47-bob. Olloh taoloning «... Tavrotni keltiringlar va uni tilovat qilinglar, degil...» degan qavli hamda Janob Rasulullohning «Ahli tavrotg‘a Tavrot berilib, ular unga amal qildilar, so‘ng ahli injilga Injil berilib, ular unga amal qildilar, keyin sizlarga Qur’on berilib, sizlar unga amal qildingizlar» deb aytganlari haqida
Abu Rashin bunday deydilar: «Olloh taoloning «Uni tilovat qiladilar» degani — «Unga ergashadilar va talab darajasida amal qiladilar» deganidir. «Tilovat qiladi degani — «Qiroat qiladi», «Husni tilovat» degani — Qur’onni chiroyli qilib qiroat qilmoq» deganidir. «Ushlamaydi» degani ersa, «Qur’onga iymon keltirganlardan o‘zgalar undan zavq ham, naf’ ham topolmaydi, bunga chin iymonli kishigina erisha oladi» deganidir. Chunkim, Olloh taolo: «O’zlariga tavrot yuklangach, ko‘tara olmagan odamlar — ustiga bir qancha kitoblar ortib olgan eshakka o‘xshaydirlar, Ollohning oyatlarini yolg‘on degan qavmning holi voy bo‘lgay va Olloh zolim qavmni hidoyat qilmagay», — deydir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam islom birlan iymonni «amal» deb atadilar.
Abu Hurayra bunday dedilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Hazrat Bilolga: «Islomda qilgan eng umidbaxsh amaling qaysidur?» — dedilar. Hazrat Bilol: «Islomda qilgan eng umidbaxsh amalim shuldurkim, men tahorat oldimmi, albatta ikki rak’at namoz o‘qigaymen», — dedilar. Keyin, Janob Rasulullohdan qaysi bir amal afzal erkanligi haqida so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Olloh taolo birlan uning rasuliga iymon keltirmoq, so‘ng jihod qilmoq, keyin halol haj qilmoqdur» — dedilar».
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Agar o‘zingizdan ilgari o‘tgan ummatlarning (Olloh taologa ibodat qilgan) davrini, go‘yokim sahardan to yarmigacha davom etgan deb hisoblaydirgan bo‘lsak ul holda sizlarning (musulmonlarning Olloh taologa ibodat qilgan) davringiz asrdan shomgacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelgaydur. Ma’lumki, Olloh taolo tavrot ahliga tavrotni ato etdi. Ular (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra) sahardan to kun yarmigacha tavrotga amal qilib, Olloh taologa ibodat qildilar va buning uchun qiyrot-qiyrot ajru savob oldilar, so‘ng bunday ibodatga chidamay qoldilar. Keyin, Olloh taolo injil ahliga injilni ato etib erdi, ular (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra) kun yarmidan asrgacha injilga amal qilib, Olloh taologa ibodat qildilar va buning uchun qiyrot-qiyrot ajru savob oldilar, so‘ng ular ham bunday ibodatga chidamay qoldilar. Mana endi Olloh taolo sizlarga Qur’oni Kariymni ato etdi. Sizlarning (Qiyomatga qadar) unga amal qilib Olloh taologa ibodat qilajak davringiz (yuqoridagi qiyosimizga ko‘ra), go‘yokim asrdan shomgacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelib, buning uchun oxiratda ikki barobar ko‘p qiyrot-qiyrot ajru savob olgaysizlar. Shunda tavrot ahli: «Yo parvardigoro, nechun anavilar (musulmonlar) bizga nisbatan ham toat-ibodat qilib, ko‘p ajru savob oldilar?» — degaylar. Olloh taolo ularga: «Sizlarga ajru savob berishda zarracha zulm qildimmi?» — degay. Ular: «Yo‘q, aslo!» — deb javob qilgaylar. Olloh taolo: «Mening fazlu marhamatim ana shunday, uni istagan bandamga ato etgayman!» — degay».