Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 123157 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 20:45:05

NORQOBIL JALIL

«MEN YER BILAN SALOM-ALIK QILAMAN»

Deyarli hammamiz uchun juda g’ayritabiiy tuyulgan bu shiorga u bir umr amal qilib yashadi, desam xato bo’lmaydi. Nega? Chunki u shu fe’li a’moli bilan, qolaversa, hech birovimizga o’xshamaydigan hayot tarzi bilan boshqalardan ajralib turardi. Sezgandirsiz, gap o’zbek milliy adabiyotining namoyandasi rahmatlik Tog’ay Murod haqida ketyapti. «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi», deya erta bashorat qilgan yozuvchining chin dunyoga rixlat qilganiga ham uch yildan oshdi. Lekin hali-hali ijodiy davralarda, oddiy o’quvchilar orasida uning xalqona ijodi, kamtaringina yashab o’tgan umri xususida turli xotiralar aytilyapti. Men ham bugun suyukli adib bilan bog’liq ayrim hayotiy hikoyalarni eslayapman.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:46:07

Birinchi qo’ng’iroq


... Gazetada ishlab yurganimda bir topshiriq bahonasida Tog’ay akanikiga qo’ng’iroq qildim. Ayolini yaqindan tanirdim-u, lekin o’zi bilan hech gaplashmagandim. Ma’suma opa men bilan samimiy so’rashgach, bir oz jim qoldi-da, juda xokisor ohangda: «O’zbekiston ovozi»da ishlaydigan jurnalist ukam siz bilan suhbat qilmoqchi ekan», degandi, uyoqdan: «Qaysi biri, Norqobillar ko’p bo’lsa», degan javob bo’ldi. Mening ham fe’lim o’zimga yarasha bo’lsa-da, sabr qilib o’tirdim. Negaki, Tog’ay akaning qaysarligi haqida ko’p eshitgandim-u, biroq telefonga kelishidan avvalgi «so’roqlari» sal og’ir botdi. Nihoyat, telefon go’shagini ko’tardi.
Quyuq  salomlashdim. U kishi bo’lsa gapimni cho’rt kesdi:
—  Qanday mavzuda suhbat qilmoqchisiz o’zi?
Izoh berdim: «Ozodlik, hayot, adabiyot haqida uch-to’rtta savollarim bor edi. Qachon vaqtingiz bor?» Trubkani qo’li bilan yopdi shekilli, ovozi past eshitildi: «Ma’suma, bu bola mendanam qo’polga o’xshaydi-ku!» So’ng: «Ertaga opang shu tomonga o’tarmish, aytib yuboraman», degan gapining orasidagi «opang», deya sensiragani negadir ko’nglimni ko’tardi.
Ertasi kuni ayoli keldi. Uzoq gaplashdik. Tog’ay aka men haqimda obdan surishtiribdi. «Agar biror narsa yozgan bo’lsa, sendan berib yuborsin, o’qiyin, keyin o’zi bilan suhbatlashaman», debdi. Xuddi shu kuni ikki-uchta she’rlarimni ko’chirib o’tiruvdim, berib yubordim.
Peshindan keyin yana uyiga qo’ng’iroq  qildim. Bu safar o’zi oldi. Endi uyim, ota-onam, o’qishim haqida so’radi va: «Onadan erta yetim qolgan ekansan-da, she’ringni o’qidim, meniyam boshimdan bunday kunlar o’tgan, uka. Qaysi urug’dansan o’zi?» — deb qoldi. Javobimni eshitib: «Meni enam qo’ng’irotlardan, Dehqonobodni qaysidir qishlog’idan edi. Tog’alarim, xolalarim tog’ oshib eshakda biznikiga kelishardi, hozir uzilib ketdik, bilmayman», dedi-da, yozib yuborgan savollarim  ma’qul bo’lganini  va ertaga suhbat tayyor bo’lishini aytdi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:46:31

