1174/16. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kechasi Rasululloh (s.a.v.) bilan birga namoz o‘qidim. U zot Baqara surasini boshladilar. Yuz oyatda ruku’ qilsalar kerak, deb o‘yladim. Ammo namozda davom etdilar. Hammasini o‘qib bo‘lib, ruku’ qilsalar kerak, deb o‘yladim. Ammo namozda davom etdilar. So‘ng Oli Imron surasini boshladilar. Keyin Niso surasini shu taxlit o‘qidilar. Ohista va shoshilmay qiroat qildilar. Biror oyatni o‘qiyotganlarida tasbeh kelsa, tasbeh aytdilar, so‘raladigan narsa kelsa, so‘radilar, panoh tilaydigan oyat kelsa, panoh tiladilar. Keyin ruku’ qilib, unda: «Subhana robbiyal ‘aziym», dedilar. Ruku’lari qiyomlariga yaqin bo‘ldi. Keyin: «Samiallohu liman hamidah, robbana lakal hamd», dedilar. Unda ham uzun turdilar. Bu ham ruku’lariga yaqin bo‘ldi.
Keyin sajda qildilar. Unda: «Subhana robbiyal a’lo», dedilar. Sajdalari ham qiyomlariga yaqin bo‘ldi. Imom Muslim rivoyatlari.
1175/17. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) «Namozlardan qaysi biri afzal?» deyilganida, u zot: «Qiyom (tik turish)ni uzun bo‘lganidir», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.