Chap tarafni Yazid bin Abu Sufyonga qoldirdi. Har ming kishilik qo‘shinga bittadan mas’ul qo‘mondon bor edi. Abu Sufyon qo‘shin orasida kezadi va jihodga tashviq etuvchi so‘zlar so‘zlaydi. Miqdod bin Asval esa Anfol surasidagi oyatlarni aytib, saflar orasida harakat qiladi.
Qo‘shinning eng oldida Sayfulloh Xolid bin Valid borardi. Otining ustida tik turardi. Ko‘zi qarshisidagi qo‘shinlar ko‘ngli Allohda edi. Zafar berishi uchun yolvorar, musulmonlarning oyoq ostida qolmasligini tilardi. U aslo o‘limdan qo‘rqayotgani yo‘q edi. Bir kun albatta o‘lishini bilgan (o‘lim haq ekanligini bilgan) bir kishi sifatida uning tilagi dushman bilan Alloh rizosi uchun kurashayotgan paytda o‘lish, ya’ni shahid bo‘lish edi. Bugunga qadar hech bir jangda ko‘ngliga qo‘rquv oralamagan edi. Barcha janglarda safning eng oldidan joy olar, hayotdan ko‘ra o‘limni ko‘proq sevuvchi kishining hujumi kabi dushmanga tashlanardi. Birgina xavotiri, musulmonlarning o‘zlaridan olti baravar ko‘p qo‘shinga dosh berolmay xarob bo‘lishi edi.
Ilgari nasroniylarni jangga tashviq etish maqsadida Injildan oyatlar o‘qigan ruhoniylarning ovozlari eshitilmoqda edi. Ular ham saflar orasida kezib, hayajonga soluvchi gaplar gapirib, musulmonlarning ta’zirini berishning zarurati va ahamiyatini anglatishga harakat qilishardi.
Xolid bin Valid oldingi safga keldi va:
— Ey, Abu Ubayda, bir taklifim bor, — dedi.
— So‘zla, ey, Xolid, tinglayman va itoat kilaman.
— Bu dushman qo‘shini kuchli hujum qiladi. Men esa o‘ng va chap guruhlardan xavotirdaman. Suvoriylarni guruhga ajratib, har bir guruhni o‘ng va chap qanotning orqa qismiga joylashtirish kerak, deb o‘ylayman. Agar dushman oldindagilarni chekinishga majbur qilsa, orqa tarafdan yordam bersinlar.
— Xuddi shunday qil, ey, Xolid.
Xolid bin Valid ikki suvoriy guruhidan birini Qays bin Xubayraning amriga berdi. Ikkinchisini esa buyuk sahobaga qarab:
— Ey, Abu Ubayda, sen qo‘shinlarning ortida turasan. Agar ular tarqab ketmoqchi bo‘lib ortga chekinsalar, seni ko‘radilar va uyaladilar, — dedi.
Hazrat Abu Ubayda bu buyruqni olgandan so‘ng yonidagi Said bin Ubaydga:
— Bu yerdagi vazifamni senga topshiraman, ey, Said, — dedi.