Mukofot olgan kuni

Shu kuni gazetada navbatchi edim. Bir kun avval Tog’ay Murodga Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berilganini o’qib ko’zlarimga yosh keldi, juda suyundim. Tog’ay aka bu mukofotga o’n-yuz marta loyiq edi.
Kech bo’lsayam uyiga telefon qildim. Odatdagidek, yana Ma’suma opa go’shakni ko’tardi.  Uyda mehmonlar ko’p ekan shekilli, Tog’ay akaga: «Ukangiz so’rayapti», degachgina go’shakni oldi.  «Mayli, suhbat chiqmasa chiqmas, sen hech xijolat bo’lma, men xafamasman, kitobga kiritarman, kelasanmi uyga?» — deb so’radi. «Navbatchi edim, bugun sal kechroq qolyapman», devdim, Tog’ay akaning sal kayfi bor ekanmi, «Qo’ysang-chi, navbatchiligingni, menam dejurlik qilganman gazetingda. «O’zbekiston fizkulturachisi» degan gazet bo’lardi bir zamonlar. Bir marta uyga ketib qolsam, ertasi kuni shu matoh chiqmay qolgan va rosa to’polon ham bo’lgan. Ha, buni qo’y. Xo’p, kelasanmi-kelmaysanmi?» — degan qat’iy savolga boshqa kuni borishimni aytdim...
Ming afsuski, bu orada necha yillar o’tib ketdi. Tog’ay aka bilan ko’risholmadik. Men boraman, deganimda u kishini topolmadim, u kishi uyiga chorlaganida mening ishim chiqib qolardi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:47:25

Tog’ay akaning izi

 To’rt-besh  yilcha avval Denovga bordim. Hozir butun mamlakatga tarqalayotgan «Chag’oniyon» gazetasi tajribasi haqida ko’rsatuv tayyorladik. Jurnalistlar orasida o’zining ming turli «qilmish-qidirmish»lari bilan mashhur bo’lgan Zoyir Mamajon gurungimiz orasida betoqat bo’laverdi. Nihoyat yorildi: «Men bugun Xo’jasoatga boraman, deb odamlarga va’da beruvdim. Qolaversa, qahramon buvayam sizlarni kutyapti. Gullagan ketmonini ko’rsatmoqchi...»
Xo’jasoat —  Tog’ay akaning qishlog’i. Denov qayda-yu, Xo’jasoat qayoqda? Bu devona jurnalist nima deb yotibdi, deb o’yladim. Oxiri o’zi gap ochib qoldi: «Tog’ay men bilan to’n kiyishmagan bo’lsa-da, eng qadrdon va dildosh jo’ram. U o’qigan maktab haqida «Chag’oniyon»ga bir maqola yozmoqchiydim. Shuniyam beliga tepdilaring. Mayli endi, keyin boraman. Ketdikmi Sobir Rahimovga!» — deya denovlik O’zbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullaev dalasiga chorladi.
Katta bir tepalik yonidan o’tayotganimizda Zoyir aka shofyorning yelkasiga qarsillatib urib, «To’xta, to’xta, oshna, manavi, qishloqda tug’ilib, qishloqni unutganlarga bir Tog’ay Murodning dalalarini ko’rsatayin», dedi.
— Qani, tepaga chiqib, Denovni bir tomosha qilinglar. Huv narigi tarafdan Xo’jasoat ham ko’rinadi. Tog’ay bilan bu yerlarni qancha aylanganmiz. Lekin hech sezdirmagan shunday zo’r roman yozayotganini. Gap-gap bilan bo’lib har-har zamonda «Nima yozyapsiz, jo’ra?» — deb so’rasam, «O’qiysan hali, Surxonu Qashqaning, Farg’onayu Xorazmning yelkasidan ketmon tushmagan, peshonasi bir umr sho’r bo’lib kelgan — Dehqoni haqida yozyapman», deb qo’yardi.
Xullas, o’sha kuni Ibrohim akaning dalasiga sal kechikib bordik. U kishiyam Zoyir akani ko’rib «So’kkanim bilan foydasi yo’q,  tarki odat —  amri mahol, muhimi,    kelibsizlar-ku», deya bizlarni paykalga chorladi.   

