11. JAZO, RIJO VA HIDOYAT
Biz ichkaridagilardan ilgariroq chiqib, darvoza tagida qo‘l qovushtirib turar edik. Bunday yig‘inlarning ham o‘z odobiyu hikmati bor ekan. Qolaversa, o‘zbek shu mulozimati, uzoq-yaqindan kelganlar bilan ko‘rishib-omonlashishi, ikki og‘iz hol-ahvol so‘rashib, bir-biriga samimiyatini izhor etishi bilan ham o‘zbek ekan. Xuddi shunaqa paytda jiyanlar tog‘alarini tavof etib, sihat-salomatliklarini so‘raydilar. Amakivachchalar, xolavachchalar yuz ko‘rishadilar, yaqinlarini surishtiradilar. Kichiklar o‘z hurmatlarini izhor etsalar, qariyalar duo qilishadi. Shu on, shu daqiqada butun tiriklik, dunyoning ziynati shundan iboratdek ko‘rinib ketadi odamga. Yaxshiyam o‘zbekning to‘y-xashami, aqiqayu ehsoni bor. Dunyo tashvishlaridan ortmay yurganlar, manavi zilzila munosabati bilan uzoq-yaqinga joy qilib ko‘chib ketganlar, shu bahona yig‘iladilar, diydor ko‘rishadilar, hol-ahvol so‘rashadilar. Kelolmagan qariyalarning omonat salomlari, duoyu tilaklarini yetkazadilar. Chindan shu xalqqa mansubligingdan, oqibatni, qarindosh-urug‘dan xabar olishni unutib qo‘ymaganingdan (albatta, silai rahm qilib turganga, vaqtida kelib, qariyalarning duosini olganga nima yetsin!) ichingda bir g‘urur tu-yib ketasan. Olloh seni shu toifadan etganiga (anuv ota-onasini tashlab, begona yurtlarga tentirab ketavuradiganlar toifasidan qilmaganiga!) shukronalar aytasan.
Hammasi shunaqa paytda — tanish-bilishlar uchrashib, ko‘z ko‘zga tushib, mehr jilva qilganda bilinarkan. Biz hozir ana shu holatda ichkaridan chiqayotganlarga intiqib turardik. Akam ham, men ham.
Bizga bu yig‘in-mashvaratni ilingan Nusrat pochchaning o‘zlari hali ko‘rinmasdilar. Aftidan, u kishi ayvondagi domla-imomlar bilan so‘rashib, bir-birlarini ziyorat qilishayotir, ungacha bu yoqdagilar tizilishib, ichkaridan chiqadigan azizlarni kutib turishar, hech kim jilishni o‘ylamas edi. Boyagi amri-ma’rufning ta’rifini tildan qo‘ymay, o‘sha suhandon kishi — Hoziq to‘ramni ishtiyoqmandlik ila kutishmoqda edi.
Men Olim akamga zimdan nazar tashlab-tashlab qo‘ymoqdaman. Uni hali Isroil taksachidan bo‘lak birov tanib ulgurganicha yo‘q. (Axir u shaharga milisa o‘qishiga kirib, uni bitirar-bitirmas dab bo‘lib ketganicha, hamma har qayoqqa ko‘chib, qancha suvlar oqib o‘tib ketdi!) Tanib qolishsa — birpasda shovur-shuvur qo‘pib, kim Eshon buvaning hurmatlari, kim Sultonmurod akamni izzati haqqi kelib ko‘risha ketar edi-ku. Faqat tanimay turishibdi. O‘zi esa, har bitta tanish chehraga — yakkabog‘ligu kattabog‘likka yutoqib-intiqib, bir olam xotirotlarga berilib tikiladi-yu, faqat borib so‘rashishga, o‘zini tanitishga iymanib turibdi. Yonidagi chapanisifat, yapasqi yuz Isroil aka esa og‘zida nosi, g‘o‘ldiragancha unga allakimlarni tanishtirib, allanimalarni esiga solmoqqa tushgan edi. Akam uni anglayvermagach, axiyri nosini tashlab, qulog‘iga yopishib bordi-da, tushuntirmoqqa boshladi.