— Ha, mayli, aytsam aytay, zora dardim yengillashsa. «Arpa-bug‘doy osh bo‘ldi, oltin-kumush tosh bo‘ldi», deydigan zamonlar edi. Topar-tutarim, maishatim yaxshi edi. Lekin o‘shanda «halol topyapmanmi?» degan savol xayolimga kelmas edi. Ne’matjon maktabda a’lo o‘qir edi. Maktabdan keyin hujraga qatnab, A’loxon to‘ramdan dars olar ekan, men buni bilmas ekanman. Men maishatda yurganimda o‘g‘lim oxirat saroyiga g‘isht qo‘yar ekan. Men uni Toshkentga olib borib, moliya institutiga bermoqchi bo‘ldim. Odam topib, haqini berdim. Shunday qilmasam ham bo‘lardi, o‘z aqli bilan kira olardi. Ne’matjon masalalarini birpasda yechib qo‘yibdi. Darrov topshirmay, bir oz o‘tirganda domla tushmagur «ishlay olmayapti» deb o‘ylab, yechilgan tayyor masalani berib, «ko‘chirib oling», debdi. O‘g‘lim oraga pul aralashganini bilib, masalani xato ishlab tashlab chiqibdi. Domla hayron, men hayron. Men pulga kuyishni istamayman, domla puldan quruq qolishni xohlamaydi. San-manga borib turganimizda Ne’matjon «Dada, bu pulni qaytarib olmang, u harom pul» dedi! Og‘zim lang ochilib qoldi, deng. O‘g‘limning qanday odam bo‘lganini o‘shanda bilibman. Uyga borgach, ota-bola orasida anchagina gap qochdi. Oxiri o‘g‘lim farzandlik odobi chegarasida chidab turolmadi. U yerga qarab turib, «Dada, siz bizga harom yediryapsiz, bu ishdan keting!» dedi. Bu gapni men hozir xotirjam aytyapman. O‘shandagi holimni tasavvur qilib ko‘ring: ko‘zimga qon to‘ldi. Es-hushimni yo‘qotdim. «Ko‘zimdan yo‘qol!» deb baqirdim. Bitta ko‘ylak-shimda chiqib ketdi bolam, boyaqish. — Ota shu yerga kelganda bosib kelayotgan yig‘ini qaytarish uchun yutindi. — O‘shanda men bir narsani bilmasdim. O‘g‘lim Ollohga, men esam shaytonga imon keltirgan ekanman. — U yana tin oldi. So‘ng armon ummonida suzib, gapini davom ettirdi. Zohid uning so‘zlarini bo‘lmay, jimgina tingladi. — Luqmoni Hakimdan so‘ragan ekanlar: «Odam zotiga qaysi illatlar ziyon keltiradi?» Luqmoni Hakim javob beribdilar: «Odam zotiga yarashmaydigan illatlarning eng birinchisi — manmanlikdir, uning oqibati — zavol bilan tugaydi. Ikkinchisi — nodonlik. Bunday kishilarni hech kim odam qatoriga qo‘shmaydi. Uchinchisi — ta’magirlik. Bu illat inson zotini xoru zorlikka olib boradi». Menda shu uch illatning baridan bor. Bilasizmi, janoza kuni ko‘chaga emas, mahallaga odam sig‘may ketdi. Bo‘lmasa o‘shanda odamlar janozadan qochadigan vaqtlar edi. Turnaqator odamlarga qarab men uyaldim. Bitta ko‘ylak-shimda chiqib ketgan o‘g‘lim odamlar orasida shu darajadagi e’tiborga erishgan ekan.