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:47:52

Gap orasida yana Tog’ay Murod haqida so’z ochildi. Ibrohim aka jo’shib ketdi: «Qoyilman Tog’ayga. «Otamdan qolgan dalalar»ini o’qib, menday diydasi qattiq odam ham to’yib yig’ladim. Nega denglar-da? Axir shunday kunlar hammamizning boshimizdan o’tmaganmidi? Chunki his qilish kerak ekan. To’g’ri, boshqalaram dehqonning og’ir hayoti va mehnati haqida yozgan. Nimasidandir ko’nglim to’lmagan-da. Tog’ayning kitobini o’qib, suyundim, bor ekan-ku mardi, deb yuribman haliyam. Bir narsani aytay sizga, men yetmishdan oshdim, butun umrim dalada kechdi. Ota-buvam  ham kengliklarda yashab o’tgan. Lekin Tog’ay Murod meni, sizni, butun o’zbek xalqini dardini, armonini doston qipti, qo’shiq  qipti, otasiga rahmat. Lof emas, hammasi chin. Meni hayron qoldirgan narsa, u qaerdan shuncha gapni, voqealarni topgan ekan-a?» 
Zoyir aka bo’lsa, qahramonning gaplarini eshitib, egat oralab ketib qoldi. Yonimizga qaytib kelgach, so’radim: «Nima, o’zlariga tegib ketdimi Ibrohim akaning gaplari, oxirigacha eshitmadingiz, axir sizam katta yozuvchi edingiz-ku», degandim, doim har qanday gapni hazilga buradigan cho’rtkesar Zoyir Mamajon bu gal bosiqlik bilan so’zlay ketdi: «Menam Tog’ayni romanini bir kechada o’qib chiqdim. Bir kechada... kerak bo’lsa yuz yillik, ikki yuz yillik xalqimizning asriy armonlari ko’z oldimdan o’tdi. Bilaman, bu romanni yozish Tog’ay uchun oson kechmagan. Necha o’n yillardan beri tayyorgarlik ko’rgan ekan u. O’zbek xalqiga haykal qo’yaman, desa, kulardim. Bir haykal bo’lsa shunchalik bo’lar-da... Shu romanni o’qigach, necha kunlab o’zimga kelolmadim. Qaerga bormayin, qaysi paykalga kirmayin, kim bilan gaplashmayin, Tog’ayning o’sha so’zlari qulog’im ostida jaranglab turaveradi...
Afsus, uch yil o’tib... Tog’ay Murodning ma’rakasida Zoyir Mamajon og’ir armon bilan shunday deb qoldi:  «Tog’ayning kitobini endi o’qiy desam, yuragim betlamayapti. Nega desa¬ngiz, uning yozganlari hammasi haqiqat ekan va endi har egatda, har paykalda, kerak bo’lsa, har bir qishloqda Tog’ayning izini ko’rganday bo’laveraman. Kimdir aytibdi, undan biror zurriyot, yodgor qolmadi-ya, attang, deb. Endi bilsak, Tog’ay Muroddan qolgan yodgorlikni hech narsa bilan o’lchab bo’lmas ekan». 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:48:58

