadi bu gapni. Buni Elchinning dili juvon tilidan aytdi. Yaxshiki Zaynab bir so‘z aytmadi, uzoq turmadi. Gapirsami edi, uning shirin so‘zlari ham kamon o‘qlariga aylanib, dilini yaralardi. Ko‘proq tursami edi, yaralangan qalbi o‘kinchning temir tirnoqlari orasida majaqlanib azoblanardi. Zaynabning tez qaytishi uni bu azoblardan qutqardi.
Zaynab chiqib ketgach, uxladimi yo hushini yo‘qotdimi, bilmaydi. Harholda yana yengil parvoz etganday bo‘ldi. Avval Noilani ko‘rdi. Uni kirlanib ketgan libosda ko‘rib, ko‘ngli kirlandi.
— Noilam, men senga yangi ko‘ylak olib beray, — dedi Elchin.
Noila javob bermadi.
— Noila, nega indamaysan?
— Sizni... Xudo urgani rost...
— Noila, unday dema.
— Xudo urgani rost...
Elchin hayratlandi: qarshisidagi Noila Zaynabning ovozi bilan gapirardi.
— Noila, sen unday dema, men qasos olishim kerak edi, qasos olyapman.
— Zaynabni xorlashingiz qasos emas.
— Tuzalib chiqsam, hammasini o‘ldiraman!

Qayd etilgan