Sa’id ibn Jubayr rivoyat qiladilar: «Hazrat Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu Ibn Abbosni bir guruh keksalar davrasiga olib borgan erdilar, ularning orasida o‘ltirgan Abdurrahmon ibn Avf Hazrat Umarga: «Bu bolani bizning davramizga olib kelmangiz, o‘zimizda ham bunday bolalar yetarli!» — dedi. Hazrat Umar: «Uning bilimini bir sinab ko‘rsangizlar!» — dedilar-da, Ibn Abbosdan «Izo joa nasrullohi val-fathu...» surasining ma’nosini so‘radilar. Ibn Abbos: «Bu surada Olloh taolo Janob Payg‘ambarimizga umrlari tugab qolganligini ma’lum qilayotir»,— dedi. Hazrat Umar: «Buning ma’nosini men ham sen kabi tushungan erdim»,— dedilar».
Sa’id ibn Jubayr rivoyat qiladilar: «Panjshanba kuni Ibn Abbos: «Panjshanba kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dardlari og‘irlashganda nimalar degan erdilar, bilasizlarmi?» — dedi, so‘ng o‘z savoliga o‘zi bunday deb javob qildi: «Janob Rasululloh: «Menga qog‘oz-qalam keltiringizlar, men sizlarga bir vasiyat yozib berayki, uni o‘qigach, sira yo‘ldan adashmagaysizlar!»— dedilar. Shunda sahobalar, ul zotning huzurlarida tortishish odobdan bo‘lmasa-da, o‘zaro tortishib qolishib: «Qo‘yaveringizlar, ul zot alahlayaptilar!»— deyishdi. Janob Rasululloh: «Menga qarshilik qilmangizlar, aytadirgan vasiyatimni aytib olay, bu sizlarga yaxshiroq bo‘lgay!» — dedilar-da, «Arabistondan mushriklarni quvib chiqaringizlar, mehmonni men siylagandek siylangizlar...» deb vasiyat qildilar, so‘ng jimib qoldilar. Uchinchi vasiyatlarini ham aytgan bo‘lishlari kerak, lekin men unutdim».