So’nggi qo’ng’iroq


Tog’ay Murod bilan o’n yil orasida ko’p bora so’zlashdik. Gohi juda band yoki kayfiyati bo’lmasa, gapni qisqaroq qilib: «Yana telefon qilarsan», deb qo’yardi. Avvaliga bu muomalasi menga sal erish ham tuyulardi. Keyin ko’nikib ketdim va aksincha, endi o’zimning ruhim tushsa yo ayrimlarning tilyog’lamaliklariyu mayda gap-so’zlardan bezib, dilgir bo’lib qolsam,  hech ikkilanmay Tog’ay akaga qo’ng’iroq  qilardim. U kishi bo’lsa mening gaplarimni bo’lmay eshitardi.
Tog’ay Murod bilan so’nggi marta, o’limidan bir haftacha avval gaplashdik. Uyida yolg’iz o’zi ekan. Menimcha, zerikibroq turganmi yo kayfiyati chog’midi, bilmadim, yarim soatcha so’zlashib o’tirdi. Men esa xijolat bo’lib gap orasida: «Aka, uzr endi, vaqtingizni oldim», desam ham negadir hech xayrlashgisi kelmadi. O’sha kuni men ham nimadandir qattiq siqilib, Tog’ay akaga dardlarimni aytib berdim. Shunda u kishi: «Esingdami, bundan sakkiz yilcha avval senga bir gapni aytuvdim. Yana takrorlayman, u qulog’inggayam, bu qulog’inggayam quyib ol. Hali  eslab yurasan, akam bekorga bu gaplarni aytmagan ekan  deb. Men bilan ham, sen bilan ham «oshnam, do’stim, og’am», deb o’pishib, quchoqlashib ko’rishadilar va sal nariga borib, izimizdan ming xil fisq-fasod, ig’vo tarqatadilar. Parvo qilma, undaylar bilan o’chakishib o’tirma, qo’yaver. O’zing¬ga ishon. Yana bir gapni aytayin, odam ahyon-ahyonda  bo’lsayam O’ZI bilan O’ZI gaplashib, dardlashib turishi shart ekan. Qachonki mayda-chuyda gap-so’zlarga o’ralashib qolsang, o’zing ham mayda odamga aylanasan. Bir she’ringda «Olti yil yashadim yolg’izlik bilan», deb yozibsan-ku. Biz hammamiz qismatning odamlarimiz. Nimadir yozaman, yarataman, deb qishloqdan kechib kelganmiz. Uyoqda senu menga ko’z tikib o’tirgan qancha qora ko’zlar bor. Shularning yuzini yerga qaratmaylik», deb uzoq nasihat qildi...
Baribir hayron bo’ldim. Nega har doim kam gapiradigan, ustiga-ustak, salom-alik tugar-tugamas: «Nima gap, o’zi biror narsa yozayapsanmi, uylar tinchmi?» — deb gapni qisqa qiladigan Tog’ay aka bunchalik ochilib qoldi deya ajablandim ham. Kim biladi, balki o’sha kuni rahmatlik meni o’ziga yaqin olib, ko’nglidagi bor hasratu hayajonlarini to’kkandir...
Men esa bir haftadan so’ng... Tog’ay akaning to’satdan vafot etganini eshitib qotib qoldim. Eng alamlisi, tirikligida ko’rolmagan suyukli adibni, o’zimning og’amday bo’lib qolgan qadrdon jigarimni qazo  qilganida ko’roldim, xolos...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:50:14

Kuzatish

O’shanda may oyining adog’i edi. Erta tongdayoq Tog’ay aka yashaydigan uy yoni odamlarga to’lib ketdi. Mahalla oqsoqoli marhumning yaqinlarini shoshiltirardi: «Tez bo’linglar, kun yorishib kelyapti, Chig’atoydayam kutishyapti bizlarni». Sirojiddin Sayyidning mungli ovozini eshitdim: «Yolg’izgina singlisi kecha kechqurun yo’lga chiqqan ekan. Birpasgina kutaylik...» Kattayu kichik avval bir-biriga, keyin esa soatga qaraydi. Nihoyat...
Tog’ay Murod o’z uyi ostonasidan qo’lma-qo’l bo’lib ketdi. O’nlab mashinalaru avtobuslar liq to’ldi. Men Mirzo aka bilan tobut yonida ketdim. So’zsiz, og’ir nigohlarim bilan karvonni kuzataman. Tanigan-tanimagan, bilgan-bilmagan odamlar bir-birlariga yaqin, og’a-inidek bo’lib qolgan edilar. Qayda, buyog’i o’zbekchilik, baribir jim ketolmaysan, orqavarotdan bo’lsa-da, shivir-shivirlar eshitiladi: «Nima bo’pti o’zi, kasalmidi yo? Zo’r yozuvchi edi-da, attang... shuncha odam to’yga chaqirsang kelmaydi-ya!»
Chig’atoy qabristoniga yetib kelganimizda buyoqdayam ta’ziyaga kelganlarning adog’i ko’rinmadi. Avval janoza o’qish uchun machitga yo’l oldik. Hamma tobut ortidan yuguradi. Saksonni qoralab qolgan otaxon ham, endi oliy dargoh ostonasidan hatlagan talaba ham bab-baravar talashib-tortishib yelka tutadi. Janoza o’qildi. Tumonat odam jo’r bo’lib, «Rahmatlik yaxshi inson edi», deya ovoz beradi.
Ne-ne ulug’ zotlar mangu panoh topgan manzil yo’lagidan yana bir aziz farzandini so’nggi yo’lga kuzatayotgan zamondoshlarning hammasi jimgina qadam tashlaydi. «Tog’ayjon, bizdan rozi bo’l, inim, tirikligingda bir og’iz rahmatimni aytolmadim-a». Tanish ovoz. Qayrilib qarayman. Uncha-muncha adibu shoirlarni tan olmaydigan munaqqid...
O’sha kuni Chig’atoyga Tog’ay Murodni hayotlik paytida yaxshi ko’rganlar ham, hatto yomon ko’rganlar ham so’nggi manzilga kuzatish uchun keldi. Oxiri... qabriga  tuproq tashlanayotganda kimdir: «Avval yaqinlari tashlasin», degandi, birdaniga yuzlab qo’llar belkuraklarga yopishdi...
 

