Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167541 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:25:11

SHOH VA GADO

Nogoh paydo bo‘ldi davrada gado,
Davra ahli esa shohlar edilar.
Ular taajjubda qolib shu asno,
Gadoga boqishib: - Kimsan? - dedilar.

Bir kun paydo bo‘ldi davrada podshoh,
Davra ahli esa gadolar edi.
Ular ham taajjub ichra banogoh: .
Podshoga boqishib: - Sen kimsan? - dedi.

G’aybdan sado keldi: - Tingla ey, banda,
Harchangga yaratgum yagona makon.
Bir-biring kamsitib qilma sharmanda,
Siylangan joyida azizdir inson.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:25:21

PAHLAVON

Bir suhbat chog‘ida Hazrat payg‘ambar
O’rtaga tashladi savol nogahon.
Aytdilar: - Zarurat tug‘ilsa magar
Kimni atardingiz asl pahlavon?

Sahobalar dedi: - Har kim doimo
Chekiga tushganni kelgandir olib.
Kurash maydoniga chiqqanda ammo,
Pahlavon sanalgay kim bo‘lsa g‘olib.

Rasululloh dedi: - Ko‘hnadir jahon,
Turfa xil kuch-qudrat bordir odamda.
Lekin o‘z jahlini yengolgan inson
Haqiqiy pahlavon erur olamda.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:25:30

EZGULIK

Bandani xillamoq nokasning ishi,
Atoyi Haq erur tus bilan zabon.
Insonni tanitgay faqat qilmishi,
Nasoron bo‘lsin u va yo musulmon.

Bir burda non so‘rab yig‘lasa go‘dak,
Diydangga kelmasa agar qatra yosh.
Masjidu cherkoving endi ne kerak,
Yaxshisi, yo‘qlikka olib ketgil bosh.

Axir Rasululloh demish-ku ul dam:
Hamisha saxovat yo‘lidan yurgil.
Mayizday qop-qora boshli habash ham
Yaxshi ish qilganda yonida turgil!

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:25:39

HASAD

Dunyoga kelganda Inson mukarram,
Qavmlar shodlikdan chuvvos soldilar.
Baxtiyor go‘dakka aylashib karam,
Albatta momiqqa o‘rab oldilar.

Oylar, yillar o‘tdi, o‘tdi ko‘p sana,
Go‘dak ham mo‘ysafid yoshiga yetdi.
Kuni bitganida ul banda yana
Bir parcha momiqqa o‘ralib ketdi.

Hasadgo‘y kimsalar - Iblisga hamkor
Momiqqa cho‘zdilar faqat qo‘llarin,
Egasin kafanga ayladilar zor,
Do‘zaxga burmoqchi bo‘ldi yo‘llarin.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:25:47

SHAMOL

Shamollar, shamollar, daydi shamollar,
Qaydan esganingiz bilolmay dog‘man.
Siz bilan chulg‘anur ne-ne xayollar,
Sizning qarshingizda sham yo charog‘man.

Arab sahrosidan esgan, ey samum,
Hovurding kimlarning tuyg‘ularini.
Shahidlar uchun goh bo‘lding tayammum,
Qumlarga dafn etding orzularini.

Shamol esganida hazrat Payg‘ambar
Mudom to‘lg‘anardi dilgir, betoqat.
Der edi: - Har qanday shamol muqarrar,
Yo hayot keltirgay yoki falokat.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:25:58

MAVHUM ZOT

Yurtga podshoh bo‘ldi bir kun musulmon
Bir osiy o‘sha kun musulmon bo‘ldi.
Yurtga podshoh bo‘ldi bir kun nasoron
Ul banda o‘sha kun nasoron bo‘ldi.

Toju taxt dunyoda aylanar payvast,
Shohlar goh darvishu xudparast bo‘ldi
Podshoh bo‘lganida yurtda butparast
Ul banda o‘sha chog‘ butparast bo‘ldi.

Shundoq yashadi u foniy hayotni,
U nayrang ko‘rgazdi hatto Xoliqqa.
Oxirat kunida, mavhum bul zotni
O’tqazib qo‘ydilar uchta qoziqqa.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:26:07

SEN KABI

Onangni otangga xatlab berganda,
Guvoh bo‘lmaganman ishongil, axir.
Boqursan, yuzingda quv zaharxanda,
Dunyoni go‘yoki men etdim taxir.

Bosgan qadamimdan chaqnamas olov,
Da’vo qilmasman hech abadiyatga.
Va qo‘rg‘on qurdimu na tutdim yalov,
Doim yo‘ldosh bo‘ldim oddiy niyatga.

Boshni ko‘p qotirma sen kimsan debon,
Kimning xesh, kimningdir andasidirman.
O’tkinchi dunyoda men ham bir mehmon,
Xudoning sen kabi bandasidirman.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:26:16

LAYLI VA MAJNUN

Har kimga hamrohdir hamisha qismat,
Kimdir boshin egar, kim ko‘ksin kerg
Rasululloh demish: - Allohdan faqat
Kim nima so‘rasa, o‘shani bergay.

Oyoq-qo‘lin bog‘lab Laylini bir kun
Olib kelishdilar Ka’baga tomon.
Layli xitob qildi: - Tavba ne uchun,
Majnunim bo‘lmasa tiyradir jahon.

Ibodat Majnunning navbati edi,
U ham oshkor etdi ko‘ngil maylini.
Ka’baga bosh urib turarkan, dedi:
Men sendan so‘rayman faqat Laylini

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:26:25

MUHABBAT

Har mo‘min dilida bir orzu faqat,
Har damda o‘yida Mahsharning kuni.
Alloh gunohlarin qilib mag‘firat,
Zora noil etsa jannatga uni.

Tunlari meni ham chulg‘aydi xayol,
O’zing yorlaqagin meni ham, yo Rabb.
Sening vasling garchi eng oliy visol,
Rahm etgil va lekin holimga qarab.

Mening ham tilagim ol inobatga,
Qovushtir orzular olami bilan.
Rasululloh demish: Kishi jannatga
Kirgaydir sevikli odami bilan.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:26:39

AZROIL

Badaviy shaklida kelib Azroil
Muhammadga dedi:. Joningni olgum.
Va lekin hurmatga ekansan noil,
Tila tilagingni, do‘st bo‘lib qolgum.

Muhammad to‘lg‘ondi o‘ngga-yu so‘lga,
Dedi:. Ishing ekan - ola qol jonni.
Roziman, iltifot aylab Rasulga,
Baxsh etib turibsan so‘nggi imkonni.

Yolg‘iz o‘tinchimni qaytarma minba’d,
Mayli, so‘ng tepamda ko‘ksingni kergil.
Ummatim jonini oson ol faqat,
Uning azobin ham o‘zimga bergil.

Qayd etilgan