MOTURIDIYLIK - kalomdagi oqim, Abu Mansur Moturidiy asos solgan. 9-a. oxiri -10-a.da Movarounnahrda ismoiliylar aqidalariga qarshi javob tarzida vujudga kelgan. Bu ta’limot rivojlanib, 13-a.dan keyin Movarounnahr hududidan chiqib, musulmon Sharqi mamlakatlariga yoyildi. Saljuqiylar hukmronligi davrida hamma joyda islom aqidalarida M. tatbiq qilindi. Sunniylikning hanafiylik mazhabiga e’tiqod qiluvchilarning barchasi aqida bobida imom Moturidiy, uning shogirdlari hamda izdoshlari yozib qoldirgan asarlarga tayanib ish ko‘rdilar. Islom olamining aksariyat mintaqalarida, Suriya, Iroq, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Shim. Afrikada bu ta’limot hozir ham o‘rta va oliy diniy o‘quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o‘qitib kelinmokda.
M.ning keng yoyilishiga uning mo‘‘tadillik yo‘lini tutgani, aqidaviy masalalarda Kur’on, hadis va aqlu idrok, mantiq hamda haqiqatga eng yaqin turgani sabab bo‘ldi. Imom Moturidiy tarafdorlari bilishda faqat aklga suyanish kerak, degan mu’taziliylardan farqli o‘laroq, aql b-n naqlni qo‘shib foydalanish zarur, deb hisoblaganlar. Mu’taziliylar Kur’onni yaratilgan desalar, moturidiylar uni qadim, azaliy, deb biladilar. Imon-e’tiqod xususida M. ta’limoti, ayniqsa, diqqatga sazovor. Mu’taziliylar imonning shartlari 3 ta, ya’ni til b-n iqror, dil b-n tasdiq va amal b-n ijro etish, desalar, M.da imonning shartlari 2 ta, ya’ni til b-n iqror etish va dil b-n tasdiqlash, amallarning o‘rni esa boshqa, deb ta’rif qilinadi. M. har bir insonning taqdiri Alloh tomonidan belgalab qo‘yilganiga qaramay, u o‘z xatti-harakatlari uchun javobgardir, deb biladi. Inson imtihonlar uchun yaratilgan. Shu b-n bir vaqtda unga ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tish va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun keng imkoniyatlar berib qo‘yilgan. U o‘z xatti-harakatlarida ixtiyorlidir.