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:50:57

SAID   MUROD

«BOSHIMNI ZO’R ISHGA BERIB QO’YIBMEN»

Tog’ay Murod aka  «Otamdan qolgan dalalar» romani so’ngida bergan «Men» nomli tarjimai holida «Fan va turmush» jurnalida ikki yil muharrir bo’lib ishladim», deb yozadi. Dar¬haqiqat, u taniqli yosh yozuvchi sifatida nomi chiqa boshlagan kezlari ilmiy-ommabop jurnalda ishladi. Bu ish, albatta, vaqtinchalik edi. Uning o’zi: «O’ttiz-o’ttiz besh yoshlargacha uylanmayman, oila qurmayman, biror idorada faqat tirikchilik uchun ishlayman», deb yozgandi.
U  kishi  bilan  birinchi ko’rishimiz  shunday  bo’lgan.
Bekobodga yetmasdan juma molbozori bor, katta kolxozning oziq-ovqat do’koni yaqinida jurnalimiz rahbari Komil aka menga tanishtirdi:   
— Bu — Tog’ay Murod akangiz, Mengnorov. Bizga yangi ishga olindi. Hartugul, avtobusga ulgurdi Toshkentda... 
1983 yilning oktyabr oyi boshlari. «Hamma paxtaga!» —  bosh shior. Hozirgina turnaqator avtobuslar kolonnasida Toshkentdan chamasi 90 kilometrlar uzoqlikdagi bu joyda qo’nim topib, qaerga kelib  qolganimizni bilish uchun har kim atrofni «razvedka» qilib yuribdi. Tog’ay Murod aka ham qo’shni avtobusdagi hamkasblar bilan birga do’kon tomon kelayotgan ekan. Yaqin-atrofdagi ko’zga ko’rinarli balandroq bino shu bo’lib chiqdi. Uni idora bo’lsa kerak, deb o’ylaganlar  ham yo’q emas edi. Do’konga kiraverishda nuroniy onaxon yirik-yirik, yapaloq qovoq somsalarga to’la tog’ora oldida cho’k tushib o’tirardi. Shu payt Tog’ay Murod akaning ko’zlari porlab ketdi:
— Ie, xuddi onamga o’xshab ketarkan...
Tog’ay Murod aka birpasda haligi onaxon bilan bir nimalarni gaplashib ketishdi. Xuddi ona bilan boladek. Biz, hamkasblar bu qishloq do’konini bir aylanib chiqib ketayotganimizda ham ular miriqib gaplashib turishardi. «Onasiga kuchli mehr qo’ygan odam yomon odam bo’lmaydi», degan fikr xayolimdan o’tdi. Shu hayotiy epizod tufayli Tog’ay Murod aka bilan ilk uchrashuvimiz yodimda muhrlanib qoldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:51:26

* * *

Tog’ay Murod aka «Fan va turmush»da ishlagan kezlari jurnal tahririyatida chinakam ijodiy muhit mavjud edi. Asosiy jurnalistlik kasbidan tashqari, ko’plab adabiy janrlarda ijod qilinardi, adabiy munozaralar bo’lib turardi. Masalan, hozirda mashhur adib Xurshid Do’stmuhammad bir qator o’ychan, falsafiy hikoyalari, Rustam Obid hayratlanarli fantastikasi bilan tanilib qolishgandi. (Mening ham ilk modernistik she’rlarim Xurshid akaning qistovi bilan shu yili ikki adabiy nashrda e’lon qilingandi.) Hatto bir umr jurnalist bo’lib ishlab kelgan keksa xodimimiz Ilhom aka Oripov ham «O’tkan kunlar»dan ruhlanib, muhabbat haqida qissa yozgan edi. Tengdosh do’stim Mirzaahmad Olim esa  shoh va shoir Bobur Mirzo haqidagi go’zal esselarini tinmasdan e’lon qilardi. Bizga ancha yaqinda joylashgan radioqo’mitaga tushlikka borib, u yerda ishlaydigan Tohir Malik, Erkin Usmon, Olim Otaxon singari adiblar bilan o’zbek adabiyoti, yangi asarlar, jahon adabiyotining mumtoz adiblari ijodi haqida suhbatlashar edik. Tahririyatimizga ko’pgina adiblar, adabiyotshunos olimlar kelib, bahs-munozaralar rosa  avj olardi. O’ylaymanki, Tog’ay  Murod aka o’z asarlari uchun bu ijodiy muhitdan kam narsa olmagan edi. Komil aka Xolmuhamedov ham rahbar sifatida undan yordamini ayamas, qo’llab-quvvatlardi.
U paytlar bir  qator xorijiy adiblar asarlari sho’ro mafkurasiga to’g’ri kelmaydi deb kam nashr etilar, ularni ham kutubxonadan topish qiyin edi. Jahon adabiyotining eng mashhur va o’sha davrda man etilgan asarlarini qo’lma-qo’l olib o’qirdik. Masalan, Frants Kafkaning «Jarayon» romanini, modernizm adabiyotining boshqa namoyandalari asarlarini. «Jahon adabiyoti» seriyasi 200 jildligiga kirgan ayrim kitoblar menda bor edi. Tog’ay Murod akaning qissalarini o’qiganimdan keyin xalq sagalari usulida asarlar yozgan island yozuvchisi esimga tushib qoldi. Men u kishiga Nobel mukofoti laureati Xaldor Laksnessning «Mustaqil odamlar», «Island  qo’ng’irog’i» asarlari kiritilgan jildini o’qishga berdim. Tog’ay Murod aka uni bir necha hafta qo’ldan qo’ymay ko’tarib yurdi.
— Buni qarang, yozuvchi romanining bobini «She’riyat» deb atabdi, uslubi ham shoirona ruhda. Qanchalik go’zal! —  deya zav¬qi kelib so’zlab qoldi u bir kuni. —  Ham tili ravon, milliy, lekin yozuvchining o’ziyam rosa ter to’kkan. Xalqnikini o’ziga qaytarish oson emas. Xalqning kuchidek kuchingiz bo’lishi kerak. Bunaqa kuch esa bo’lmaydi. Faqat xalq merosidan foydalanib, o’z asaringizni yozishingiz mumkin, xolos. Qoyil, maza qilib o’qidim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:51:50

* * *

Tog’ay Murod aka nosir bo’lsa-da, she’riy zavqi juda baland edi. Lekin uni shaydo qilish oson emasdi. O’zaro adabiy suhbatlardan birida yangi she’rimni o’qib, qanday baho berishini so’radim. Adib bir daqiqa o’ylanib qoldi-da, keyin dabdurustdan she’r o’qib ketdi. Cho’lponni uslubidan fahmladim.  «O’zbek tili va adabiyoti» jurnalining 1967 yilgi sonlari to’plamida Cho’lponning bir turkum she’rlariga ko’zim tushgan edi. Xazina topib olgandek, hammasini ko’chirib olgandim. Shundan tanidim, lekin bunaqa zo’r she’rni sira eshitmagandim. Tog’ay Murod aka, ayniqsa, she’r oxirini o’zining so’zlash manerasi, o’ziga xos tovush intonatsiyasiga mos tarzda, biroq  endi  sal  balandroq  o’qidi:

... Men yo’qsil na bo’lib uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo’r ishga berib qo’yibmen,
Men suyib... men suyib kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go’zal,
Oydan-da go’zaldir, kundan-da go’zal.

Hayratdan qotib qoldim. O’zbek tilida bunchalik ajoyib, kam-ko’stsiz, o’ta samimiy, o’ta ehtirosli va haqqoniy holat tasvirlangan, komil she’r borligini va uni hozirgina eshitganimni aqlimga sig’dirolmasdim. Orada abadiyatchalik vaqt o’tgandek tuyuldi, o’zimning she’rimni unutib, Tog’ay akaga meni ko’pdan beri o’ylantirib kelayotgan savolni berdim:

Qayd etilgan